2017–2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasida inson huquqlarini taʼminlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Islohotlar davomi sifatida Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi va keyingi besh yillikda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan bir qancha vazifalar belgilandi.
“Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” degan ezgu gʻoyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu dasturiy hujjatda yaqin va oʻrta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday boʻlishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan boʻlib, 7 ta ustuvor yoʻnalish yuzasidan keyingi besh yilda 100 ta maqsad va 398 ta vazifani amalga oshirish nuqtai-nazaridan chora tadbirlar belgilandi.
Taraqqiyot strategiyasining 15-maqsadida davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish boʻyicha bir qancha vazifalar belgilangan.
Xususan, maʼmuriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qoʻllash sohasini kengaytirish, «Xabeas korpus» institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini roʻyobga chiqarish, sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qatʼiy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni taʼminlash tizimini joriy etish maqsadlari belgilandi.
Shu bilan birga, sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik gʻov va toʻsiqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish boʻyicha ham aniq vazifalar amalga oshiriladi.
Nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qoʻllash doirasini yanada kengaytirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga gʻayriqonuniy tarzda taʼsir oʻtkazishning oldini olish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni yaratish ham nazarda tutilgan.
Sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish ham belgilangan.
Shu bilan birga, sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borilishi koʻrsatib oʻtildi. Mazkur belgilangan vazifalarning asosiy maqsadi sudlar faoliyatida va sud ishlarining koʻrilishida adolat va qonun ustuvorligining yanada taʼminlanishga erishish hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sud-huquq tizimidagi islohotlarni davom ettirish yoʻlidagi yana bir muhim hujjat boʻldi hamda ushbu Farmon asosi sifatida bir qancha islohotlar amalga oshirildi.
Shuningdek, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni kuchaytirish, odil sudlovining samaradorligini oshirish va taʼminlashdir. Bu sudlar tomonidan qabul qilingan hujjatlarning oʻz vaqtida soʻzsiz ijro etilishiga ham bogʻliq.
Farmonning ijrosi taʼminlanish maqsadida 2021-yil 1-yanvardan boshlab, viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumiy yurisdiksiya sudlari tashkil etildi. Bundan tashqari, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazildi.
Shuningdek, farmonga asosan qabul qilinadigan yangi qonunlar, sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni olib tashlash, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlaridan voz kechish, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishini taʼminlash va sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq boʻlishiga xizmat qildi.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-avgustidagi “Sud tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2020-yilning 3-sentyabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga koʻra, 2021-yildan boshlab sudlarda sud majlislari belgilangan tartibda audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash, ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish amaliyoti joriy etilayotganini taʼkidlash joiz.
Oliy sud tomonidan sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilayotganligi fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilinishida muhim qadam hisoblanadi.
Albatta bu amalga oshirilayotgan insonparvar ishlar natijasida sudlov ishlari koʻrilishida ham fuqarolarning ovoragarchiliklarining oldi olinadi va qulayliklar tugʻdiradi. Bunday ishlar oʻzining samarasini bermasdan qolmaydi.
Shu bilan birga shuni aytish joizki, muayyan ishni koʻrish jarayonida zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni ularni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish yoʻlga qoʻyiladi. Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga daʼvo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi 2022-yil 1-yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga joriy etilayotgani ham “Inson qadri uchun” tamoyiliga xizmat qilayotganligini koʻrishimiz mumkin.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistoning taraqqiyot strategiyasida belgilangan mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, birinchidan, fuqaro va yuridik shaxslar huquqlari hamda ularning qonuniy manfaatlari samarali himoya etilishida muhim vosita boʻlib xizmat qilsa, ikkinchidan sudlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir bir qancha maqsadlar va masalalarning belgilab berilishi bilan birga oʻz navbatida sudlarga masʼuliyat bilan yondashishni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Qudrat MATKARIMOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
kafedra dotsenti vazifasini bajaruvchisi,
yuridik fanlar doktori
OʻzA