Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat,yo saodat — yo falokat masalasidir”
14:09 / 2019-09-04

taniqli ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniyning ushbu so‘zlari har bir maktab binosida shior sifatida yozib qo‘yilishi shart, dedi davlatimiz rahbari – RuKNNNNN


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’lim va tarbiyaning ahamiyati haqida so‘z bordi.

Maktab — bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi, deya ta’kidladi mamlakatimiz rahbari. Bu masalani davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak. Maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Prezidentimiz atoqli fransuz adibi Viktor Hyugoning: “Maktab ochgan odam bamisoli qamoqxonani yopgandek gap”, degan hikmatli iborasini misol keltirdi. Bu nima degani? Maktab, ta’lim, tarbiya bor joyda bolalar yomon yo‘lga kirmaydi, jinoyat sodir etmaydi. Demak, qamoqxonalarga zaruriyat qolmaydi.

Yurtimizda qamoqxonalar yopilayotgan va mahbuslar soni izchil kamayishiga erishilayotgan ayni pallada yangidan-yangi maktablar ochilmoqda, mavjudlari esa yangi davr talablari asosida tubdan ta’mirlanmoqda. Xususan, 11 yillik maktab ta’limi tizimi tiklangani, shuningdek, so‘nggi uch yilda 157 ta umumta’lim maktabi yangidan qurilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, ulug‘ allomalarimiz — Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari tashkil etildi. Bularning barchasi Vatanimizning baxtiyor farzandlari uchun ta’lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.

Keyingi uch yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Namanganda — Is’hoqxon Ibrat, Jizzaxda — Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, Qarshida — Abdulla Oripov, Marg‘ilonda — Erkin Vohidov, Nukusda — Ibroyim Yusupov, Andijonda — Muhammad Yusuf, Gulistonda — Halima Xudoyberdievaning ijod maktablariga asos solindi. O‘z navbatida, iqtidorli bolalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Keyingi vaqtda “Akademiklar uchrashuvi” doirasida taniqli akademik Qalandar Abdurahmonov bilan birga ushbu ijod maktablarining barchasida o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazdik. Har bir maktabga o‘zimiz muallifi bo‘lgan kitoblardan taqdim etdik.

Maktab jamoasi ishtirokida birimiz — iqtisodiyot, ikkinchimiz huquqshunoslik fani bilan bog‘liq jonli suhbatlar uyushtirdik. Bu suhbatlarning bolalar uchun qiziqarli va foydali ekanini ularning yoniq ko‘zlaridan, izma-iz berilgan ma’noli savollaridan bilib turdik. Har gal bundan behad quvondik.

Nima uchun O‘zbekistondan shu vaqtgacha Nobel mukofoti sovrindori chiqmagan?Bu borada natijaga erishish uchun nima qilish kerak?

O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning ijod maktabida bo‘lganimizda bu savollarga munosib javob topdik, nazarimizda. Qarshi shahridagi ushbu ta’lim dargohining nafaqat jonkuyar o‘qituvchilari, balki ilg‘or o‘quvchilari ham darsdan bo‘sh vaqtlarida sevimli shoirimizning sara she’rlarini o‘zbek tilidan bevosita ingliz tiliga tarjima qilish va nashr ettirish bilan shug‘ullanmoqdalar.

Ingliz tili — dunyo bo‘ylab keng tarqalgan va qamrovi, obro‘-e’tibori tobora ortib borayotgan til.

Shu ma’noda, Abdulla Oripovning ijod maktabidagi singari milliy adabiy asarlarni ingliz tiliga tarjima qilish ishlarini izchil davom ettirish va yanada kengaytirish lozim, deb o‘ylaymiz. Buning uchun, albatta, har tomonlama rag‘bat va ko‘mak taqozo etiladi.

Mazkur ijod maktablari faoliyatidan ozmi-ko‘pmi xabardorligimizga tayangan holda, davlatimiz rahbarining Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning samaradorligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida tuzilma tashkil etilishiga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shuningdek, maktablarda “vazir soati”, “tadbirkor va bankirlar sabog‘i” kabi dars amaliyotlarini joriy qilish hamda ularda ijro organlari rahbarlari, salohiyatli tadbirkorlar, malakali bank xodimlari dars o‘tishi bilan bog‘liq talab ham nihoyatda hayotiydir.

