Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyotning strategik maqsadi – “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish
06:56 / 2025-07-25

Elektr energiyasi har bir mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Darhaqiqat, bugungi kunda elektr energiyasisiz kundalik hayotimizni tasavvur qilish qiyin.

Yurtimizda aholining o‘sib borishi, qolaversa, jadal sur’atlar bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar elektr energiyasi, ayniqsa, barqaror energiya kafolati sanalgan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyojni ham ko‘paytirmoqda. Shu bois, energetika sohasida ham yangilanish, yangi ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish orqali energobarqarorlikni ta’minlash ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Namangan viloyatidan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Odiljon Mamadaliyev hududlardagi o‘rganishlar jarayonida, Pop tumanidagi “Tepelen Group Holding Limited” hamda “Next Solar Energy Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan amalga oshirilayotgan yirik quvvatli quyosh foto elektr stansiyalarining qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Xitoy Xalq Respublikasining “Next solar energy group” kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan loyiha davlatimiz rahbari boshchiligida 2024 yil 13 dekabrda bo‘lib o‘tgan energetika sohasida yangi loyihalarni ishga tushirish hamda qurilishni boshlashga bag‘ishlangan marosimda tamal toshi qo‘yilgan.

Yaqin vaqtgacha qarovsiz yotgan, toshloq adirlikda qad ko‘tarayotgan mazkur loyiha inshootlari, shu atrofdan o‘tgan-ketganlarda “Bu qanday loyiha ekan?”, degan haqli savolni tug‘diradi. Loyihaning umumiy quvvati 500 MVt.ni tashkil etadi va ishga tushirilgach 1 milliard 100 kV soat elektr energiya ishlab chiqarilib, aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Xuddi shu kabi Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi tomonidan umumiy quvvati 500 mVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurish loyihasi ham aynan Pop tumanida “Next solar energy group” kompaniyasi loyihasi bilan yonma-yon qad ko‘tarmoqda. Mazkur loyihaning ham umumiy quvvati  500 MVt.ni tashkil etadi.

Umuman olganda bu kabi yirik investitsion loyihalar birinchidan, aholini va iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga, qolaversa, taraqqiyotimizning strategik maqsadi – “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lida yashil energiyani rivojlantirishga zamin yaratadi.

Qayta tiklanuvi energiya manbaidan biri bu suvdir. Bunday loyihalardan biri Uychi va Uchqo‘rg‘on tumanlari hududlarini bog‘lovchi Norin daryosida barpo etilayotgan yangi gidroelektr stansiyalari  kaskadidir. Parlament quyi palatasi vakili Odiljon Mamadaliyev o‘rganishlari chog‘ida mazkur yangi gidro inshoot qurilishi jarayonlarini ham ko‘zdan kechirdi.

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 434 million dollar evaziga bunyod qilinayotgan ushbu inshoot 228 MVt. quvvatga ega bo‘lib, yiliga 1025,4 million kVt. soat elektr energiyasini ishlab chiqarish hamda 427 ming xonadonni uzluksiz quvvat bilan ta’minlash imkoniyatiga ega. Qolaversa, bu loyiha viloyatdagi eng yirik qurilish ob’ektlaridan biri hisoblanib, barqaror energiya ta’minoti bilan bir qatorda, yangi ish o‘rinlari va iqtisodiy faollikni ham oshiradi.

– Stansiya ekologik toza va uzoq muddatli energiya manbai bo‘lib, hudud taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni shu boisdan ham tashrif davomida qurilish jarayoni, xavfsizlik va ekologik talablarga rioya qilinishi muhokama qilindi. Muxtasar qilib aytganda, energobarqarorlikni ekologik toza, qayta tiklanuvi energiyalar hisobidan ta’minlash. Maqsadimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi samarali, kelajakda o‘zini to‘la oqlaydigan eng to‘g‘ri va oqilona qaror, – deydi Oliy Majlis deputati Odiljon Mamadaliyev.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.