Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarbiya beruvchining o‘zi tarbiyali bo‘lishi kerak
10:33 / 2023-01-03

Maktabda o‘qib yurgan kezlarimdan boshlab, o‘qituvchilarimga juda havas qilardim. Ana shu havas orzuga aylandi hamda shu kasbni tanlash maqsadida oliy ta’lim yurtida o‘qidim. Shukrki, o‘qituvchilikdek sharafli kasbni egalladim, bugungi kunda minglab shogirdlarim borligidan bir umr minnatdorman.

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023 yilni mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishi biz o‘qituvchi va murabbiylarga, ta’lim va tarbiya sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari 29 dekabr kuni Xalqaro kongress markazida “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!” mavzusidagi zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi bilan tanishib, bir guruh maktab o‘qituvchilari bilan muloqot qilgani ham barchamizni quvontirdi. Unda ta’lim-tarbiya sohasidagi muammolar ochiq o‘rtaga tashlandi, kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.

Albatta, ilm va ma’rifat bilan jamiyat taraqqiy etadi. Sharqda azaldan bunga ustuvorlik berilgani bejiz emas.  “Fozil odamlar shahri”, “Baxt saodatga erishuv haqida”, “Axloq xaqida risola”, “Ishq risolasi”, “Qutadg‘u bilig”, “Axloqi Nasriy”, “Axloqi Jamoliy”, “Axloqi Muhsiniy”, “Hibatul-haqoyiq”, “Qobusnoma”, “Guliston”, “Bo‘ston”, “Mahbub ul-qulub” kabi Forobiy, Beruniy, ibn Sino, Yusuf xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Tusiy, Davoniy, Koshifiy, Kaykovus, Sa’diy, Jomiy, Alisher Navoiylarning ta’limiy-axloqiy asarlari inson shaxsining ma’naviy-axloqiy shakllanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois buyuk allomalarimizning boy merosini o‘rganish, unga amal  qilish shartdir. Zero, ta’lim-tarbiya masalasi hamisha dolzarb vazifa bo‘lib kelgan. Yangi O‘zbekistonning tamal toshida ham uning o‘rni katta. Abu Nasr Forobiy tarbiya jarayonining muvaffaqiyatli kechishi uchun tarbiya beruvchining o‘zi tarbiyali bo‘lmog‘i shart, deya bejiz ta’kidlamagan. Shuning uchun biz o‘qituvchilar doimo izlanishda bo‘lishimiz, ilm olishdan to‘xtamasligimiz, xulqimiz, odobimiz bilan ibrat ko‘rsata olishimiz lozim.

To‘g‘ri, o‘qituvchining qadrlansizlangan davri ham bo‘ldi. Endi ularning barchasi ortda qoldi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘qituvchiga hurmatsizlik – bu xalqimizga, jamiyatimizga hurmatsizlikdir.

Farg‘ona davlat universiteti yurtimizdagi salohiyatli, yetuk va malakali mutaxassislarni tayyorlab berayotgan oliy ta’lim muassasalaridan biridir. So‘nggi yillarda ta’lim jarayonida sifatga alohida e’tibor qaratilmoqda, yangicha yondashuvlar o‘qituvchi va talabaning dunyoqarashini o‘zgartirdi. Professor-o‘qituvchilarimiz talabalarga saboq berishda innovatsion texnologiyalarga tayanmoqda.  “Ustoz-shogird” an’analari esa mahoratli pedagoglarni yetishtirib berayotgani bilan muhim o‘rin tutmoqda. Farg‘ona filologiya maktabining yangi bosqichda davom etayotgani, keng ko‘lamli tadqiqot ishlarining bajarilayotgani ona tilimiz nufuzini yuksalishiga, olimlar safini kengayishiga xizmat qilmoqda.  

Ishda, o‘qishda, oilada, umuman, barcha jabhada ayollar mehnatini qadrlash, ularning ilm olishlari, jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga sharoit yaratish muhim vazifadir. Bu boradagi xayrli ishlar “Farg‘ona tajribasi” sifatida amalga oshirilayotgani, quvonarli, albatta. Universitetimizda Respublika Gender tenglik masalalari bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Gender tenglik masalalari bo‘yicha tadqiqot markazi” va “Bolajon” innovatsion markazi mintaqada yagona bo‘lgan maskanlar hisoblanadi. Innovatsion markazda bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hovlida yozgi ayvon, bolalar o‘rindiqlari, ertak qahramonlari haykalchalari, ko‘ngilochar mashg‘ulotlar uchun kichik attraksionlar joylashtirilgan. Kamalak rangli panjaralar, turli ko‘rgazmali lavhalar bolalarga shodon kayfiyat ulashadi. 3-4 va 5-6 yoshli bolalar ta’lim-tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lish, zamonaviy va shinam xonalar maktabgacha ta’limning eng ustuvor yo‘nalishlari asosida jihozlangan.

Bilimli, salohiyatli kadrlarni tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish bizning muhim vazifamizdir. Biz o‘qitgan talabalar ertaga maktabga yangi muhitni va sifatni olib kirishi kerak. Shundagina professor-o‘qituvchilarimiz o‘z maqsadiga erishgan bo‘ladi.

 

Ehtiyotxon Ibragimova,  

Farg‘ona davlat universiteti  

filologiya fakulteti dekani

O‘zA