Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot va farovonlikning huquqiy asosi
14:06 / 2025-12-06

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda.

Sana munosabati bilan ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda Bosh qomusimizning tarixi, mohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan uchrashuv va muloqotlar, ko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda.

Xususan, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasi “Konstitutsiya ko‘chasi” sifatida namoyon bo‘lib, bu yerda mamlakatimiz Bosh qonuniga oid ko‘rgazmalar tashkil etildi. Viloyat adliya boshqarmasi xodimlari, huquqshunoslar aholiga Konstitutsiyaning ahamiyati, undagi inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan normalar haqida ma’lumotlar bermoqda.

Viloyat hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi viloyat rahbarlari, deputatlar, faollar va jamoatchilik vakillari ko‘chada joylashtirilgan mazkur ko‘rgazmalar bilan tanishdilar. Bu kabi tadbirlar jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning Konstitutsiya va qonunlarga oid bilimlarini boyitishga xizmat qilishi ta’kidlandi. 

Tadbir davomida ilk bor pasport olayotgan 10 nafar yoshga ID kartalar tantanali suratda topshirildi. 

Shundan so‘ng, Samarqand shahridagi konsert zalida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.

[gallery-26599]

Unda viloyat faollari, hokimlik va huquq-tartibot organlari xodimlari, harbiylar, nuroniylar va yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev tadbir qatnashchilari va ular timsolida barcha samarqandliklarni Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi.

– 2023 yilda xalqimizning xohish-irodasi va faol ishtirokida yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamiz jamiyat va davlatni yanada rivojlantirish, Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratdi – dedi A.Boboyev. – Unda eng ustuvor maqsad sifatida inson qadri, inson manfaati degan tushunchalar belgilandi. Konstitutsiyada ilk marotaba har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega ekanligi va hech kimning zimmasiga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Barcha modda va normalarda ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyiliga, fuqarolarning munosib turmush darajasi va sifatiga erishishga, muhtojlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan ijtimoiy davlat belgilari o‘z ifodasini topdi.

Viloyat rahbari mamlakatimiz Konstitutsiyasi amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asosi sifatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

– Joriy yil 9 oy yakuni bilan viloyatimizning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 87,5 trillion so‘mni yoki o‘sish sur’ati 107,7 foizni tashkil etdi, – dedi A.Boboyev. – Jumladan, sanoat ishlab chiqarishi 7,8 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,9 foizga, xizmatlar 14 foizga va qurilish ishlari hajmi 22 foizga o‘sishi ta’minlandi. 2025 yilda iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar hisobiga 1,9 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Shuningdek, qiymati 656 million dollarlik 18 ta yirik va ahamiyatli loyiha amalga oshirilmoqda. Hududiy investitsiya dastur doirasida qiymati 954,2 million dollarlik 770 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 14800 yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Lekin bu natijalar biz uchun marra bo‘lib qolmaydi, 2026 yil uchun oldimizga juda katta maqsadlarni qo‘yganmiz. Yaqinda hurmatli Prezidentimiz viloyatimizga tashriflari chog‘ida Samarqandni respublikaga namuna bo‘ladigan hududga aylantirish yuzasidan yana bir qator vazifalarni belgilab berdilar. Bu borada barchamiz hamjihatlikni mehnat qilib, albatta, ko‘zlagan natijalarga erishamiz, davlatimiz rahbari oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. 

Tadbir samarqandlik taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi bilan davom etdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA