Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot Strategiyasi: Yangi O‘zbekistonning muhim maqsadli yo‘nalishlari
09:58 / 2022-02-01

Yangi O‘zbekiston «Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat» degan muhim g‘oya negizida barpo etilmoqda.

 Davlatimiz Rahbari belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanmoqda. Shu munosabat bilan, «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida keyingi besh yilda mamlakatimizda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi joriy yil 31 dekabrdan boshlab internetdagi (regulation.gov.uz, 2022-2026.strategy.uz va jamoatchilik.uz) portallarida keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.  

Taraqqiyot strategiyasi loyihasi: Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish,  umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borishga qaratilgan 7 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi.  

Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi tayyorlandi. Loyihada mutlaqo yangi yondashuv qo‘llanilib, rejalashtirilgan islohotlar natijadorligini taraqqiyotning maqsadlariga erishganlik darajasi asosida baholash tizimi joriy etilmoqda. Qabul qilingan farmon loyihasi bo‘yicha 16,7 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Ularni har tomonlama ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, hujjatga qariyb 100 ta konseptual hamda 200 dan ortiq aniqlashtiruvchi tahririy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. 

Farmonda O‘zbekistonni keyingi 5 yilda rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishi doirasida 100 ta maqsadlarga erishishga qaratilgan va 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 398 ta chora-tadbir nazarda tutilmoqda. Rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga 2022 yilda umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. 2022 yilning 26 yanvar sanasida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi»ni amalga oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi haqida: «Hammangiz xabardorsiz, o‘tgan yili saylovoldi dasturi doirasida hududlarga tashriflarda «Inson qadri uchun» tamoyilini barcha islohotlarimizning bosh mezoni sifatida belgiladik. «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, odamlarimizning fikr va takliflari asosida ishlab chiqdik. 

Ushbu strategiyada: yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning taraqqiyot tendensiyalari qanday bo‘ladi? Kelgusidagi faoliyatimizni belgilaydigan aynan qaysi maqsad va vazifalar biz uchun eng dolzarb va ustuvor hisoblanadi? Davlat va jamiyat hayotining barcha jabha va yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish uchun asosiy e’tiborni nimalarga qaratishimiz kerak? Keyingi yillarda qabul qilingan qonun va qarorlarimiz, dastur va rejalarimizni yangi davrda qanday davom ettirishimiz, ularga qanday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishimiz kerak, degan savollarga chuqur va atroflicha javob berilgan», - degan Prezident o‘z nutqida. 

Bunday muammolarni hal etishda kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, bu boradagi barcha sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish lozim. Bu esa, o‘z navbatida, kelajagimiz qiyofasini belgilaydigan global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarurligini anglatadi. Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi» – inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.  
 

Obidjon Hamidov, 
BuxDU rektori,  
iqtisodiyot fanlari doktori, professor