Bugun yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida har bir soha va tarmoqlarni zamon talablari darajasida rivojlantirishga, ularni zarur kadrlar bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotir.
Bugun yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida har bir soha va tarmoqlarni zamon talablari darajasida rivojlantirishga, ularni zarur kadrlar bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotir.
Darhaqiqat, har qanday yo‘nalishning taraqqiy etishida, ko‘zlangan yuksak marralarga erishishda davr bilan hamnafas, o‘z ishining ustasi bo‘lgan kadrlar hal qiluvchi muhim kuch hisoblanadi. Bu borada, ayniqsa, huquq sohasi vakillari yanada dolzarblik kasb etadi. Zero, iqtisodiyot tarmoqlari bo‘ladimi, ijtimoiy yo‘nalish bo‘ladimi — qay bir sohani olmaylik, uning asosida albatta huquq me’yorlari yotadi, huquqiy ko‘makka muhtojlik o‘z ifodasini topadi. Shu ma’noda rivojlanishning bugungi bosqichida huquq sohasi kadrlariga ehtiyoj har qachongidan-da yuqori.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 29 aprelda “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonning qabul qilinishi tom ma’noda yurtimizda yuridik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur farmonda belgilangan har bir maqsad-vazifa yuridik ta’lim va fan tizimini tubdan takomillashtirish, ularning xalqaro ta’lim maydonidagi raqobatbardoshligini ta’minlash, yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Hozirga qadar bo‘lgan holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida raqobat mavjud emas edi. Bu esa milliy yurisprudensiya ilmiy maktabining shakllanishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatayotgani sir emas. Shuningdek, bu hududlardagi iqtidorli yoshlar uchun teng ta’lim olish imkoniyatlarini ham cheklar edi. Eng katta muammolardan yana biri esa sohalarda yuridik kadrlarning yetishmasligida namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizda yiliga 1000 ga yaqin yuridik kadrlar tayyorlanadi. Vaholanki, yirik xo‘jalik sub’ektlarida 5000 huquqshunosga ehtiyoj mavjud. 540 ming tadbirkorlik sub’ektlarining 10 foizigina huquqshunoslar xizmati bilan ta’minlangan. Qishloq xo‘jaligida 300 dan ziyod huquqshunos ishlaydi. Ammo yana 400dan ortiq ana shunday kadrlarga ehtiyoj mavjud. Bundan ko‘rinadiki, ushbu sohada kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish, tizimni yanada takomillashtirish zarur.
Ana shu mezonlardan kelib chiqib, Prezidentimiz farmonida Toshkent davlat yuridik universiteti “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘yicha bazaviy oliy ta’lim va ilmiy-metodik muassasasi etib belgilandi. Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etiladi. Ularga “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar bo‘yicha qabulni, shu jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabulni amalga oshirish belgilandi. Davlat, huquq va siyosiy-huquqiy ta’limot sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti tashkil etiladi. Mazkur chora-tadbirlar malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishga, deyarli barcha sohalar uchun zarur bo‘lgan yuristlarni yetkazib berishga, ushbu soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojni to‘la ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da o‘quv jarayonini bugungi kun talablari va xalqaro standartlar asosida tayyorlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Xususan, talabalarda tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ulardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishni ta’minlaydigan o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlari, pedagogik, axborot-kommunikatsiya, innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etish nazarda tutildi. Zero, har bir soha vakili o‘zining mustahkam, boy bilim va ko‘nikmalari, keng dunyoqarashi, zamon talablariga javob bera olishi bilan qadrlidir. Har qanday mutaxassis o‘z sohasining yetuk bilimdoni bo‘lishi bilan, zamonaviy, innovatsion texnologiyalardan xabardorligi bilan o‘sha soha ravnaqiga hissa qo‘sha olishi mumkin. Shunday ekan, mazkur farmon bilan belgilangan har bir chora-tadbir yuridik kadrlar tayyorlashni faqat son jihatdan emas, sifat jihatdan ham yuqori pog‘onaga ko‘tarishni ko‘zda tutadi.
Yuksak natijalar ko‘zlangan mazkur huquqiy hujjat ijrosini ta’minlashda har birimiz o‘z vazifamiz doirasida hissa qo‘shmog‘imiz lozim. Bu boradagi sa’y-harakatlarimiz haqiqiy huquqiy demokratik davlat va jamiyat barpo etish, qonun va adolat ustuvorligiga erishish, O‘zbekistonimizning rivojlangan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egallashiga xizmat qiladi.
Dilso‘z Zoyirova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Til o‘rgatish kafedrasi o‘qituvchisi