Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot strategiyasi: xalqparvar davlat barpo etish ishlari izchil davom ettiriladi
18:12 / 2022-08-16

Jahon tajribasidan ma’lumki, dunyoda yetakchilik qilayotgan davlatlar o‘z tarixida rivojlanishning o‘ziga xos yo‘nalishlariga xizmat qiluvchi strategiya va maqsadlarni ishlab chiqqanlar.

Misol uchun, XX asrda bugun dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylangan AQSH o‘z rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan bir qator strategiyalarni ishlab chiqqan. Ulardan biri to‘rt marotaba AQSH prezidentligiga saylangan Franklin Ruzveltning “Yangi yo‘l” strategiyasi bo‘lsa, dunyoning yana bir rivojlangan davlati Germaniya 13 yil avval ishlab chiqqan Milliy barqaror rivojlanish strategiyasidir. Germaniyaning ushbu strategiyasi bugungi dunyo tendensiyalaridan kelib chiqib, 2018 yilda qayta yangilandi.

Bundan qariyb olti yil oldin O‘zbekiston ham o‘z rivojlanish tarixida yangi bir davrga qadam qo‘ydi. Ushbu qadam uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan O‘zbekiston uchun siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarning eng muhim besh ustuvor yo‘nalishini amalga oshirishning yaqin istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asos bo‘lib xizmat qildi.

Ushbu strategiyani amalga oshirish jarayonida, eng avvalo fuqarolarning islohotlardagi ishtiroki va manfaatdorligiga alohida e’tibor qaratildi. Natijada davlat va jamiyat qurilishi tizimi tubdan isloh qilindi. Xususan, Davlat organlari faoliyatining oshkoraligi va shaffofligi, mansabdor shaxslarning jamiyat va xalq oldidagi hisobdorligi oshirildi. Amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlardan tortib ularning ijrosini ta’minlash jarayonigacha fuqarolar ishtirokida jamoatchilik nazorati ta’minlanib, olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlar berib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

O‘z navbatida, fuqarolar tomonidan davlat organlari oldiga masala qo‘yish imkoniyatlari kengaytirildi. Buning uchun barcha sharoitlar yaratildi. Xususan, har bir hududda fuqarolarning muammo va takliflarini bevosita eshituvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. 2017-2021 yillar davomida ushbu qabulxonalarga fuqarolar tomonidan 6 milliondan ziyod murojaatlar kelib tushdi. Ularning 3 milliondan ortig‘i o‘z vaqtida qanoatlantirildi.

Shuningdek, aholi muammolarini hal etish bo‘yicha joriy qilingan “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” hamkorlik tizimi hamda sayyor qabullar orqali fuqarolarning muammo va takliflari, fikr va mulohazalari o‘rganildi.

Shu bilan birga, ko‘plab vazirlik va sohalarda hal qiluvchi qarorlarni qabul qilish vakolati quyi tizimlarga o‘tkazildi, ortiqcha hujjatlarni talab qilish bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi. Joylarda Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilib, bugungi kunda ushbu markazlar orqali 250 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari my.gov.uz portali orqali elektron tarzda ko‘rsatib kelinmoqda.

Xo‘sh, bugun ushbu islohotlar aholiga qay darajada qulaylik yaratib bermoqda. Bu, eng avvalo, fuqarolarga byurokratik to‘siqlarsiz vaqti va mablag‘ini tejagan holda, viloyat va respublika idoralariga qatnamasdan, davlat idoralari bilan bo‘lgan aloqalarini o‘z hududida oson va tez bitirish imkonini yaratdi.

Deylik, avval fuqaro bir ma’lumotnoma olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanining olis bir mahallasidan 400 kilometr yo‘l bosib, idorama-idora sarson bo‘lib tuman markaziga kelib ishini bitirishi kerak bo‘lgan. Endilikda barcha xizmatlardan o‘z xonadoni yoki mahallasidan turib foydalanmoqda. Albatta, bu jarayonlar inson qadri yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, bugun fuqarolarning ham Davlat boshqaruvi hamda taraqqiyotga eltuvchi islohotlarni amalga oshirishdagi daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bunga sabab, Harakatlar strategiyasi doirasida xalq bilan muloqot qilishning samarali mexanizmlari joriy etilganligidir. Avvallari fuqarolarimiz hayotiga bevosita daxldor bo‘lgan qaror yoki huquqiy hujjatlar yoki davlat darajasidagi muhim strategik ahamiyatga ega hujjatlar qabul qilingandan keyingina ma’lum bir e’tirozlarga sabab bo‘lar edi.

Hozirda xalq bilan ochiq muloqot mexanizmlarining yanada takomillashtirilishi, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi natijasida qabul qilinayotgan har bir hujjat, eng avvalo, keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib keyin qabul qilinmoqda. Fuqarolarimiz nafaqat qabul qilish jarayonida, shu bilan birga, uning ijrosini ta’minlash jarayonida ham bevosita jamoatchilik nazorati tartibida ishtirok etib kelishmoqda.

Jumladan, jamoatchilik boshqaruvi tizimi takomillashtirilib, ommaviy axborot vositalariga erkinlik berildi. Fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy va siyosiy faolligi oshirildi. Davlat organlariga o‘z faoliyati yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha ommaviy axbort vositalari vakillari orqali hisobot berib borish, veb-saytlariga ular tomonidan amalga oshirilayotgan byudjet xarajatlari haqida to‘liq ma’lumotlarni joylashtirish majburiyati belgilandi.

Shuningdek, hokimlarning barcha qaror va farmoyishlari “E-qaror” elektron tizimida (e-qaror.gov.uz) doimiy ravishda e’lon qilib borilishi va ularni har bir fuqaro tomonidan kuzatib borish imkoni paydo bo‘ldi. Bu esa, fuqarolarga o‘z hududida xalq vakillari bo‘lgan deputatlar hamda hokimlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda manfaatlari qay darajada aks ettirib borilayotganligini kuzatib borish imkonini beradi.

Ushbu islohotlar eng quyi bo‘g‘in bilan birgalikda yuqori organlarda ham joriy etildi. Xususan, Hukumatni shakllantirishda Qonunchilik palatasining vakolatlari kengaytirildi. Jumladan, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari nomzodini Bosh vazir taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullash va Prezident tomonidan tasdiqlash tartibi, viloyat, tuman va shahar davlat organlari rahbarlarini lavozimga tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlash tartibi joriy etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joylardagi o‘rganishlari natijalari hamda saylovchilar tomonidan bildirilgan murojaatlarga samarali yechim topish maqsadida “Parlament eshituvi”, “Hukumat soati” tizimlari joriy etildi. Shuningdek, Oliy Majlis palatalarining ichki va tashqi siyosatga oid muhim vazifalarni hal etishdagi vakolatlari kengaytirildi.

Quvonarlisi, 2022 yil boshida boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, erishilgan natijalarni yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. Ushbu strategiya ham xalqimiz bilan bamaslahat, bugun dunyoda ro‘y berayotgan geosiyosiy vaziyatlarni, Harakatlar strategiyasi doirasida to‘plangan boy tajribani hisobga olgan holda yettita yo‘nalish va yuzta maqsad doirasida ishlab chiqildi.

Xususan, Taraqqiyot strategiyasining birinchi – Xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishi doirasida, inson qadrini yuksaltirish borasida boshlangan islohotlarni izchil davom ettirishga qaratilgan bir qator muhim maqsad va vazifalar belgilab berilgan.

Jumladan, xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish, mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish hamda «Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart» g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi «Xalqparvar davlat» milliy dasturining izchil amalga oshirilishini ta’minlash shular jumlasidandir.

Ushbu maqsadlarning hayotga tatbiq etilishi kelgusida ham xalq va davlat jipsligida ko‘zlangan maqsadlarning barchasiga o‘z vaqtida erishish, O‘zbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy egallashida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.

Farrux ABDUHAMIDOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA