Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot strategiyasi — keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy asosi
11:00 / 2022-02-05

Mamlakatimiz Prezidentining tegishli Farmoni bilan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

Ushbu hujjat kelgusi besh yilda mamlakatimizda «Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Ta’kidlash joizki, Taraqqiyot strategiyasi so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi tizimli ijobiy o‘zgarishlarning asosiy huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilgan «Harakatlar strategiyasi»ni hayotga tatbiq etish natijasida kelib chiqqan xulosalar hamda to‘plangan ulkan tajriba va samarali xulosalar natijalari hamdir.

Taraqqiyot strategiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilganligi, muhokamalar jarayonida xalqimiz tomonidan bildirilgan 17,5 mingdan ortiq taklif va mulohazalardan kelib chiqib, loyihaga 100 ga yaqin konseptual hamda 200 dan ziyod aniq xarakterga ega o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligining o‘zi ham bu muhim hujjat qay darajada xalqchil ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Shu o‘rinda inson qadrini yuksaltirish, erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish eng oliy qadriyat sifatida qaralgan ushbu hujjat loyihasining muhokamalarida Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, komissiyalar, deputatlar va Yoshlar parlamenti a’zolari ham o‘zlarining asoslantirilgan taklif hamda tavsiyalari bilan faol ishtirok etdi.

«Inson – jamiyat – davlat» degan tamoyil asosida shakllantirilgan «Inson qadri uchun», «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu dasturiy hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, 7 ta ustuvor yo‘nalish yuzasidan keyingi besh yilda 100 ta maqsad va 398 ta vazifani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Harakatlar strategiyasi doirasida beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha har yili qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilgan davlat dasturlarining ijrosi natijasida Yangi O‘zbekiston poydevorining tamal toshlari qo‘yildi.

Eng muhimi, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar Oliy Majlis palatalari faoliyatida ham muayyan ijobiy natijalarga erishilishi uchun zamin yaratdi.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda demokratik islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga qo‘shimcha vakolatlar berildi.

Birinchidan, hukumatning Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha parlament oldida har chorakda hisobot berishi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Shunga muvofiq, Qonunchilik palatasida hamda uning qo‘mitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida hukumatning tegishli yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisoboti har chorakda ko‘rib borilayotganligi belgilangan vazifalarning izchil bajarilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ikkinchidan, Oliy Majlisning faoliyatiga hukumat ishi ustidan parlament nazoratining muhim turi – muntazam ravishda o‘tkaziladigan «hukumat soati» instituti joriy etildi. Mazkur institut parlament nazorati faoliyatiga yangicha ruh olib kirdi. Zero, bu jarayon joylarda aholini tashvishga solib kelayotgan qator muammolar va masalalarni hal etishda ijro etuvchi hokimiyat hamda parlament hamkorligining eng samarali usuliga aylandi.

2021 yilda 7 marotaba «hukumat soati» o‘tkazilib, ularda hukumatning jami 8 nafar a’zosi xalq vakillarining dolzarb masalalarga doir savollariga atroflicha javob berdi.

Uchinchidan, ijro hokimiyatining xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirish hamda Vazirlar Mahkamasini shakllantirish tartibini yanada demokratlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan hukumat a’zolari nomzodlarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilish amaliyoti joriy etildi.

2021 yil davomida hukumat a’zoligiga 9 nafar nomzod Qonunchilik palatasining majlislarida ko‘rib chiqildi. Nomzodlarning muayyan sohani rivojlantirish bo‘yicha yaqin muddatga va istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi bilan deputatlar oldida chiqish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa o‘z navbatida, parlament nazoratining samaradorligini va deputatlar korpusining ham mas’uliyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

To‘rtinchidan, parlament nazorati ob’ektlari qatoriga xo‘jalik boshqaruvi organlari ham kiritildiShundan kelib chiqib, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ham parlament so‘rovini yuborish institutidan foydalanish natijadorligi kengaytirildi.

Beshinchidan, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini O‘zbekiston tomonidan bajarishga, mamlakatimizning xalqaro reytinglar va indekslardagi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga doir rejalar ijrosini nazorat qilish ham parlament amaliyotiga kirib keldi.

