Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taraqqiyot strategiyasi bilimdonlari
10:18 / 2022-03-03

Namanganda viloyat prokuraturasi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida viloyatdagi mavjud oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Taraqqiyot strategiyasi bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi.

Ushbu tanlov davlatimiz rahbarining joriy yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi va talaba yoshlarning yurtimizda kechayotgan qizg‘in islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Tanlovda Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti talabalari ikkita shart bo‘yicha o‘z bilimlarini sinab ko‘rdi. Dastlabki shartda “Taraqqiyot strategiyasi”dan tuzilgan 20 savoldan iborat test bajarilgan bo‘lsa, keyingi shartda har bir qatnashchi to‘rt yilga mo‘ljallangan muhim dasturda belgilangan yo‘nalishlar asosidagi savollarga javob qaytardi.

Prokuratura, Yoshlar ishlari agentligi, adliya, “Yuksalish” umummilliy harakati vakillaridan tarkib topgan hakamlar hay’ati ishtirokchilarni baholab bordi.

Aql bahsining yakuniy natijalariga ko‘ra, Namangan davlat universiteti talabasi Ramziddin Tursunov g‘olib, deb topildi.

Tanlovning barcha g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi. Shuningdek, yuqori o‘ntalikdan joy egallagan yigit-qizlar hamkor tashkilotlar tomonidan yil davomida joylarda uyushtiriladigan “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi – yoshlar nigohida” mavzusidagi tadbirlarga targ‘ibotchi sifatida qabul qilindi. Yosh targ‘ibotchilar viloyatning chekka hududlaridagi yoshlarga ham “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida strategiyaning tub mazmun-mohiyatini yetkazishda yordam beradi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA