Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot strategiyasi loyihasiga taklif bildirgan faol fuqarolar taqdirlandi
20:24 / 2022-03-25

25 mart kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasida faol ishtirok etgan bir guruh fuqarolarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

O‘tgan besh yil mobaynida Harakatlar strategiyasi doirasida xalq bilan muloqot qilish, amalga oshirilgan islohot va tashabbuslarni keng jamoatchilik hamda soha mutaxassislari ishtirokida muhokamadan o‘tkazish, faol fuqarolik nazoratini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Bunda har bir soha kesimida amalga oshirilgan islohotlarning natijadorligi, vazirlik va idoralarning hisobdorligi ortib, fuqarolar bilan doimiy asosda ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Muhimi, ushbu ochiqlik siyosati bugun olib borilayotgan islohotlarda ham bosh mezon bo‘lib kelmoqda. Jumladan, mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi ham to‘plangan tajriba va an’analardan kelib chiqqan holda, 2021 yilning 30 dekabridan 2022 yilning 15 yanvar sanasiga qadar keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.

Muhokamalar jarayonida barcha yurdoshlarimiz, fuqarolik jamiyati institutlari hamda davlat organlari faolligini yanada oshirish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan maxsus videorolik, infografik ma’lumot va slaydlar tayyorlanib, davlat va nodavlat teleradiokanallar, bosma va elektron nashrlar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali faol targ‘ibot ishlari olib borildi. Davlat organlari mas’ul xodimlari, soha mutaxassislari, olimlar, professor-o‘qituvchilar, turli soha vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida konferensiyalar, uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etildi.

Natijada muhokamalar davomida faqatgina elektron platformalar orqali 17 mingdan ortiq taklif va tashabbuslar bildirildi. Xususan, ko‘plab yurtdoshlarimiz, vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari tomonidan elektron pochta manzillari hamda telefon qo‘ng‘iroqlari orqali 1000 dan ortiq takliflar yuborildi.

Shuni alohida e’tirof etish joizki, Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilishda Harakatlar strategiyasiga nisbatan mamlakatimiz aholisining ishtiroki sezilarli darajada ortdi. Bu bilan hujjatning yanada xalqchilligi ta’minlandi. Harakatlar strategiyasi doirasida yo‘lga qo‘yilgan xalq bilan muloqot tizimi izchillik bilan davom ettirildi. Chunki, aynan Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ishlarni amalga oshirish jarayonida davlat organlarining aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti yo‘lga qo‘yildi.

Shu o‘rinda, Taraqqiyot strategiyasining har bir bosqichini amalga oshirishda jamoatchilik nazorati ishtirokining kuchaytirilayotgani ham e’tiborga molik. Tabiiyki, bunday nazoratni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani esa alohida diqqatga sazovor. Eng muhimi, har bir maqsadning amalga oshirilish jarayoni aholi tomonidan doimiy ravishda kuzatib borilishi ta’minlanmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Taraqqiyot strategiyasi loyihasi bo‘yicha taklif bildirgan barcha fuqarolarni ular tomonidan berilgan takliflarni amalga oshirish imkoniyati va holati to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida bugungi kunga qadar 2 mingdan ortiq fuqaroga takliflarining kelgusi taqdirini ma’lum qilishga qaratilgan tashakkurnomalar yuborildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahridan turib taklif bildirgan mahalliy Kengashlar deputatlari, davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda bir guruh faol fuqarolar ishtirok etdi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ushbu hujjat tom ma’noda xalq fikri va takliflari asosida shakllanganini e’tirof etdi. Markaz ekspert va mutaxassislari tomonidan fuqarolarning bildirilgan barcha takliflari, xususan, bu yilgi Davlat dasturiga kiritilmaganlari, kelgusida, albatta, hududlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishda foydalanish uchun sohalar kesimida taqsimlanib, tegishli vazirlik va idoralarga yetkazilayotganligi ma’lum qilindi.

Tadbir yakunida Taraqqiyot strategiyasi loyihasida faol ishtirok etgan bir guruh fuqarolarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Z.JONIBEKOV, O‘zA