Shuni ta’kidlash joizki, o‘tgan davrda deputatlar korpusi parlament nazoratining an’anaviy institutlaridan ham samarali foydalandilar.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 2021 yil davomida 16 ta parlament so‘rovi yuborildi. Ularning natijasida ijtimoiy, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qurilish sohalaridagi, shuningdek aholini tashvishga solayotgan va qiynab kelayotgan bir qator muammolar hal qilindi. Quyi palata majlislarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining 23 marotaba axboroti «parlament eshituvi» tartibida   eshitildi, mansabdor shaxslarga 462 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan o‘tgan yilda 19 ta qonunning ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.

Qonunchilik palatasining o‘tgan davrdagi parlament nazorati yo‘nalishidagi faoliyatini yangicha mazmun-mohiyat bilan boyitish, amaliy natijadorlikka erishish, parlament nazorati natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaraldi.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yilda jami 160 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, 96 ta qonun qabul qilindi va ma’qullash uchun Senatga yuborildi. Jumladan:

ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi;

aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narxlar barqarorligini saqlab qolish hamda bu borada hukumatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilindi;

yer munosabatlarini tartibga solish, yerdan samarali foydalanishga qaratilgan «Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi «Dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi, «Tomorqa xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi;

xavfsizlikni ta’minlash sohasida «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi «O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida»gi, «Transport to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi;

sud-huquq sohasidagi islohotlarning huquqiy asoslariga takomillashtirishga qaratilgan «Sudlar to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi hamda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qator qonunlar qabul qilindi.

Taraqqiyot strategiyasida mamlakatning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli sub’ekti sifatidagi rolini oshirish borasida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlarga erishishda hamkor mamlakatlar bilan hamda xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha muvozanatli, doimiy muloqot olib borish, yirik xalqaro tadbirlarda O‘zbekistonning pozitsiyasini hamda umumjahon miqyosidagi tashabbuslarini ilgari surish, parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni jadallashtirish masalalari bundan buyon ham parlamentning doimiy e’tiborida bo‘lib qoladi.

Ushbu yo‘nalishda Parlamentlararo Ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi bilan amaliy hamkorlik rejalari tasdiqlanib, bugungi kunda bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi концепциясида Oliy Majlisning xalqaro hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish sohasidagi faoliyatini amalga oshirishning strategik maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari, prinsiplari hamda mexanizmlari belgilangan.

Bugun Qonunchilik palatasi xalqaro yo‘nalishdagi ishining natijadorligi oshib, xalqaro aloqalar geografiyasi kengaydi.

Agar 2019 yilda Oliy Majlisda xorijiy davlatlar parlamentlari hamda Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan jami 28 ta parlamentlararo guruh tuzilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu parlamentlararo guruhlar soni 52 taga yetdi va «O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorlik qo‘mitasi huzurida Oliy Majlis delegatsiyasi tashkil etildi.

Hozirgi vaqtda Oliy Majlis xalqaro aloqalarining keng ko‘lamli dasturi mamlakatimiz tashqi siyosiy yo‘lining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini ham ikki tomonlama shartnomalar yo‘nalishi bo‘yicha, ham xalqaro parlamentlararo tashkilotlarida dadil ilgari surish imkonini bermoqda.

Qayd etish joizki, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar va joriy yil bo‘yicha qabul qilingan Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining joriy yildagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda, avvalgi yillardan farqli ravishda butunlay yangicha g‘oya va maqsadlar asosida yondashildi.

Qonunchilik palatasining 2022 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiда va uni
2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida, shuningdek mamlakatimiz Prezidentining qator dasturiy ma’ruzalari, farmonlari va qarorlarida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi, parlament nazoratiga doir faoliyatini kuchaytirish, parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, parlament vakillarining xalq bilan doimiy muloqotini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish kabi ustuvor maqsad va vazifalar aks ettirilgan.

Shuningdek kelgusidagi faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari sifatida Qonunchilik palatasi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, deputatlarning o‘z saylovchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lish imkonini beruvchi alohida elektron platformani ishga tushirish va uni takomillashtirib borish hamda xalq vakillarining jamiyat hayotidagi eng muhim masalalarni hal etishdagi ishtirokini yanada kuchaytirishga doir bir qator vazifalar belgilangan.

