Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarbiya, maʼnaviyat uchun barcha masʼul
15:35 / 2019-12-30

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev turli yangi tahdid va xavflar paydo boʻlayotgan bugungi kunda maʼnaviyat va maʼrifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga eʼtibor qaratish har qachongidan ham muhim ekanini doimo taʼkidlaydi.


Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev turli yangi tahdid va xavflar paydo boʻlayotgan bugungi kunda maʼnaviyat va maʼrifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga eʼtibor qaratish har qachongidan ham muhim ekanini doimo taʼkidlaydi.

Bu boradagi vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Respublika mahallalar kengashi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi tashkilotlarning mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish boʻyicha jamoat tashkilotlarining 2019-yil oktyabr-dekabr oylariga moʻljallangan Hamkorlik dasturi ishlab chiqilgan edi.

Yoshlar maʼnaviyatini toʻgʻri shakllantirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, mahallalardagi muhitni yanada sogʻlomlashtirishga munosib hissa qoʻshish, bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va muvofiqlashtirish mazkur hamkorlik dasturidan koʻzlangan asosiy maqsaddir.

Dastur doirasida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi huzurida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan “Ibratli oila – 2019” va “Koʻring, havas qiling, ibrat oling!” shiori ostida 273 dan ortiq videoroliklar tayyorlandi. Ayni paytda “Koʻring, havas qiling, ibrat oling!” shiori ostida uzoq yillar mobaynida ahillikda yashab kelayotgan namunali oilalar hamda yosh oilalar, turmush qurish arafasida turgan yigit-qizlar ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlar oʻtkazildi.

Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktablaridagi treninglarda 1188 namunali oila vakillari ishtirokida turmush qurish arafasida turgan 17 ming 814 yigit-qiz bilan muloqotlar oʻtkazildi.

142 FHDYO organi binosida, shuningdek, 92 Fuqarolik ishlari boʻyicha sud binosida “Oila burchaklari” tashkil etildi. Ularda Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi, nikoh va tugʻilishni qayd etish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar, yangi turmush qurish arafasida turgan yosh yigit-qizlarga moʻljallangan eslatmalar, tavsiyalar, targʻibot vositalari hamda boshqa qoʻllanma va adabiyotlar jamlandi.

“Oiladagi totuvlikka birgalikda erishamiz!” shiori ostida “Maslahat” aksiyasi doirasida “Oila” markazi, FHDYO organi xodimlari, psixologlar, Reabilitatsiya markazi mutasaddilaridan iborat maslahat guruhi aʼzolari tomonidan mahallalarda 2722 marotaba suhbatlar tashkil etildi, ularga 135647 muammoli oila vakillari (qaynonalar, kelinlar, kuyovlar, bolalar) jalb etildi.

“Oila va jamiyat farovonligi – taraqqiyot omili” mavzusida salbiy holatlar kuzatilgan mahallalarda jamoat tashkilotlarining hududiy, tuman va shahar boʻlimlari rahbar xodimlari tomonidan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Korxona, tashkilot, muassasalardagi rahbar ayollar ishtirokida “Ayol maʼnaviyati”, “Rahbar ayolning qiyofasi” mavzularida, shuningdek, taʼlim muassasalarida oʻquvchi-qizlar va ota-onalar oʻrtasida qizlar maʼnaviyati, odob-axloq meʼyorlari, maktab formasining afzalliklari toʻgʻrisida davra suhbatlari doimiy tashkil etildi. Mahallalarda “Milliy liboslar tarixi”, “Kiyinish madaniyati va odobi”, “Ayol psixologiyasi” mavzularida oʻtkaziladigan tadbirlar davomida liboslar inson, ayniqsa ayol-qizlar maʼnaviyati, odob-axloqining koʻzgusi ekani batafsil tushuntirildi.

Qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, kasbga oʻrgatish va bandligini taʼminlashga qaratilgan “Maʼrifatli qizning qadami qutlugʻ kelur” aksiyasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, muammoli oilalarda tarbiyalanayotgan qizlar uchun oʻquvlar tashkil etildi. Milliy anʼana va qadriyatlarimizning mazmun-mohiyatini yoshlarga atroflicha tushuntirishda “Mahalla – mening taqdirimda” koʻrik-tanlovining ahamiyati gʻoyat katta boʻldi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori mazmun-mohiyatini targʻib etish maqsadida mahallalarda doimiy tarzda tadbirlar oʻtkazilib, ularga aholi keng jalb etildi. Toʻy va marosimlarni ixcham, tartibli oʻtkazish boʻyicha xotin-qizlar oʻrtasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishda ortiqcha isrofgarchilikka berilish oila iqtisodiga va yosh oilaning mustahkamligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi hamyurtlarimiz, ayniqsa ayollarga batafsil tushuntirildi. Aholi bilan oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari natijasida 345 xonadon egasi tomonidan 2019-yilning noyabr-dekabr oylarida namunali toʻylar oʻtkazildi.

Hamkorlik dasturi doirasida yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik ruhida tarbiyalash yoʻnalishida ham muayyan ishlar olib borildi. Barcha umumtaʼlim maktablariga kasbiy va hayotiy tajribasi yuqori, obroʻli, ijtimoiy faol keksalar, shu jumladan, pensiyadagi harbiy xizmatchilar biriktirildi.

Nuroniylar va pensiyadagi harbiy xizmatchilar ishtirokida umumtaʼlim maktablarida hamda mahalla guzarlarida “Keksalar maʼrifati” mavzusida davra suhbatlari oʻtkazildi. Muntazam dars qoldirayotgan 2850 oʻquvchining ota-onalari va ota-onalar oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan manzilli ish olib borildi. 2443 namunali oʻquvchi va ularning ota-onalari ragʻbatlantirildi.

Aholi bilan ajdodlar ruhiga hurmat bajo keltirish, ular soʻnggi qoʻnim topgan muqaddas maskanlarni obod qilish har bir fuqaroning insoniy burchi ekanligiga oid doimiy tarzda oʻtkazilgan suhbatlar oʻtkazilib, uyma-uy yurish vaqtida tushuntirish ishlari olib borildi. Buning natijasida muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bunday hamkorlik jamoat tashkilotlarining yoshlar tarbiyasiga oid ezgu tashabbuslarni, saʼy-harakatlarini birlashtirish, amaliy ishlarning natijadorligini oshirish imkonini bergani bilan ahamiyatli boʻldi.