Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik
14:04 / 2023-05-11

Xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Iqtisodiy islohotlarning samarasi o‘laroq, O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda mavqeining ko‘tarilayotganligi xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada kengaytirish uchun zamin yaratmoqda. Xususan, “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida O‘zbekiston besh yil ichida 141-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarilganligi bunga yaqqol misoldir.  

E’tirof etish joiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar Kengashining 32-yillik yig‘ilishini joriy yilning 16-18-may kunlarida Samarqand shahrida o‘tkazilishi YeTTB tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lgan ishonch va e’tiborning yuksak namunasidir. Jahon moliya tizimida o‘z nufuziga ega bo‘lgan ushbu xalqaro tashkilotning so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi faoliyati, ayniqsa, respublikada ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatini ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar uchun ajratgan imtiyozli kreditlar hajmi ancha kengaydi.  

Xususan, 2018 yildan hozirgi kunga qadar sohani qo‘llab-quvvatlash uchun ETTB bilan 7 ta loyiha bo‘yicha jami 420 million dollarlik bitimlar imzolandi. Ushbu mablag‘lar hisobidan ichimlik suvi yo‘nalishida 342 kilometr suv tarmog‘i, 3 ta suv olish inshooti, 6 ta suv tozalash inshooti, 40 ta suv taqsimlash inshooti hamda oqova suv yo‘nalishida 365 kilometr oqova suv tarmog‘i, 11 ta oqova suv tozalash inshooti va 57 ta oqova suv nasos stansiyasi quriladi va rekonstruksiya qilinadi.  

ETTB ishtirokidagi loyihalar to‘liq foydalanishga topshirilishi evaziga 1 million 419 ming nafar aholi ichimlik suvi va qariyb 780 ming nafar aholi markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Ayni paytda ushbu loyihalar Xorazm (2 ta), Namangan (2 ta), Qashqadaryo (1 ta) va Surxondaryo (1 ta) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (1 ta) amalga oshirilmoqda.  

– Xususan Xorazm viloyatining Pitnak, Urganch, Xiva va Gurlan shaharlarida ichimlik hamda oqova suv tizimini rivojlantirish maqsadida YeTTBning 150 million dollar imtiyozli kreditlari jalb etilmoqda, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarma boshlig‘i Nuriddin Vaisov. – Ushbu mablag‘lar o‘zlashtirilishi evaziga umumiy quvvati 400 ming m3/sutka bo‘lgan 2 ta suv tozalash inshooti, quvvati 50 ming m3/sutka bo‘lgan suv olish inshooti, jami quvvati 45,5 ming m3/sutka bo‘lgan 4 ta oqova suv tozalash inshooti, 37 ta yangi oqova suv nasos stansiyasi va 220 km oqova suv tarmoqlari quriladi. Namangan viloyatining Namangan shahri, Chust, Pop, Namangan va Mingbuloq tumanlarida ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatini yaxshilashga YeTTBning 130 million dollar kredit mablag‘lari jalb etilmoqda. Buning evaziga quvvati 100 ming m3/sutka bo‘lgan suv tozalash inshooti, umumiy quvvati 30 ming m3/sutka bo‘lgan 2 ta suv olish inshooti, umumiy quvvati 16,7 ming m3/sutka bo‘lgan 3 ta oqova suv tozalash inshooti, 266 km ichimlik va 53 km oqova suv tarmoqlari quriladi hamda 20 ta suv taqsimlash inshooti rekonstruksiya qilinadi.  

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun YeTTBning 50 million dollar mablag‘lari hisobiga “Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan uzunligi 75 km suv quvuri qurish, shuningdek, 18 ta suv taqsimlash va kunlik quvvati 53 ming m3 bo‘lgan suv tozalash inshootini qurish rejalashtirilmoqda. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri oqova suv tizimini yaxshilash uchun YeTTBning 60 million dollar mablag‘lari hisobidan kunlik quvvati 60 ming m3 bo‘lgan oqova suv tozalash inshooti, 16 ta oqova suv nasos stansiyasi va 90 km oqova suv tarmog‘i quriladi.  

Shuningdek, Toshkent shahri ichimlik va oqova suv tizimini rivojlantirish maqsadida YeTTBning 30 million dollar imtiyozli kredit mablag‘lari o‘zlashtirilishi evaziga 2 ta suv tozalash inshooti, 1 ta suv taqsimlash inshooti va 3 ta oqova suv tozalash inshooti hamda 3 ta oqova suv nasos stansiyasi va 2,2 km uzunlikdagi oqova suv kollektorlari rekonstruksiya qilinib, 1 ta suv taqsimlash inshooti va 1 ta oqova suv nasos stansiyasi quriladi.  

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ijtimoiy yo‘naltirilgan mazkur loyihalarning amalga oshirilishi hududlarning ekologik holatini yaxshilashda katta o‘rin tutadi. Yaqin kelajakda sanitariya-ekologik vaziyatni yaxshilash hududlarning barqaror rivojlanishiga, sanoat tarmoqlariga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilishiga, shuningdek, hududlarning turistik va ekoturistik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.  

 

Nilufar BOZOROVA,  

O‘zA