Bundan tashqari, davlat rahbarining diniy ulamolarimiz ham maktablarda ma’rifat, bag‘rikenglik, odob va axloq ilmlarini, Imom Buxoriy, Termiziy, Motrudiy, Naqshband kabi ulug‘ ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rgatishi maqsadga muvofiq, degan fikrlarini to‘la ma’qullaymiz.

Zero, ulug‘ alloma ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning: “Odamlar bilmagan narsalariga dushmanlik ko‘zi bilan qaraydilar”, degan so‘zlari bejiz emas. Mashhur nemis shoiri va mutafakkiri Gyotening “Qonunlarni qancha ko‘p va yaxshilab o‘qisak, ularni buzishga vaqtimiz qolmaydi”, degan fikri zamirida ham katta ma’no yashirin. Chunki bilimli, o‘qimishli odam madaniyatli bo‘ladi. Madaniyatli odam qonunlarni buzmaydi, demak, jamiyatda o‘z-o‘zidan jinoyatchilik kamayadi.

Bilimsiz kishilarning ko‘ngli xurofotga moyil bo‘lishi ham hayotda ko‘p bora o‘z isbotini topgan. Shu bois maktabning, ta’lim va tarbiyaning ahamiyati beqiyos. Bolalarimizga chuqur va sifatli bilim berish bilan bir qatorda qonunlar va odob-axloqni, dinu diyonat va ma’naviyatni maktablardan boshlab puxta o‘rgatish juda muhim.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, kuni kecha Prezidentimiz “Tarbiya” fanini yaratish va o‘qitish tashabbusi bilan chiqdi. Maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etib, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Biz bo‘lajak yangi fanning asosini, birinchidan, o‘zbek tilini bilish ustuvor vazifasi, ikkinchidan, xalq og‘zaki ijodini chuqur o‘rganish tashkil etishi lozim, degan fikrdamiz. Nega deganda, xalq og‘zaki ijodi milliy g‘oya va tarbiyaning ham asosidir.

Xalq og‘zaki ijodida vatanparvarlik, adolat, millatparvarlik, insonparvarlik, yurtsevarlik, el-yurtni himoya qilish, Vatanga sadoqat va muhabbat kabi xislatlarni o‘zida jamlagan milliy dunyoqarashning asosiy unsurlari o‘z mujassamini topgan.

Xalq og‘zaki ijodi — milliy g‘urur, or-nomus va qadr-qimmat, vafo va sadoqat, jasorat va matonat, olijanoblik va saxovatpeshalik, bag‘rikenglik va halollik kabi fazilatlar sandig‘i. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi yodgorliklari — bizning ham tarixiy, ham ma’naviy, ham madaniy, ham huquqiy merosimizdir.

O‘z navbatida, “Huquqiy tarbiya” mavzusi “Tarbiya” fanining uzviy qismi bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu fikrga kelishimizning muayyan sabablari bor.

Gap shundaki, o‘tgan yili “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasida belgilangan deputatlik so‘rovi asosida tegishli (8 ta) vazirliklar tizimidagi ta’lim muassasalarida “Konstitutsiya alifbosi”, “Konstitutsiya saboqlari”, “Konstitutsiyaviy huquq”, “Inson huquqlari”, “Davlat va huquq asoslari” kabi o‘quv predmetlari bo‘yicha bilim berilishining mavjud holatini o‘rgangan edik.

Bu boradagi tahlillar aynan Xalq ta’limi vazirligi tizimida eng jiddiy muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, maktab o‘quvchilari yoshi nuqtai nazaridan, qonunchilik talabiga binoan “bola” deb hisoblangani holda, Xalq ta’limi vazirligi tizimida “Inson huquqlari — bola huquqi” predmetidan mutlaqo dars o‘tilmayapti. Huquqqa doir fanlarni o‘qitishda bir maktabda ushbu fandan bir stavka hajmda ham pedagogik yuklama yig‘ilmaydi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish, 2030 yilga qadar Global innovatsiya indeksida ilg‘or 50 mamlakat qatoridan joy egallash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida esa xuddi shu davrga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekiston ta’lim-tarbiya, ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lishi shart.

Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar,
nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning
o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi,
O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi

Manba: "Milliy tiklanish" gazetasi