Sayohat manzillari
Qashqadaryoda taraqqiyotdan uzilib qolgan qishloq bor. Bu Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Hisor tog‘ tizmasi etaklarida, so‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan Zarmas qishlog‘idir.
Erta tongdan ushbu manzilga otlanar ekanmiz avvalo ushbu hududga qarashli Tatar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Toshpo‘lat Berdiyev bilan uchrashdik. Ammo rais negadir yo‘l mashaqqatlarini bahona qilib, chiqa olmasligimizni, chiqish uchun bir kun vaqt ketishini va hokazo sabablarni qalashtirib tashladi. Nailoj shahardan kelgan uch mehmon raisni gaplariga ko‘ndik. Ammo shu yergacha keldik, hech bo‘lmasa oyog‘imiz toliqqan joygacha boraylik, tabiat ajoyibotlarini tomosha qilaylik, deya qishloq sari otlandik. Raisning “Niva”sida mashina boradigan joygacha yetib oldik. U yog‘iga qo‘lga kameralarni olib Dyumaning “Uch mushketyor”idek shovullab oqib turgan “Qizildaryo” bo‘ylab yayov otlandik.
Daryo bo‘ylab mahalliy aholi goh piyoda, goh ot-ulovda qatnayverib, iz bo‘lib qolgan suqmoqlardan tepaga qarab yurib boramiz. Xorisak to‘xtab dam olamiz, atrofni suratga olamiz. Bir umr tekislik joylarda yashab o‘rgangan biz kabi mehmonlar uchun u yerdagi har bir harsang tosh, tepaga qarasang qalpog‘ing yerga tushib ketadigandek viqorli qoyalar, toshloq yerlarni yorib mustahkam o‘rnashib o‘sib yotgan zarang daraxti, yovvoyi tog‘ bodomi hamma-hammasi biz uchun ajoyibot bo‘lib ko‘rinadi. Hatto daryoning toshdan-toshga urilib, ko‘pirib oqishida ham o‘ziga xos hikmat bordek.
Kelaverishda dam olish maskaniga xordiq chiqarish uchun kelgan mehmonlar bilan suhbatlashganimizda qishloqqa borguncha uchta sharsharadan o‘tasizlar degan gapi qulog‘imizga chalingan edi. Shu bois sayohatimizni uchinchi sharsharaga qadar davom ettirib, keyin qaytishni mo‘ljal qilib borardik. Shu payt qishloqdan pastga tushib kelayotgan ikki eshakli yigit bilan ro‘baru kelib qoldik. Uni suhbatga chorladik.
– Qishlog‘imizga mana shu yo‘llardan goh piyoda, goh eshshak-ot bilan qatnaymiz. Xavfli daralardan o‘tamiz, – deydi To‘ychi Alimov. – Dehqonchilik mahsulotlarini ham, bozor o‘charni ham xuddi mana shu usulda tashiymiz. Ochig‘i yo‘l masalasi bizda juda mashaqqatli. Masalan bugun o‘g‘limni Prezident maktabiga imtihon topshirtirish uchun olib boryapman. Qishloqdan mashina qatnaydigan joygacha roppa-rosa 12 kilometr yo‘l bosib o‘tamiz. Keyin ulovlarni pastda qoldirib, u yog‘iga taksida ketamiz. Ayniqsa, kasalchilik bizni rosa qiynaydi. Yaqinda bir qishloqdoshimiz ko‘richak kasaliga chalinib qoldi. Pastga olib tushguncha yo‘lda ichaklari yorilib ketib, vafot etdi.
T.Alimov gap asnosida qishloqqa uzog‘i ikki-uch soatda chiqib borish mumkinligini aytib qoldi. Bu esa mahalla raisining bir kunda bora olmaysizlar degan vahimasini bir pastda yo‘qqa chiqardi. Shu bilan Zarmas qaydasan, deya uchovlon otlandik. Lekin ochig‘ini aytish kerak, ulovsiz yurish biz uchun anchagina mashaqqatli kechardi. Nihoyat daryoning narigi tomoniga o‘tish uchun o‘rnatilgan taxta ko‘prikka yetganimizda ortimizdan ikkita eshak mingan yo‘lovchi kelib qoldi. Bir ko‘rishda bu yerlarning odami emasligimizni sezgan yigitlar ulovini bizga berib, o‘zlari piyoda yurib yo‘l ko‘rsatib ketishdi. O‘zini Qobilbek deya tanishtirgan yigit Dehqonobod tumanining Oybek qishlog‘ida cho‘ponlik qilishini, pastga sherigini olib chiqish uchun tushganini, bu yo‘llardan ba’zan haftasiga ikki-uch bora tushib chiqishini ta’kidladi.
