French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarbiyachilar bellashdi
19:25 / 2021-10-27

Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, ta’lim-tarbiya sifatini yanada yaxshilash va bu borada samaradorlikka erishish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglarning kasbiy mahorati, ijodiy qobiliyati, izlanuvchanligi, yaratuvchanligini yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 maydagi “2030-yilgacha maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori dasturialamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Tarbiyachilarning ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish, kasbiy faoliyatida sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyachilari o‘rtasida “Noyob ko‘rgazmali va tarqatma materiallar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Bellashuv ishtirokchilari to‘rt yo‘nalish — “Noyob ko‘rgazmali va tarqatma materiallar”, “Didaktik va tarqatma materiallar”, “Rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar”, “Axborot va innovatsion texnologiyalar asosida yaratilgan elektron resurslar” yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.

Tadbir jarayonida hakamlar pedagoglar qo‘l mehnati bilan tayyorlanib, taqdim etilgan ko‘rgazma, didaktik va tarqatma materiallar hamda rivojlantiruvchi o‘yinchoqlarning innovatsion pedagogik faoliyatni tashkil etishga qaratilganligi, maktabgacha ta’limning zamonaviy usullari va shakllarining aks ettirilishiga e’tibor qaratdi.

– Ushbu ko‘rik-tanlov viloyatimizda uchinchi marta o‘tkazilmoqda, — deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Gulbahor Parpiyeva. 

— bugungi bellashuv ishtirokchilarning ijodkorligini, izlanuvchanligini aniqlash va ularning mahoratini namuna tariqasida targ‘ibot qilish maqsadida tashkil etildi. Tarbiyachilarning qo‘l mehnati mahsulotlarining namoyish qilinishi boshqa MTTlarning rahbarlari, metodistlari, tarbiyachilari va psixologlari uchun tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, “Noyob ko‘rgazmali va tarqatma materiallar” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni Guliston shahar 9-sonli davlat MTT metodisti B.Ko‘chmuradova egalladi. “Didaktik va tarqatma materiallar” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin Sirdaryo tumani 2-sonli davlat MTT tarbiyachisi D.Murhonovaga nasib etdi.

“Rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa Xovos tumani 6-sonli davlat MTT tarbiyachisi N.Mirzaqulova munosib deb topildi.

“Axborot va innovatsion texnologiyalar asosida yaratilgan elektron resurslar” yo‘nalishi bo‘yicha Yangiyer shahar 11-sonli davlat MTT tarbiyachisi E.Usmonova 1-o‘rinni zabt etdi. G‘oliblarning barchasi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining maxsus diplomlari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA