Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Targ‘ibot poyezdi” Sirdaryoda
15:47 / 2025-12-03

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan Sirdaryoda “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi doirasida keng qamrovli ma’rifiy tadbirlar amalga oshirildi. Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari hamda Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi xodimlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu tashabbus viloyatdagi tashkilotlar, harbiy qismlar va ta’lim muassasalarida huquqiy madaniyatni oshirishga bag‘ishlangan ochiq muloqotlarni o‘z ichiga oldi.

Loyihaning Sirdaryodagi dastlabki manzili — Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi bo‘ldi. Uchrashuvda xizmatchilarning huquqiy bilimlarini yanada boyitish, qonun hujjatlaridan to‘g‘ri foydalanish hamda huquqiy muammolarga hayotiy yondashuv orqali yechim topish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar huquqiy madaniyatning jamiyat rivojidagi o‘rni, Konstitutsiyadagi insonparvarlik tamoyillarining kundalik hayotdagi amaliy ahamiyati haqida so‘zlab berishdi.

Volontyor-yuristlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga berilgan o‘rin, davlat va fuqaro o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlovchi normalar, erkinlik va qonuniylik kafolatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Muloqot davomida xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan yuridik masalalar bo‘yicha savollar bilan murojaat qilib, huquqiy maslahatlar olishdi.  

–  Bilasizmi, Konstitutsiya — jamiyatning huquqiy poydevori. Uni chuqur anglash fuqarolarning faol hayotiy pozitsiyasini shakllantiradi, –  deydi Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Xurshidabonu Haydarova. –   Biz har bir uchrashuvda yoshlarda mas’uliyat, qonunga bo‘lgan hurmat va fuqarolik faolligini kuchaytirishni maqsad qilamiz. Sirdaryodagi tadbirlar shuning yaqqol isboti bo‘ldi — yoshlar juda faol, qiziqish va savollari yetarlicha dolzarb edi.

“Targ‘ibot poyezdi”ning navbatdagi manzili — Guliston shahridagi 18-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda o‘quvchilar bilan o‘tkazilgan interfaol ma’rifiy dastur nafaqat bilim, balki motivatsiya ham ulashdi. Konstitutsiyaga oid testlar, viktorinalar va amaliy misollar asosida tashkil etilgan savol-javoblar o‘quvchilarning huquqiy fikrlashini faollashtirdi.

–  Huquqiy madaniyati shakllangan avlod — barqaror jamiyatning asosi. Maktab o‘quvchilari o‘z qarashlari va faol ishtiroki bilan bizda katta taassurot qoldirdi, –  deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’uli Dilnoza Umrzoqova. –  Ular huquqiy bilimni nafaqat eshitish, balki hayotda qo‘llashga ham tayyor ekanini ko‘rsatishdi.

Uchrashuv yakunida eng faol o‘quvchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri