O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yangi Markaziy Osiyo integratsiyasining siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar jihatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur konferensiyadan ko‘zlangan maqsad mintaqadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga oid ilmiy-nazariy yondashuvlar hamda amaliy takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

Unda ishtirokchilar tomonidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya jarayonlari, siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlar, davlatchilik rivojining ijtimoiy-tarixiy asoslari hamda hamkorlikning huquqiy mexanizmlari va istiqbollari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Tadbir ilmiy, ijtimoiy va ta’limiy samaradorlikka ega bo‘lib, talabalarning siyosiy-huquqiy bilimlarini chuqurlashtirish, xalqaro munosabatlar sohasida ilmiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
ZOOM platformasi orqali onlayn va oflayn formatda o‘tkazilgan konferensiyada O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat universiteti professori Bo‘ston Tursunov, Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati kengash raisi Ikrom Hoshimjonov, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi professori Anvar Yo‘ldoshev, Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi Umrbek Yusupov, Muxtor Avezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston davlat universiteti dotsenti Hamidulla Tojiyev, Toshkent Kimyo-texnologiya instituti Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi mudiri Oybek Sirojov va boshqa ko‘plab tadqiqotchi olimlar, ekspert-mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.

Anjuman “Markaziy Osiyoda mintaqaviylashuvning zamonaviy tendensiyalari: siyosiy-iqtisodiy aspektlar”, “Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarining madaniy-gumanitar masalalari”, “Markaziy Osiyoda zamonaviy davlatchilik rivojining ijtimoiy-tarixiy omillari”, “Markaziy Osiyo davlatlarining jahon integratsiyalashuvi: muammo va istiqbollar”, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalari” kabi sho‘’ba yig‘ilishlari bilan davom etdi.
Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjumanda Markaziy Osiyo mintaqasining strategik ahamiyati, mintaqa davlatlaridagi siyosiy-ijtimoiy hayotning o‘ziga xos murakkab ko‘rinishlari haqida ma’lumot berildi.
Bugungi globallashuv, dunyoning turli hududlarida sodir bo‘layotgan nizolar, taloto‘plar har birimizni hushyorlikka chorlashi tayin. Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar, mamlakatning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ahamiyatlisi, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashni asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab berdilar.
Konferensiyada ekspert va ma’ruzachilar tomonidan O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirayotgani e’tirof etildi.
Anjumanga mahalliy va xorijiy olimlar va tadqiqotchilarning 100 ga yaqin maqolasi taqdim qilingani ham uning ahamiyati va nufuzini belgilab beradi.
N.Usmonova,
O‘zA