Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot strategiyasining badiiy jarayondagi ifodasi
15:31 / 2022-02-02

bugungi kunda barcha sohalar qatori madaniyat va san’at, ma’naviy-ma’rifiy ishlar rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda, bu yo‘lda farmon va qarorlar qabul qilinyapti.

Xususan, shunday hujjatlarning muhimlaridan biri –Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yo‘nalish, 100 ta maqsad va joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 398 ta chora-tadbirdan iborat.

Dasturning 5-chi yo‘nalishi Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish, deb nomlangani bu boradagi ishlar rivojini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Muxtasar aytganda, dasturning beshinchi yo‘nalishi 75–maqsadida Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, aholining badiiy-estetik didini yuksaltirishga oid qator vazifalar belgilandi.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mas’ulligida  atoqli  xalq rassomlarining hayoti va ijodini keng targ‘ib qilish hamda ular xotirasini abadiylashtirish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.

Bu haqda Badiiy akademiya axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Jumladan, joriy yilda O‘zbekiston xalq rassomlari - Chingiz Axmarov tavalludining 110 yilligi, Zinaida Kovalevskaya tavalludining 120 yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan rassomlarning yashab va ijod qilgan uylariga yodgorlik lavhalarini o‘rnatish, ijodiy ko‘rgazma va ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini xalqaro darajada ommalashtirish maqsadida Badiiy akademiya hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida xalqaro san’at tadbirlari, ya’ni Zamonaviy san’at biyennalesi, “Toshkent quvonchlari” xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi, “Tasviriy va amaliy san’at” festivali tashkil etiladi.

Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida yetuk mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish uchun soha bo‘yicha badiiy va ilmiy salohiyatni kuchaytirish, bolalar san’atini rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirish, badiiy ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan vazifalarni bajarishda zamonaviy, ta’sirchan usul va shakllarni qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Xalqaro ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida jahon tasviriy va amaliy san’ati taraqqiyotiga hissa qo‘shgan, soha bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan malakali nomzodlarni faxriy xorijiy a’zolikka tavsiya etish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.

Ta’kidlash kerakki, bunday e’tibor soha vakillarini mamnun qilish bilan birga ularga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Pirovardida bunday vazifalarning ijrosi mamlakatimizning boy badiiy merosi, Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tasviriy san’atining yutuqlarini keng tanitishga xizmat qiladi.

Pirovardida aytish kerakki, Taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz badiiy-ma’rifiy jarayonini ham yanada ravnaq toptirishga xizmat qiladi.

N.Usmonova, O‘zA