Buxoro taraqqiyparvarlik harakatining yirik namoyandasi Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitratning g‘oyaviy qarashlari bugungi kunda ham muhim ahamiyatga ega.
U ko‘plab asarlari va she’rlari orqali jadidchilik g‘oyalarini targ‘ib qildi. Asarlarida jamiyatdagi illatlarni tanqid qilib, ulardan qutulish yo‘llarini ko‘rsatdi. Uning “Munozara” asarida Buxoroda faoliyat ko‘rsatgan yosh taraqqiyparvarlarning maqsad va vazifalari o‘z ifodasini topgan.
Abdurauf Fitrat buyuk ma’rifatparvar alloma, yozuvchi, dramaturg va jamoat arbobi bo‘lish bilan birga adabiyot, tarix, huquq va maorif siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullangan jadidlarimizdan biri. Abdurauf Fitrat gazeta-jurnallar orqali jahonda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib Turkistonda maktab, maorif va madaniyat masalalari, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining targ‘iboti bilan shug‘ullangan. Abdurauf Fitratning ilm-fanga yuksak e’tibori o‘zining “Tanlangan asarlar”i 2-jildida (Toshkent, “Ma’naviyat”, 2000) Alisher Navoiyning “Qutadg‘u bilig” asari 3-nusxasi topilganligi borasida iftixor qilib yozish bilan birga, Ahmad Yassaviy faoliyati, uning nazmiy asarlaridagi tasavvufiy g‘oyalari, har bir hatti-harakatida Allohga tavakkal qilish, insonlarga faqat yaxshilik qilishning saodati borasidagi ta’limotini yorqin bo‘yoqlarda aks ettirganligini ko‘rishimiz mumkin.
Fitrat ijodini shartli ravishda 3 davrga bo‘lish mumkin. Agar Fitrat 1909-1916 yillarni tashkil etgan 1-davrda jadid ma’rifatparvari sifatida ijod qilgan bo‘lsa, 1917 yil fevral inqilobidan keyin Moskvaga surgun qilinguniga qadar bo‘lgan 2-davrda hurriyat va mustaqillik g‘oyalari bilan to‘yingan asarlar yozadi (1917-23). Sovet maxfiy xizmatining doimiy nazorati ostida yashagan Fitrat ijodining 3-davri (1923-37)da asosan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi. Fitratning adabiy merosi boy va rang-barang. U yozuvchi sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, o‘zbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, she’r tuzilishining isloh etilishi, realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bog‘liq muhim ijtimoiy muammolarning o‘zbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qo‘shdi.
Fitrat 1912 yilda Istanbulda nashr etilgan “Hind sayyohi bayonoti” asarida o‘lka hayotining ko‘plab muammolari – xalqning nochor hayoti, harbiy nozirlarning intizomsizligi, shahar va uning atrofidagi qishloqlarning ekologik ahvoli, el sog‘ligini saqlash – tabobat va davolash usullari, sanoat va ishlab chiqarishning nochor holati, qozixonalar ishi, qator viloyatlarning milliy gazetaga muhtojligi, yo‘l qurilishi, hatto temir yo‘llar, dehqonchilik va hunarmandchilik – hayotning barcha sohalari keskin islohga muhtoj ekani hind sayyohining nazari orqali idrok qilinadi. Bu asarda nafaqat islohotchilik g‘oyalari, balki yangi kapitalistik munosabatlarga o‘tish ham targ‘ib qilingan. Asarda Buxoro madrasalarida diniy ta’limning og‘ir ahvolda ekanligi, nafaqat talabalar, hatto mudarrislarning ilm saviyasi, arab tilini sayoz bilishi natijasida islomning muqaddas kitoblari noto‘g‘ri talqin qilinayotgani bayon etilgan.
Abdurauf Fitrat ma’rifatparvar adib sifatida “Munozara”da Buxoro amirligi idorasida muayyan islohot-o‘zgarish kiritish g‘oyasini ilgari surgan bo‘lsa, “Hind sayyohi bayonoti”da yangicha g‘oyani — muayyan darajada Buxoro amirligiga nisbatan o‘z e’tiroznomasini bayon etadi. U islohot g‘oyalaridan voz kechmaydi, biroq, Buxoro davlatining madaniyati, tabobati, sanoati va hatto yer osti boyliklaridan xalq manfaati yo‘lida foydalanish haqida qayg‘uradi.
