Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarbiya yo‘nalishiga mas’ul rahbar va pedagoglar uchun o‘quv seminar
16:50 / 2025-08-26

Toshkent shahrida 2025/2026 o‘quv yili boshlanishidan avval maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining tarbiya yo‘nalishlariga mas’ul rahbar va pedagoglari uchun o‘quv seminar tashkil etildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’lim sohasiga yuksak e’tibori natijasida jamiyatda o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘si va nufuzini oshirish borasidagi ishlar davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishiga aylanganini e’tirof etdi. 

Ushbu seminar maktabgacha va umumta’lim maktablarida tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, bog‘chadan to oliy ta’limgacha bo‘lgan yagona uzluksiz tarbiyaviy ishlar tizimini yaratish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba almashishdek maqsadni ko‘zlashi bilan ahamiyatli bo‘ldi. 

Ta’kidlash joizki, yangi o‘quv yilidan bog‘cha, maktab va oliy ta’lim tashkilotlarida tarbiyaviy ishlarni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etishga qaratilgan muhim hujjatlar va yangi metodikalar yaratildi.

Mazkur seminarga hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) bo‘limlaridagi rahbarlar va mas’ullar hamda 10 mingdan ortiq maktablar orasidan saralab olingan eng ilg‘or va namunali ma’naviyatchilar taklif etildi.

Ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarni rag‘batlantirish, ularning malakasini oshirish va attestatsiyadan o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy baholash tizimini joriy etish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda bir qator muhim o‘zgarish va yangiliklar amalga oshirildi.

Biz tarbiyalayotgan yoshlar yuksak bilimli, zamonaviy kasb egasi bo‘lishi mumkin, lekin qalbida vatanparvarlik, fidoyilik, Vatanga sadoqat tuyg‘usi bo‘lmasa, ko‘zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

Bundan tashqari o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, davomati, darslardagi ishtiroki, o‘quvchilar tomonidan jinoyat sodir etilish holatlari, ota-onalar bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kabi muhim vazifalari ham mavjud.

Ta’lim-tarbiya jarayoni bu barcha bo‘g‘inlarning o‘zaro hamkorligi, bog‘chadan oliy ta’limgacha bo‘lgan vertikal tizimning yagona, uzluksiz metodika asosida ish olib borishini taqozo etadi. 

Shu bilan birga, yangi o‘quv yilidan “bog‘cha – maktab – oliy ta’lim” tizimida yagona g‘oyaviy tarbiya tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 
Barcha ta’lim tashkilotlarida haftaning har dushanba kuni “Kelajak soati” darslari tashkil etilib, zarur qo‘llanma va ko‘rgazmali vositalar to‘plami, ssenariylar, matnli, audio, videokontent mahsulotlar ta’lim tashkilotlariga yetkaziladi. 

O‘tgan o‘quv yilida boshlangan an’anaga muvofiq bog‘cha va maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar namunaviy ish reja asosida o‘tkaziladi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri