Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot strategiyasi: Suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga 7 milliard metr kub suv iqtisod qilinadi
13:07 / 2022-02-25

Mamlakatimiz aholisining deyarli 60 foizi qishloqda yashaydi.

Ulardan aksariyatining tirikchiligi, daromadi, umuman, respublika aholisining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji bevosita qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq. Qishloq xo‘jaligini esa suvsiz tasavvur etish qiyin. 

Dunyo bo‘yicha haroratning isishi, iqlim o‘zgarishi va boshqa omillar ta’sirida bizning mintaqamizda ham suv resurslarining yildan yilga taqchilligi sezila boshladi. Shu tufayli suv resurslarini samarali boshqarish, undan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish dolzarb masalaga aylangan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida so‘nggi yillarda Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston bilan suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilgani transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni samarali hal etish imkonini bermoqda. Natijada barcha qo‘shni davlatlar bilan suvdan foydalanish sohasidagi ikki tomonlama shartnoma va kelishuvlar yangilanmoqda. 

Mintaqa davlatlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari evaziga suv tanqis yillarda ham obi hayotdan belgilangan limit asosida adolatli foydalanish choralari ko‘rilmoqda. Misol uchun, 2021 yilning bahorida yog‘ingarchilikning kam bo‘lgani, yoz chillasining o‘ta issiq kelishi, suv resurslari har yilgidan 25-30 foizga tanqis bo‘lishiga qaramasdan suvchilarimizning mashaqqatli mehnatlari evaziga iste’molchilarga yil davomida 44 milliard.m3, sug‘orish mavsumida 32,6 milliard.m3 suv yetkazib berildi. 

Suv tanqisligini yumshatish maqsadida tik quduqlarga  100 dona nasos hamda kollektor tarmoqlariga 1 ming 172 dona dizel nasosi o‘rnatilib, yer ostidan 395 million. m³ va zovurlardan 784 million. m³ suv olindi. Buning natijasida suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 352 ming gektar maydonga kerakli miqdorda suv yetkazib berildi. 

Yil davomida suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya-melioratsiya ishlari, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobidan 10 milliard m3, shu jumladan sug‘orish mavsumida 8 milliard m3 suv iqtisod qilindi. 

Bu boradagi ishlar keyingi yillarda ham izchil davom ettiriladi. Xususan,  davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida vazifalar belgilangan. Bunda suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard.m3suvni iqtisod qilish ko‘zda tutilgan. 

Oldingi yillarda boshlangan va o‘z samarasini bergan tizim – suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha sa’y-harakatlar izchil davom ettiriladi. 2022 yilda 260 ming gektarda suvni tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan, 230 ming gektarda tomchilatib, 28 ming gektarda yomg‘irlatib, 2 ming gektarda diskret sug‘orish tizimini joriy qilish hamda 218 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini lazerli uskuna orqali tekislash belgilangan.  

Irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hisobiga 308 ming gektar yer maydonining suv ta’minoti va 171 ming gektar yer maydonining meliorativ holatini yaxshilash, 6610 ta suv xo‘jaligi ob’ektida zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan.  

Suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va yerlarni lazer tekislash evaziga 3 milliard.m3, irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash tadbirlari hisobidan 3,1 milliard.m3, AKT va raqamli texnologiyalarni joriy etish, ekinlarni joylashtirishda suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish va sholini intensiv usulda ekish hamda qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish natijasida 0,9 milliard.m3 suvni iqtisod qilishga erishiladi. G‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekinlarni sug‘orish uchun ham suv yetkazib berilishi ta’minlanadi. 

bugungi kunda ushbu ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida har bir yo‘nalish yuzasidan amalga oshirish mexanizmlari belgilab olingan. Hozirga kelib O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dunyoda 16-o‘ringa chiqdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 1-o‘rinda turibdi. Amalga oshirilgan ishlar ko‘p, ammo bu sohadagi mavjud muammolar batamom hal etildi degani emas. 

Qo‘shni davlatlardagi soha xodimlari bilan hamkorlik ham alohida e’tiborimizda. Xususan, Qirg‘iziston Respublikasining janubidagi Jalolobod viloyatining Suzoq va Bozorqo‘rg‘on tumanlari dalalari “Andijon” suv omboridan olinadigan suv bilan sug‘oriladi. Teshiktosh gidrouzelidan boshlanadigan Paxtaobod kanalining 6,2 kilometr qismi Bozorqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tgan. Kuzgi-qish mavsumdagi ishlar doirasida qirg‘izistonlik suvchilar va dehqonlar Paxtaobod kanalining o‘zlariga tegishli hududini loyqadan tozalashdi.Suv taqsimlash nuqtalar  ta’mirlandi. 

Amu-Buxoro mashina kanali va Qarshi magistral kanaliga Amudaryodan suv olish, qo‘shni davlat hududida joylashgan suv xo‘jaligi inshootlarini ekspluatatsiya qilish masalasida Turkmaniston davlati suvchilari bilan birgalikda ishlar olib borilmoqda.  

Prezidentimiz o‘tgan yili sentyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Bo‘zatov tumanida bo‘lib, tumanda suv ta’minotini yaxshilash maqsadida “Amudaryo” daryosining PK-900 qismida sekundiga 3 metr kub suv chiqarish quvvatiga ega nasos agregatlarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq bergan edi.   

Shu kunlarda ushbu nasos agregatlari o‘rnatildi. Mazkur nasos agregatlari ishga tushirilishi natijasida Bo‘zatov tumani hududidagi “Erkindaryo” xo‘jaliklararo kanali bo‘yida joylashgan 1,5 ming xonadonning 210 gektar tomorqa maydonlari, 50 dan ortiq qishloq xo‘jaligi korxonalarining 2,8 ming gektar ekin maydonlari, 3,5 ming gektar yaylov maydonlarini sug‘orish hamda “Bo‘zatov” aholi punkti, “Qusxonatov” hududidagi aholini ichimlik suvi bilan, hududdagi chorva mollarini suv bilan ta’minlashdagi muammolar bartaraf etiladi. 

Davlatimiz tomonidan suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun 2022 yilda Davlat byudjetidan 1 trillion 182,4 milliard so‘m, shundan paxta xom ashyosi yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun 935 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan. 

Har yili sug‘orish mavsumida nasos stansiyalari, kanallar, gidrouzel va boshqa suv inshootlari to‘liq quvvat bilan ishlashi ta’minlangan. Sug‘orish mavsumi yakunlanganidan so‘ng suvchilar barcha inshootlarni ta’mirlash, tiklashga kirishadi.  

Bu yil ham kuzgi-qishki mavsumda nasos agregatlarini ta’mirlash, nasos stansiyalariga elektr energiyasi va suvning hisobini yurituvchi qurilmalarni o‘rnatish, irrigatsiya-melioratsiya inshootlarini tozalash, rekonstruksiya qilish, ularning bo‘yidagi roshlarni tekislab, yerga yer qo‘shish, ekin maydonlarini lazerli tekislash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.   


Shavkat  Hamroyev, 
O‘zbekiston Respublikasi  
suv xo‘jaligi vaziri 

O‘zA