Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyotga soya solayotgan illat
16:30 / 2026-01-29

Mulohaza

Hech bir jamiyat o‘z-o‘zidan mustahkam bo‘lib qolmaydi. Buning uchun yillar, balki asrlar ham o‘tishi mumkin. Ammo barqaror jamiyat shakllantirishning asosiy talablaridan biri saviyali shaxslar va farovon oilalarning ko‘payishidan iborat. Negaki, bunday keng dunyoqarashli, sog‘lom fikrli, ilmli insonlar oilaning muqaddas ekanini anglaydi. Sog‘lom oila muhiti esa tafakkuri butun farzandlar tarbiyalaydi.

Mamlakatimizning bugungi siyosati ham mustahkam jamiyat barpo etish orqali barqaror rivojlanishni maqsad qilgan. Biroq har bir davrda bo‘lgani kabi bu yo‘lda to‘siq bo‘layotgan illatlar ham yo‘q emas. Ana shunday illatlardan eng xavflisi, mahalliychilikning kuchayishidir. Shuni unutmaslik lozimki, vatanni sevmay turib, unda olib borilayotgan siyosatning asl mohiyatini anglamay turib, barqaror jamiyat shakllantirish imkonsiz.

– Uch yildan buyon Toshkentda o‘qiyman. Tabiiyki, poytaxtda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan talabalar o‘qiydi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Eldor Yoqubov. – Meni xafa qiladigan holat shuki, bir mamlakat fuqarosi bo‘la turib, bir viloyat vakili boshqa viloyat vakili bilan mahalliychilik qilib ziddiyatga borishidir. Ma’naviyati dunyoga ko‘zgu bo‘lgan millatimizni qadrsizlantiradigan bunday ongsizlarni taraqqiyotimizning eng katta dushmanlaridan deb bilaman. Talaba almashinuvi dasturi asosida olti oy Turkiyaning Izmir shahrida tahsil olib keldim. U yerdagi muhitga havas qildim, to‘g‘risi. Ular nafaqat yurtdoshlariga, balki barcha turkiy davlatlar fuqarolariga haqiqiy qardoshona munosabatda bo‘lishar ekan. Endilikda, atrofimda mahalliychilik qilinayotgan holatlarga duch kelsam, uning oldini olishga astoydil harakat qilaman.

Ta’kidlash joizki, mustahkam jamiyat tuzish yo‘lida davlatimiz rahbari ilgari surayotgan tashabbuslar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Ma’rifat maskani bo‘lmish ta’lim tashkilotlarida olib borilayotgan mazmunli ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar natijasida yoshlarning qalbida vatanga bo‘lgan muhabbat, kelajakka bo‘lgan ishonch ortib bormoqda. Jamiyatning eng quyi bo‘g‘inlaridan boshlab sog‘lom muhitni shakllantirish maqsadida oilalar farovonligi, mahallalar osoyishtaligi va obodligiga alohida e’tibor qaratilayotir.

Olib borilayotgan bunday ezgu siyosatni barchamiz yaxshi anglagan holda uning amaliy ifodasida tomoshabin emas, ishtirokchi bo‘lmog‘imiz talab etiladi. Shundagina taraqqiyotimizga soya solayotgan yuqoridagi kabi illatlarni bartaraf etmog‘imiz mumkin bo‘ladi.

Sherbek Islomov, O‘zA