Targʻibot tadbirlari yoʻllarda xavfsizlikni taʼminlamoqda
Viloyat hududida juma targʻibot kuni tadbiri doirasida piyodalar, velosiped haydovchilari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan har hafta juma kuni yoʻl harakati xavfsizligi targʻiboti kuni etib belgilangan. Karantin talablari yumshatilishi bilan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan mazkur yoʻnalishdagi ishlar yana kuchaytirildi.
Viloyat YHXB axborot xizmati xabar berishicha, bu galgi targʻibot tadbirlari sodir etilgan qoidabuzarliklarni mahallalarda, fuqarolar oʻrtasida muhokama qilishga qaratildi. Ayniqsa, transport vositasini spirtli ichimlikdan mast boʻlgan holda boshqarish, transport boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslarning avtomobil boshqarishi kabi qoidabuzarliklar muhokamasi alohida eʼtiborda boʻldi. Sababi, sentyabr oyining oʻtgan 10 kunligida viloyat hududida 184 mast hamda 298 tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqargan haydovchilar aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar koʻrildi.
Juma kuni oʻtkazilgan targʻibot tadbirlarida mast holda transport boshqargan 42 va tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqargan 56 haydovchi oʻz turar joyida, oila aʼzolari hamda mahalladoshlari ishtirokida muhokama qilindi. Ular sodir etgan qoidabuzarliklarning salbiy oqibatlari aniq misollar yordamida tushuntirildi. Shuningdek, tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshqarish oqibatida kelib chiqadigan noxushliklarga izohlar berildi.
Bulardan tashqari, fuqarolar koʻp toʻplanadigan joylar, xususan, avtoshohbekatlar va bozorlar atrofida ham targʻibot ishlari olib borildi. Viloyat hududida juma targʻibot kuni tadbiri doirasida piyodalar, velosiped haydovchilari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Bu suhbatlarda har bir ishtirokchiga tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad va ular amal qilishi shart boʻlgan talablar tushuntirildi.