Fitratning “Najot yo‘li” asarisiz esa jadidlarning harakatiga ob’ektiv baho berish mushkul. Bu asar jadidlarning g‘oya va maqsadlarini baholashda yagona va birlamchi manbadir. Muallif millatni qoloqlikdan qutqarish yo‘li deb islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni karimni biladi va bu muqaddas kitob hamda islom dini g‘oyalari atrofida millatni jipslashtirishga da’vat etadi. Uning fikricha, “Qur’oni karim” – bu ilm va ma’rifatdir, ota-bobolarimiz har sohada, ayniqsa, ilm va ma’rifatda olam ahli uchun ibrat va namuna bo‘lganlar, ular har bir ilmning asosiy mohiyatini yaxshi bilib, undan yaxshigina istifoda va iste’mol qilganlar.
Fitrat Buxoroning taraqqiyotdan orqada qolib ketayotganiga urg‘u berib, mamlakatni tanazzuldan, xalqni nochor ahvoldan qutqarish uchun ilm-fanni rivojlantirish zarurligini uqtiradi. Fitratning yana bir g‘oyasi – xalqni birlashtirish, jipslashtirish g‘oyasi edi. Fitrat dastur ahamiyatiga ega risola va maqolalarni e’lon qilibgina qolmay, bu asarlar zamirida yotgan asosiy g‘oya – ma’rifatparvarlik faoliyati bilan amaliy jihatdan ham shug‘ullandi. Shu bois u 1913 yil oxiri 1914 yil boshlarida maktab ochish bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Fitrat zullisonayn yozuvchi bo‘lib, adabiy faoliyatining dastlabki davrida asosan fors tilida ijod qilgan («Sayha»). Fitratning bizga yetib kelgan o‘zbek tilidagi she’rlari 1917 yil va undan keyingi davrga oid. Ma’lumki, Fevral inqilobidan keyin Turkiston xalqlarining mustaqillikka erishishlari uchun birdan-bir tarixiy imkoniyat tug‘ilgan. Fitrat shu davrda xalqning mustamlakachilik kishanlarini parchalab, istiqlol uchun kurashga da’vat etuvchi she’rlar yozishga kirishgan.
Ammo an’anaviy aruz vazni, uning nazarida, bunday zamonaviy g‘oyani ifodalash, xalqni oyoqqa qalqtirish va safarbar etish kuchiga ega emas edi. Shuning uchun ham Fitrat turk va tatar she’riyatlarida shakllangan, o‘zbek xalq og‘zaki she’riyatida ayrim unsurlari bo‘lgan sochmani milliy adabiyotimizga olib kirdi. Shoir «Yurt qayg‘usi» deb nomlangan bir she’r va 4 ta sochma yozib, ularda hurriyat uchun kurash g‘oyasini baralla kuyladi.
Fitrat mazkur sochmalarida Turkistonni xo‘rlangan va xorlangan Ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiyda Onani zulm asoratidan xalos etish uchun Amir Temur singari jahongirlarga murojaat etdi, xalqni erk va hurriyat uchun kurash maydoniga da’vat etdi. U shu yillarda “Mirrix yulduziga”, “Sharq”, “Shoir” singari she’rlarini yaratib, ularda Turkistonni endi “qizil” mustamlakaga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuyg‘usini ifodaladi. Fitrat barmoq vaznida yozilgan shu she’rlari bilan xalq og‘zaki she’riyatining mulki bo‘lgan barmoqni isloh etib, Cho‘lpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bag‘ishladi.
Fitrat faqat yangi usuldagi maktablar ochish bilangina jadidchilik harakati oldida turgan maqsadlarga erishib bo‘lmasligini anglagan holda soliqlarni kamaytirish, dehqonlar ahvolini yaxshilash, amaldorlar o‘rtasida avj olgan poraxo‘rlikka barham berish va ularning haq-huquqlarini cheklash kabi talablar bilan chiqdi. O‘z asarlari va maqolalarida yangi usul maktablarining ahamiyatini ko‘rsatib, Buxoroda ilm-fanni rivojlantirish, davlat mustaqilligini saqlab qolish uchun ichki nizolarga barham berib, jadidlar va qadimchilarni birlashishga chaqirdi.
Ushbu g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmadi, shu bois Abdurauf Fitrat kabi buyuk vatandoshlarimiz faoliyatini o‘rganish har birimiz uchun nihoyatda xayrlidir.
Maxsud Muxammedov,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Buxoro viloyati kengashi raisi,
viloyat Kengashi deputatlik guruhi rahbari
O‘zA