Yuqoriga ko‘tarilgan sayin daryo pastda qolib borar, yo‘llar esa tobora vaximali tus olardi. Daralarni yoqalab yurakni xovuchlab boramiz. Qoyalar kiftidan qo‘l kuchi bilan ochilgan yo‘llar. Juda qisqa joylariga yog‘ochlardan ko‘priklar yasalgan. Ustidan o‘tganingizda g‘ichirlab yurakka g‘ulg‘ula soladi.
Yo‘lda o‘sha biz kutgan uchinchi katta sharsharaga duch keldik. Taxminan 60 metrlar balandlikdan oqib tushayotgan sharshara toshdan-toshga urilganda kukundek mayda zarralari atrofga sochiladi. Sochilgan zarralar quyosh nurida ming xil rangda jilolanadi. Zarmas qishlog‘iga borguncha bu kabi sharsharalar, buloqlar bisyor. Ularning barchasi Qizildaryoga quyiladi.
Boraverishda chap tomonimizdagi tog‘lar etagida qorayib turgan ko‘mir kukinlari ko‘zga tashlanadi. Hamrohimiz Qobilbekning aytishicha, u yerda ko‘mir konlari aniqlangan. Ammo hali sanoat miqyosida foydalanilmaydi. Mahalliy aholi ayozli kunlar uchun ehtiyojiga yarasha qo‘l kuchi bilan qazib oladi va foydalanadi. Qobilbek bu tog‘larda tilla konlari borligiga ham ishora qilib qo‘ydi. Yo‘l-yo‘lakay mana shunday turli xil foydali ma’danlarga boy azm tog‘lar, yam-yashil archazorlar, do‘lana, yovvoyi bodom, nama’tak va qanchadan-qancha foydali giyohlarni uchratdik.
Nihoyat qanchadir balandlikka ko‘tarilganimizda ikki dara o‘rtasidan Zarmas qishlog‘idagi uy-joylar ko‘rindi. Bu qishloqqa boriladigan yo‘ldagi oxirgi dovon ekan. Shu dovondan oshganimizda Qizildaryo o‘zani ham chap tomonga burilib ketdi. Shu bilan daryoni shovullagan shovqini ham o‘chdi. Yana pastga sho‘ng‘ib ketdik. Ulovlarimiz ham, o‘zimiz ham rosa charchadik. Lekin tabiatning go‘zalligi, musaffo havo, atrofdagi sokinlik charchog‘imizni chiqarib yuborardi.
Qishloqqa ko‘tarilib borar ekanmiz birorta texnika ovozini eshitmaysiz. Hatto texnika yuradigan ko‘chalarni ham uchratmaysiz. Yo‘l mashaqqatini ko‘rib, shu joylarda yashayotgan odamlar matonatiga qoyil qolmay iloj yo‘q.
Hamrohlarimiz shu qishloq kayvonilaridan biri Abdurahim bobo Alimovnikiga boshlab borishdi. Tog‘ odami juda mehmondo‘st bo‘lar ekan. Mezbon bizga ortig‘i bilan mulozamat ko‘rsatdi. Bir kosadan tog‘ qatig‘ini ichgach ozgina nafas rostladik. Dildan suhbatlashdik.
– Ota-bobolarimizni ta’kidlashicha, Zarmas so‘zining ma’nosi hech narsaga zormas, ya’ni o‘ziga to‘q degan ma’noni anglatarkan, – deydi 74 yoshli Abdurahim bobo Alimov. – Qishlog‘imiz odamlari juda ahl. 74 yoshga kirgan bo‘lsam shu vaqtga qadar qishlog‘imizda birorta ajrim kuzatilmagan. Jinoyat sodir bo‘lmagan. E’tibor qilgan bo‘lsangiz hech kimda hovli devor yo‘q. Hamma tomonimiz ochiq. Bitta oiladay bo‘lib yashaymiz. Sekin o‘zgarishlar bo‘lyapti. Yoshligimda svet yo‘q edi, mana hozir elektr toki yetib kelgan. Gaz balonlarda suyultirilgan gaz yetib kelyapti. Qolayersa, esimni taniganimdan buyon birinchi marta tuman hokimi keldi qishlog‘imizga. Xalqni dardini tingladi. Shuni o‘zi ham biz tog‘liklarning ko‘nglini ko‘tardi. Boisi bugungi kunga qadar birorta hokim qishlog‘imizga kelmagan, holing qanday deb so‘ramagan.
