Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyotni ta’lim sifati va darajasi belgilaydi
14:40 / 2022-05-12

Munosabat

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda yurtimizda ixtisoslashtirilgan maktablar soni 271 tani tashkil etgan. Prezidentimizning aniq fanlar va xorijiy tillarni o‘rgatishga oid tashabbuslari, qabul qilgan qarorlari natijasida matematika va fizika fanlari bo‘yicha 126 ta, kimyo-biologiya bo‘yicha 87 ta, axborot texnologiyalari yo‘nalishida 99 ta, xorijiy tillar bo‘yicha 207 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilib, xalq ta’limi tizimidagi bunday maktablar soni 790 taga yetdi. Biroq ularning 135 tasi to‘liq ixtisoslashtirilgan, xolos.

bugungi davr talabi, kelgusidagi taraqqiyot sur’atiga munosib bo‘lish uchun buni  yetarli deb bo‘lmaydi. Ixtisoslashtirilgan maktablar qamrovini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish borasidagi ishlarni amalga oshirishni izchil davom ettirish kerakligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz tomonidan shu yil 14 aprel kuni qabul qilingan “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonda ayni shu masalalarga yechim topish nazarda tutilgan. Boshqacha aytganda, mazkur muhim hujjatda 2022 yil 1 sentyabrga qadar vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida bo‘lgan ta’lim muassasalari negizida 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni hamda 141 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni, 2023 yil 1 iyunga qadar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida bo‘lgan va faoliyati tugatilgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari negizida 5 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni hamda 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish vazifasi belgilab berildi.

Shuningdek, farmonga ko‘ra 2022-2024 yillarda Agentlik tizimida 25 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar quriladi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ayrim fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar negizida ba’zi fanlar chuqur o‘qitiladigan sinflari mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etiladi hamda kelgusida yangi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar faqat Agentlik tizimida tashkil etiladi.

Alohida ta’kidlash joizki, Agentlik tizimidagi mavjud ixtisoslashtirilgan maktablar o‘z faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqqan holda, mazkur farmonga muvofiq tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablarga metodik yordam ko‘rsatuvchi tayanch maktab sifatida biriktiriladi. O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularga keyinchalik o‘qishini davom ettirish uchun oliy ta’lim muassasalarini tanlashda ko‘maklashish maqsadida Agentlik maktablari direktorining ixtisoslik fanlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi o‘rniga “Maktab maslahatchisi” lavozimi joriy etiladi. Agentlik maktablariga rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish uch bosqichli tanlov asosida amalga oshiriladi. Bu tabiiyki, ta’lim sifati va darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Farmonda 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Agentlik maktablarida o‘quv jarayoni xalqaro ta’lim dasturlari asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar asosida olib borilishini ta’minlash, o‘quvchilar xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishi uchun zarur shart-sharoit va ta’lim muhitini yaratish, mazkur jarayonga xorijiy hamda mahalliy pedagog kadrlarni jalb qilish, sun’iy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etish, o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, asosiy o‘quv dasturlari bilan birgalikda sinfdan tashqari kasbga yo‘naltirilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish vazifalari ham belgilab qo‘yildiki, bu har jihatdan raqobatbardosh, keng dunyoqarash, mustaqil fikr va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan shaxslarni tarbiyalash imkonini beradi.

Mazkur farmonga binoan, agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi etib qayta nomlandi. Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalari uchun davlat ta’lim standarti, o‘quv rejalari, ta’lim dasturlari va darslik majmualarini ishlab chiqish hamda ularni xarid qilish, Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, o‘qituvchilarning bilimlarini baholash va sertifikatlashni xorijdagi  ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirishga e’tibor  qaratiladi. Shu bilan birga  rahbar va pedagog kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablarini ishlab chiqish hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda malaka oshirish kurslarini tashkil etish, Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalarini ilmiy-metodik ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish mazkur ilmiy-amaliy markazning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Ma’lumki, markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash barcha talabgorlar uchun shartnoma asosida amalga oshiriladi. Markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash natijasi bo‘yicha 2 yil muddat davomida amal qiluvchi “Ilg‘or o‘qituvchi”, “Ustoz o‘qituvchi” hamda “Professional o‘qituvchi” darajali sertifikatlar beriladi. Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalarining xalqaro miqyosda tan olinadigan “Ilg‘or o‘qituvchi”, “Ustoz o‘qituvchi” yoki “Professional o‘qituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlariga tegishli miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Farmonda yana bir qator vazifalar belgilab berilganki, bu ta’lim sifatini oshirish, fanlar va xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish masalalarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu farmon taraqqiyotga qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Zotan, taraqqiyot darajasini ta’lim-tarbiya, ilm-fan rivoji va bilimli yoshlar belgilab beradi.

Abrorbek AMINJONOV, 

Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi tarix fani o‘qituvchisi

O‘zA