Taraqqiyot strategiyasida qonun ijodkorligi va parlament nazorati jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash orqali jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi tashabbuskorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish masalalariga ham alohida ahamiyat berilgan.

Parlament faoliyatida ham mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlarga hamohang tarzda ochiqlik va shaffoflik bosh mezonga aylanib, qonun loyihalari muhokamasida jamoatchilik ishtiroki kengaytirilmoqda.

Xususan, Qonunchilik palatasining barcha majlislarini «O‘zbekiston» va «O‘zreport» telekanallarida hamda Qonunchilik palatasining «YouTube»dagi rasmiy sahifasi orqali jonli tarzda yoritish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Parlament faoliyati tadbirlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotganligi natijasida fuqarolar tomonidan bildirilgan ko‘plab taklif va fikr-mulohazalar qonun loyihalarini yanada takomillashtirishga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatining shaffofligini ta’minlashga hamda hukumat a’zolari, ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobdorligi darajasini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Media makonining talablari va ehtiyojlariga mos tarzda «Facebook»«Telegram» va «Instagram» kabi ijtimoiy tarmoqlar hamda «YouTube» videoxostingida «Oliy Majlis Qonunchilik palatasi» nomli rasmiy sahifalar ochilganligi palata faoliyatiga oid xolis, ishonchli axborot tarqatilish imkoniyatini bermoqda.

Taraqqiyot strategiyasida «Elektron parlament» doirasida deputatlarni o‘z saylovchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini raqamlashtirish masalalari bo‘yicha ham vazifalar belgilangan.

Bu borada Qonunchilik palatasida deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash, shu jumladan ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish, amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rib chiqilayotgan hujjatlar va saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish imkoniyatini beradigan «Qonun ijodkorligi faoliyati tizimi» www.qonun.gov.uz hamda «Deputatlar portali» www.deputat.gov.uz axborot tizimi ishga tushirildi.

bugungi kunda aynan deputatlar odamlarni bezovta qilayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskori bo‘lmoqda. Qonunchilik palatasi tomonidan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini, ularni amalda qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlarini aholining turli qatlamlariga tushuntirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Qonunchilik palatasi faoliyatida elektron hujjat aylanishi tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib uni yanada takomillashtirish ustida ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, «Elektron parlament» tizimini yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlar yanada rivojlantiriladi.

Taraqqiyot strategiyasida belgilab olingan maqsadlardan kelib chiqib, xalq deputatlari Kengashlarining hududlardagi islohotlar jarayonidagi rolini kuchaytirish maqsadida xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida ayrim deputatlarning doimiy asosda ishlashi tartibi hamda «Raqamli xalq deputatlari Kengashi» loyihasi doirasida mahalliy vakillik organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etiladi.

Qabul qilingan Davlat dasturida hududlarni rivojlantirish va investitsiya dasturlarini ishlab chiqish hamda muhokama qilishda hududdan saylangan deputatlarning ishtirokini kuchaytirish, parlament nazoratini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari tomonidan kelishilgan holda qarorlar qabul qilish hamda ularning ijrosini joylarda mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda ta’minlash amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Davlat dasturida deputatlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish masalalari alohida belgilab qo‘yilgan.

Jumladan «Hukumat soati»ni o‘tkazish doirasida hukumat a’zolariga onlayn ravishda fuqarolardan kelib tushayotgan tizimli muammolar bo‘yicha deputatlar tomonidan savollar berish tartibi joriy etiladi. Parlament palatalari a’zolarining saylovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishi, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini raqamlashtirish, deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash, fuqarolarning parlamentda muhokama qilinayotgan har bir masaladan xabardor bo‘lishini ta’minlash, saylovchilar bilan «qayta aloqa» imkoniyatlarini yanada kengaytiriladi.

Davlat rahbarining g‘oyalaridan kelib chiqib, deputatlar uchun parlament quyi palatasida zamonaviy, qulay va mutlaqo yangicha qiyofadagi «Parlament kutubxonasi» tashkil etildi. bugungi kun andozalariga mos tarzda qurilgan ushbu Parlament kutubxonasi zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlandi hamda kutubxona fondi yangidan-yangi siyosiy va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirildi. Kelgusida ushbu kutubxonaning imkoniyatlari yanada kengaytiriladi.

Deputatlarning saylov okrugida saylovchilar bilan tizimli muloqotini kuchaytirish, joylarda mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida deputatlar tashabbusi bilan deputat yordamchisi instituti joriy etildi va uning huquqiy asoslari yaratildi. Shundan kelib chiqib, kelgusida xalq vakillarining o‘z saylovchilari bilan yanada yaqinlashtirish, saylovchilarning kayfiyatidan doimiy ravishda xabardor bo‘lib turish maqsadida deputat yordamchilari faoliyati takomillashtiriladi.

Deputatlarning qonun ijodkorligi faoliyatini jonlantirish dolzarbligicha qoladi. 2021 yilda deputatlar tashabbusi bilan atiga 12 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, quyi palataga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan. Bu ko‘rsatkich juda oz hisoblanadi. Shu sababli deputatlarni bunday imkoniyatdan ko‘proq foydalanishi uchun tegishli choralar belgilanadi.

Siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari bilan ularning markaziy Kengashlari, mahalliy Kengashlar va undagi deputatlik guruhlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada rivojlantiriladi. Bunda, har yili parlamentning mahalliy Kengashlar bilan hamkorligi bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi, «Qonunchilik palatasi deputati – uning yordamchisi – mahalliy Kengash deputati» tizimi asosida qonun loyihalari bo‘yicha fikrlar va takliflarni olish, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida, parlament nazorati tadbirlarida mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari vakillarining ishtirok etishi, ularning fikrlarini olish, qabul qilingan parlament qarorlari ijrosini joylarda mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qonun loyihalarini ko‘rib chiqish sifatini yaxshilash maqsadida Qonunchilik palatasi qo‘mitalari huzurida tuzilgan ekspertlar guruhlari imkoniyatlaridan keng foydalaniladi, shuningdek, siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari majlislarida har bir qonun loyihasini nomigagina emas, balki bir necha bor tom ma’nodagi prinsipial muhokamalardan o‘tkazish amaliyoti davom ettiriladi.

Parlamentning qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2021 yilning noyabr-dekabr oylarida Parlament va Hukumat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qonun ijodkorligi sohasidagi ishlarni yangi yo‘nalishda tashkil etish maqsadida Qonunchilik palatasining Spikeri hamda Bosh vazir tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarini maromiga yetkazish borasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan Qonunchilik palatasi qo‘mitalari a’zolari va Vazirlar Mahkamasi tarkibiy bo‘linmalari xodimlari ishtirokida turkum seminarlar o‘tkazish» jadvali asosida Qonunchilik palatasi qo‘mitalari hamda Vazirlar Mahkamasining tarkibiy bo‘linmalari vakillari ishtirokida turkum seminarlar o‘tkazildi.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha har yili qabul qilinadigan davlat dasturlarida belgilangan ustuvor vazifalarning samarali bajarilishida ham parlament nazorati muhim o‘ringa ega ekanligidan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi faoliyati yangicha yondashuvlar asosida amalga oshiriladi.

Jumladan, kelgusida Hukumat, davlat tashkilotlari va mahalliy hokimliklarning qurilish, turizm va sport, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida, qishloq va suv xo‘jaligida, hunarmandchilik, pillachilik va qorako‘lchilik yo‘nalishlarida hamda investitsiya dasturlari doirasida 6 millionga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratish, ta’lim tizimida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini saqlash va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish dasturini amalga oshirish, respublikaning har bir hududi bo‘yicha ekologik vaziyatni yaxshilash, sanitar tozalash ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish, jumladan, aholi massivlarida «yashil bog‘lar» hamda «yashil jamoat parklari»ni tashkil etish borasidagi faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirishga, shuningdek aholini ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan yangi qonun loyihasini ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi nafaqat mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotini shu bilan birga, uning uzoq yillik rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanib, davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishida, mamlakatimizni modernizatsiya qilishda va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Xalq saylagan vakillar orqali fuqarolar manfaatlarini ifodalovchi haqiqiy demokratik organ sifatida shakllangan, davlat hokimiyati organlari tizimida munosib o‘rin egallagan parlament kelgusida ham Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashning faol ishtirokchisi bo‘lib qoladi.

 Nuriddinjon ISMOILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Spikeri