Ozgina hordiqdan so‘ng tog‘ odamlari hayoti bilan tanishish uchun qishloqni oraladik. Tog‘da xabarlar qanday yo‘sinda bilmadim juda tez tarqalarkan. Atrofimizni shu qishloq odamlari o‘rab olishdi. Bizni uyga kiring deya xoli jonimizga qo‘yishmaydi. Ular bilan birga asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Bo‘riqul bobo Hotamov xonadoniga kirdik. Qiyalikka baland qilib qurilgan loysuvoq uy. Qalin paxsa devordan ko‘tarilgani bois qishda issiq, yozda esa salqin bo‘larkan. Qiziq tomoni birorta xonadonda hovli devor yo‘q. Uylar ham tarqoq joylashgan.
– Bu hududda to‘rtta qishloq joylashgan, – deydi 85 yoshli Bo‘riqul Hotamov. – Toshqo‘rg‘on, Zarmas, Vori va Qiziltom qishloqlari. Eng qadimiy qishloqlarimizdan biri Toshqo‘rg‘on salkam 900 yillik tarixga ega. Undan keyin Zarmas qariyb 350 yillar oldin ota-bobolarimiz shu yerlarni makon qilishgan. Ilgari bu yerlar o‘rmonzor bo‘lgan. Bir valiy kishi kelib shu yerda dam olgan va ajoyib tabiatini ko‘rib, shu yerda yashasa bo‘ladi, bu yerda yashagan kishi hech narsaga zoriqmaydi degan. Shundan zarmas degan nom qolib ketgan. 85 yoshga kirgan bo‘lsam, ko‘p davrlarni boshdan kechirdim. Bolaligimni eslayman. Juda mashaqqatli o‘tgan. U paytlar ahvol juda og‘ir edi. Masalan, odamlar 70-yillarda shu yerdan ko‘chirildi. U vaqtlar qishloqda birorta sheferli uy yo‘q edi. Svet nima ekanligini bilmasdik. Birorta uy bo‘yalmagan. Bugungidek zamon hech bir paytda bo‘lmagan. Mana hozir tog‘da yashashimizga qaramay hamma xonadonda svet bor. Televizor bor. Gaz ham kelyapti. Telefon aloqalari tiklanyapti. Eng muhimi mashaqqatli yo‘limizdan mutasaddi rahbarlar qishlog‘imizga chiqib kelib, xalqning dardini tinglayapti. Tunab qolyapti. Mana sizlar kelyapsizlar. Ochig‘i, men shu yoshga kirib bo‘layotgan ishlardan juda hayratdaman. Shu vaqtga qadar biror rahbar bizning ahvolimizni yo‘qlab kelmagan. Bu Yurtboshimizning olib borayotgan oqilona siyosati natijasidir. Prezidentimizdan bag‘oyatda minnatdormiz. Shukr hamma narsa yetarli. Yashashimiz yomon emas.
Ushbu qishloqda eng muhim va kerakli transport turi boshqa joylarda qadrsiz bo‘lgan eshak ekan. Har bir xonadonda yo‘q deganda ikki uchtadan eshak bor. Qishloq aholisining aytishicha, qishloqda eshagi yo‘q xonadon eng kambag‘al odam hisoblanadi. Chunki uning yordamida daladan o‘t olib kelinadi, pastdan yuk tashiladi, yo‘lovchi tashish transporti o‘rnida foydalaniladi. Qishloq xo‘jaligi texnikalari vazifasini bajaradi, ya’ni uning yordamida yer haydaladi, tekislanadi, ariq olinadi va hokazo. Hatto o‘rni kelganda tez yordam mashinasi ham shu hayvon.
Qishloq oqsoqoli Bolta Hamroyevning aytishicha, mazkur qishloqda 66 ta xo‘jalik, 330 nafar aholi istiqomat qiladi. 70-yillarda qishloq aholisining katta qismi viloyatning Mirishkor tumaniga ko‘chirilgan. Aholi asosan dehqonchilik, chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Yuqori qishloqda har hafta mol bozori bo‘ladi. Mahalliy aholi qo‘y-qo‘zilarini o‘sha bozorda sotadi. Zarmasda yetishtirilgan kartoshkaning ta’mi og‘izda qoladi. Shu bois eshaklar yordamida pastga olib tushilgan Zarmas kartoshkalari anchagina xaridorgir. Olmalarniku aytmasangiz ham bo‘ladi. Yakkabog‘da eng sersuv va sarhil olmalar ayni shu hududlarda yetishtiriladi. Aholi mana shu mahsulotlarni pastga olib tushib sotishadi va evaziga ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘lgan mahsulotlarni olib qaytishadi. Tog‘li hudud bo‘lgani bois ushbu qishloqda 6 oy davomida qor saqlanib turadi va bu muddat ichida markaz bilan aloqa deyarli uziladi. Shu bois zarmasliklar yoz bo‘yi qish g‘amini yeyishadi. Kerakli oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlab olishadi. Hatto chorva mollari ham olti oy davomida og‘ilxonadan chiqmaydi.
[gallery-3248]
- Qishlog‘imiz jannatmonand joylar. So‘lim tabiat, muzday buloq suvlari har qanday kishini o‘ziga rom etadi, - deydi Parda Mirzayev. – Ammo yo‘llarimiz juda abgor. Tuman markaziga qatnash ancha mashaqqatli. Ayniqsa og‘ir kasallarni markazga yetkazguncha ona sutimiz og‘zimizga keladi. Qishlog‘imizda doktor yo‘q. Lekin sahovatpesha tog‘da dorivor giyohlar mo‘l. Yengil kasallarni asosan tabobat yo‘li bilan giyohlar yordamida davolaymiz. Hech iloj bo‘lmagach pastga olib tushamiz. Shukr qishlog‘imiz maktabi yaxshi. Farzandlarimiz ilmli. Har yili bitirayotgan o‘quvchilarning katta qismi oliy o‘quv yurtlariga kirmoqda. Ammo qishloqdagi sharoitning og‘irligi bois ko‘pchiligi shaharlarda qolib ketishyapti. Bir so‘z bilan aytganda yoshlarimiz qishloqqa qaytishni istashmayapti. Eng katta xavotirimiz shundan. Bizku yoshimizni yashadik. Boriga qanaq qildik. Ammo yoshlar bunga ko‘nmayapti. Televizor orqali yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni havas bilan tomosha qilamiz. Qani endi bizning qishlog‘imiz yo‘llari ham obod bo‘lsa, shifoxonalar qurilsa, tibbiy xizmat sifati yaxshilansa, balki yoshlarimiz ham qaytib kelisharmidi.
Darhaqiqat, zarmasliklar haqiqatda bugungi kundan shukronalik tuyg‘usi bilan yashashmoqda. Rostdan qishloqdagi odamlar hayoti ancha o‘zgargan. Shinamgina uy-joylar barpo qilinmoqda. To‘y hashamlar o‘tkazilmoqda. Bolalar ta’lim olishi uchun maktab faoliyat yuritmoqda. Ammo shu bilan birga hududda aholini necha yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolar ham borki, yuqorida aytilgani kabi qishloq nomining ma’nosiga sira tushmaydi.
Eng asosiy muammo yo‘l masalasi. Qishloq ko‘chalaridagi birorta yo‘l talabga javob bermaydi. Toshloq va o‘nqir-cho‘nqir. Shunday bo‘lgach texnika yurishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Keyingi eng og‘riqli masala tibbiy xizmatning nihoyatda yomonligi. Sababi qishloqda vrachlik punkti mavjud emas. Hatto birorta feldsherni topa olmaysiz. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, mustaqillikdan ilgari vertolyot orqali tez yordam xizmati ko‘rsatilgan. Mahalla oqsoqoli Bolta Hamroyevning aytishicha, necha yildirki, qishloqda tibbiy ko‘rik o‘tkazilmagan. Esini taniganidan buyon ilk marta qishloqqa yaqindagina tuman hokimi kelib, odamlar ahvoli bilan qiziqibdi. Shu tashrif doirasidagina birinchi marta tibbiy ko‘rik ham tashkil etilibdi. To‘g‘ruq vaqti yaqinlashgan xotin-qizlar bir oy oldin pastga tushib ketishadi va tanish bilishnikiga joylashib, farzandining chillasi chiqqachgina tepaga chiqib keladi. Ko‘pchiligining ko‘zi uyida yoriydi. Shoshilinch kasallarni shifoxonaga tezkor yetkazish uchun kamida 3-3,5 soat vaqt kerak bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugun taraqqiyot kun sayin odimlab dengiz ustida shaharlar, okean ustida osma yo‘llar qurilayotgan bir paytda Zarmas qishlog‘idagi yo‘llarning xonliklar zamonidan buyon o‘zgarishsiz turishi rostdan achinarli. Qishloq odamlarining aytishicha, hatto turistlar ham qishloqdagi ajoyib tabiatga qiziqib mashaqqatli yo‘llardan chiqib kelib, qishloq hayoti bilan tanishayotgan ekan. O‘ylaymizki, Yurtboshimiz boshlab bergan keng ko‘lamli islohotlar Zarmasga ham yetib keladi va kelajakda qishloqqa boruvchi yo‘llar masalasi ham yechiladi. Shunda tibbiy xizmat sifati ham, turizm ham rivojlanadi. Qishloqqa qaytishni istamayotgan yoshlar ham ona yurtiga qaytib uning rivojiga hissa qo‘shishadi. Yana hayot qaynaydi bu saxovatli o‘lkalarda.
Mana shunday ezgu hayollar og‘ushida mashaqqatli yo‘ldan yana ortimizga qaytdik.
O‘lmas Barotov,
J.Norqobilov (surat), O‘zA