Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyotni malakali kadrlar belgilaydi
23:27 / 2022-08-07

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i sanalib, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, tizimda 3,6 million kishi, ya’ni iqtisodiyotda band bo‘lganlarning 27 foizi ishlaydi.

Iqtisodiyotning “drayver”i bo‘lgan mazkur sohalar rivoji mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorligini ta’minlashning muhim shartlaridan biridir. 

Sohani rivojlantirish avvalo, mutaxassis kadrlar tayyorlash bilan amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 31 martdagi qarori asosida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti tashkil etildi. 

Universitet veterinariya meditsinasi, veterinariya va sanitariya ekspertizasi, veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari, veterinariya farmatsevtikasi, zooinjeneriya, veterinariya biotexnologiyasi, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch davlat oliy ta’lim muassasasi sifatida qaytadan tashkil etildi. 

Xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, veterinariya klinikasi, o‘quv va ilmiy laboratoriya, o‘quv-tajriba xo‘jaligi, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish asosiy maqsad va vazifalar sifatida belgilab olindi. O‘tgan uch oy mobaynida yangi tashkil etilgan universitetning birinchi strategik yo‘nalishlari amaliyotga joriy etildi. 

Keyingi to‘rt 4 yilda bizni o‘ylantirayotgan eng asosiy muammolardan biri – sohadagi yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan yaqinlashish edi. Bugun davlatga qarashli va xususiy korxonalar, katta xo‘jaliklar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydik, shartnomalar tuzdik. Ayni damda bu shartnomalardan daromad oladigan darajaga kelyapmiz.

Eng muhimi, ishlab chiqarishda band bo‘lgan mutaxassislar universitet o‘quv rejasini, ishchi dasturlarni tuzishda bevosita ishtirok etmoqda va bu borada bizga ko‘maklashyapti. 

Misol uchun, to‘rt yil avval talabalarning amaliyot mashg‘ulotlari uchun ajratilgan dars soatlarning hammasi professor-o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilardi. Ikki yildan beri ushbu soatlarning 10-15 foizi amaliyotdagi mutaxassislar berilmoqda. Yaqin orada bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. 

Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni yakunlab, mustaqil ish boshlayotgan har bir bitiruvchida “Birinchi ish kuni samaradorligi” degan tushuncha bor. Bundu kunlik, haftalik ishlarini rejalashtirib, sharoitga tez moslashib olish nazarda tutiladi. 
Bizda ilgari bitiruvchilar diplom olgandan keyin hayoti qanday kechishi ko‘pchilikni unchalik ham qiziqtirmasdi.  Qayerda ishlashi, nima faoliyat bilan shug‘ullanishi yosh mutaxassisning o‘zigagina tegishli bo‘lgan muammo sanalardi. 

Universitetda ikki yildan buyon bitiruvchilar uchun ish beruvchilar ishtirokida mehnat yarmarkalari tashkil etilyapti. Bitiruvchilarimiz ish beruvchilar bilan shu yerning o‘zida shartnoma tuzishyapti. Va albatta, bu ishlarning monitoringi olib boriladi. 

Ish beruvchilar bizga murojaat qilishadi, o‘z taklif va mulohazalarini bildirishadi. Shu asosida biz talabalarni qanday o‘qitishimiz, nimalarni o‘rgatishimiz va qanaqa mutaxassislar tayyorlab berishimiz kerakligi haqida yanada aniq tasavvurga ega bo‘lamiz. 

So‘nggi yillarda halqaro miqiyosda olib borayotgan ishlarimiz ham o‘z samarasini bermoqda. Hozirda xorijlik hamkor oliy ta’lim muassasalari soni 100 tadan oshdi. Talabalarimiz o‘zlari istagan chet tillarini o‘rganib, hamkorlarimiz – Germaniya, Portugaliya, Yaponiya, AQSH, Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlardagi turdosh oliy o‘qum yurtlarida o‘qishni imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. 

bugungi kunda aholi ehtiyojini qondirish maqsadida yurtimizga chet eldan katta miqdorda go‘sht va boshqa mahsulotlar eksport qilinadi. Masalan, go‘sht va go‘sht mahsulotlari. Lekin oldimizga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshira olsak, yaqin kelajakda O‘zbekistonning sifatli go‘sht mahsulotlarini butun dunyoga import qilish mumkin. Bu maqsad uchun bizda imkoniyat ham, salohiyat ham yetarli.

Mutaxassislarni shu maqsadda tayyorlamoqdamiz. Bozordagi eng qimmat va sifatli “Mramor” kategoriyali go‘sht qanday yetishtiriladi? Bu mahsulotni tayyorlash uchun hayvonni qanday boqish, oziqlantirish va parvarishlash texnologiyasini bilishimiz kerak. Fermalar va xo‘jaliklarda boqiladigan qishloq xo‘jalik hayvonlarining oziq-ovqat ratsionini to‘g‘ri tashkil qilish ham sifatli go‘sht yetishtirishning asosiy shartlaridan biridir.

Yirik shohli qoramollarni oladigan bo‘lsak, go‘sht uchun boqiladiganining ratsioni boshqa va aksincha, sut uchun boqiladiganing ratsioni butunlay boshqacha bo‘ladi. 
Veterinariya sohasida ta’lim jarayonlarining bevosita amaliyot bilan uyg‘unlikda tashkil etilishini, ilm-fan va texnologiyalar integratsiyasini ta’minlash maqsadida universitet huzurida ayni kunda xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi Veterinariya klinikasi va kasalliklar diagnostikasi texnoparki qurilishi boshlandi.
Yangi o‘quv yilidan universitetda 13 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochiladi. Jumladan, qishloq xo‘jalik hayvonlarini to‘yimli va sifatli ozuqa bilan ta’minlash maqsadida endilikda o‘simlikshunoslik, yem-xashak agronomiyasi, cho‘l o‘simliklarini o‘rganish yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Chorvachilik sohasi uchun buxgalter va iqtisodchilarni ham o‘zimiz tayyorlayapmiz. 

Biotexnologiya mamlakatimiz uchun nisbatan yangi soha. O‘simlikshunoslik biotexnologiyasi, veterinariya biotexnologiyasi, ishlab chiqarishda oziq-ovqat havfsizligini ta’minlash biotexnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar o‘qitilmoqda. 
Universitet shaklan ko‘p tarmoqli oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Moddiy-texnik bazamiz yetarli, imkoniyatlar bor, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar talab darajasida faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Bu yil universitet o‘zining birinchi qaldirg‘ochlari – 600 nafardan ziyod bitiruvchilarini mustaqil hayot tomon yo‘lladi. 

Ularni ishga joylash bo‘yicha dastlabki ishga taqsimlash 90 foiz amalga oshirildi. 
Bitiruvchilarimiz asosan respublika veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlar, chorva hayvonlariga tashxis qo‘yish va oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyalari, chorvachilikka ixtisoslashgan klasterlar, xususiy veterinariya xizmati idoralarida, fermer va dexqon xo‘jaliklari va klasterlarda ishga joylashmoqda. 

Samarqandda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida 90 yillik maktab bor. bugungi kunda ana shu maktabning yirik vakillari va ularning shogirdlari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangi metodologiyalar va yangi texnologiyalar bilan biz yaqin yillarda top - 1000 likka kirishni rejalashtirganmiz.

Xudaynazar Yunusov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor

O‘zA