English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot strategiyasi: Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim asosi
10:25 / 2022-01-29

Munosabat

Har bir mamlakatning taraqqiyoti, yorug‘ istiqboli va kelajak avlodlarining farovon hayoti ichki va tashqi siyosatning xalqchilligiga hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning zamon bilan hamnafas olib borilishiga bevosita bog‘liq. Albatta, bu ishlarni tizimli va davomli tashkil etishda qo‘yilgan maqsad, tanlangan yo‘l, ishlab chiqilgan dasturlar muhim ahamiyat kab etadi. 
O‘tgan davrda mustaqil diyorimizda demokratik jamiyatni barpo etish, iqtisodiyotni barqarorlashtirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar olib borildi va e’tirof etishga molik ko‘plab ijobiy natijalar qo‘lga kiritildi. Qayd etish lozimki, o‘tgan so‘nggi besh yillik davr yurtimiz tarixida tub burilish davri bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonni rivojlantirish “Harakatlar strategiyasi” va uning beshta ustuvor yo‘nalishlari asosida davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimi hamda iqtisodiy, ijtimoiy va harbiy sohalar, tashqi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. 
Birgina oliy ta’lim tizimini oladigan bo‘lsak, o‘tgan 5 yil davomida 22 ta xorijiy hamda 21 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari tashkil etilib, oliy ta’lim muassasalari soni 65 tadan 156 taga yetdi. Qabul kvotalari 3 baravarga ortdi va yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 28 foizga yetdi. Pedagoglar tarkibida fan doktor (DSc)lar soni 2 657 (2016 y. 1415) taga, fan nomzod (PHD)lar soni 10 029 (2016 y. 6351) taga yetib, ilmiy salohiyat 31,9 foizdan 39 foizga yetdi. Oliy ta’lim tizimiga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga, nogironligi bor va ijtimoiy-himoyaga muhtoj oila farzandlariga ko‘plab imtiyozlar berildi. Shuningdek, talaba yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga olib chiqildi.
Kuni-kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash va uni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 7 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasi kelgusi 5 yillik mobaynida mamlakatimizda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy hamda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash sohalarida amalga oshiriladigan vazifalarni qamrab olgan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida ishlab chiqilgan ushbu dastur Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida so‘zlagan nutqi va saylovoldi dasturlarida ilgari surilgan tashabbuslari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda inson qadrini ulug‘lashga, davlatni inson qadri va manfaati uchun xizmat qilishiga zamin yaratuvchi vazifalar o‘rin olgan. Albatta, mamlakatimizda inson qadri, uning manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash oliy maqsadga aylandi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Taraqqiyot strategiyasi asosida 2022 yil uchun ishlab chiqilgan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat dasturida ham oliy ta’lim tizimi, talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Oliy o‘quv yurtlarini rivojlantirish orqali ularni nufuzli xalqaro reytinglarga kiritish hamda xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar turar joyini barpo etish harakatlari bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari oldida turgan dolzarb vazifalarga yechim topishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi 5 yillikda oliy ta’lim muassasalari sonini 200 taga yetkazish, bu borada nodavlat oliy ta’lim muassasalari sonini 50 tadan oshirish hamda yoshlarni oliy ta’limga qamrab olishni 50 foizga yetkazish maqsad qilingan bo‘lib, bu oliygohlar o‘rtasida erkin raqobat muhitini rivojlantirishga, ularni zamon talablarida rivojlanib borishiga hamda malakali kadrlar tayyorlash tizimini sifat sihatdan yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi. Ayniqsa, bu masalalarga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilishi hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlab borilishi oliy ta’lim sohasi vakillariga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi va o‘ziga xos motivatsiya beradi. 
Xulosa o‘rnida aytganda, yangicha yondashuv va uslublar asosida ishlab chiqilgan hamda islohotlar natijadorligiga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasi Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikni ta’minlashda, davlat va jamiyat hayotida inson qadrini yuqori pog‘onaga olib chiqishda, qolaversa oliy ta’lim tizimida yangi davrni boshlab berishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

O.Mamatkarimov,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, 

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati