Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyotga faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat bilan erishiladi
17:40 / 2022-12-23

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi yurtdoshlarimiz tomonidan qizg‘in kutib olindi. Joriy yilda amalga oshirilgan ishlar murojaatnoma asosida chuqur tahlillar bilan sarhisob qilindi va kelgusi yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan oltita ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgilangan holda ushbu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, bardavom bo‘lishi hamda joriy “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”ning mantiqiy davomi sifatida hurmatli Prezidentimiz 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berishni taklif qilganligi barcha yurtdoshlarimizni quvontirdi.  

Murojaatnomaning 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlaridan birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish taklifi bildirildi. E’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga to‘g‘ri kelganligini ta’kidlab o‘tdi. Albatta, yangi tashkil etilgan vazirliklar qisqa muddat ichida sohadagi kamchiliklarni bartaraf etib, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda, aholining zaruriy talablarini qondirishda zarur ishlarni amalga oshiradi. Maktabgacha ta’lim, uy-joy kommunal, “mahallabay” ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta natijalarga erishildi. Xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Aholimizning faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarlarga intilishi oshib bormoqda.  

Iqtisodiyotimizda kundan-kunga yangi-yangi yo‘nalish va sohalar yaratilayotganligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Bu borada xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan — aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelganligini ta’kidladi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan yaqinda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi yangi qonunni qabul qilinganligi, bundan buyon davlat lavozimlariga faqat konkurs asosida ishga qabul qilinib, barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab borilishi amaliyoti joriy etilganligini ta’kidladi. “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi natijasida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyilini to‘la ro‘yobga chiqarishga mustahkam huquqiy poydevor yaratildi. Chunki, shu kungacha bu sohada qonuniylik, ochiqlikni ta’minlash, korrupsion holatlarning oldini olishga yo‘naltirilgan samarali mexanizmlarni belgilovchi yaxlit qonun hujjati bo‘lmagan edi.  

Murojaatnomada qaysi soha tilga olinmasin, albatta, keng tahlil, muammolar, ularni hal qilish yo‘llari va aniq vazifalar belgilab berilgani bilan ahamiyatlidir. Unda O‘zbekistonni rivojlantirishning nafaqat bir yillik, balki yaqin kelajakdagi yo‘nalishlari aniq ifodalab berildi. Murojaatnomada ko‘tarilgan masalalar, belgilab berilgan ustuvor vazifalar pirovardida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.  

Biz Prezidentimizning “komandasi”da bir jamoa bo‘lib, murojaatnomada keltirilgan ustuvor yo‘nalishlarda belgilab berilgan vazifalarni hamda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni hayotga bosqichma-bosqich izchil tatbiq etishga barcha bilim hamda kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz.  

Muhiddin QO‘LDOSHEV,  

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyatt filiali rahbari v.b. 

O‘zA