Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida navbatdagi strategik bosqichni belgilab berdi. Ushbu nutq nafaqat o‘tgan yillar sarhisobi, balki kelgusi islohotlarning aniq yo‘l xaritasi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydigan siyosiy hujjat sifatida ahamiyat kasb etadi.
“Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha yaratamiz” degan g‘oya Murojaatnomaning bosh g‘oyasiga aylanib, mamlakat taraqqiyotining faol, tashabbuskor va inson manfaatiga qaratilgan modelini yaqqol namoyon etdi.
Prezident tomonidan 2026 yil “Mahalla va jamiyatni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi chuqur siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy ma’noga ega. Chunki mahalla — bu jamiyatning eng quyi bo‘g‘ini emas, balki eng mustahkam tayanchi, inson manfaatlari to‘liq namoyon bo‘ladigan, davlat siyosati xalq hayoti bilan tutashadigan muhim ijtimoiy institutdir.
Mahalla tinch bo‘lsa — jamiyat tinch bo‘ladi. Mahallada adolat bo‘lsa — davlatga ishonch mustahkamlanadi. Mahallada bandlik ta’minlansa — kambag‘allikka o‘rin qolmaydi. Shu bois Prezident Murojaatnomada mahallaga nisbatan yangi, kompleks va tizimli yondashuvni taklif etdi.

Mahalla — bu faqat hududiy boshqaruv birligi emas, balki jamiyat barqarorligi, ijtimoiy hamjihatlik va ma’naviy birdamlikning asosiy tayanchi hisoblanadi. Prezident aynan shu nuqtaga alohida urg‘u berib, “mahalla tinch bo‘lsa, jamiyat ham tinch bo‘ladi” degan hayotiy haqiqatni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi.
So‘nggi to‘qqiz yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida iqtisodiyot hajmi 145 milliard dollardan oshdi, eksport va investitsiya ko‘rsatkichlari sezilarli o‘sdi, oltin-valyuta zaxiralari tarixiy darajaga yetdi. Eng muhimi, bu natijalar har bir mahalladagi real o‘zgarishlar — yangi uy-joylar, infratuzilma ob’ektlari, ish o‘rinlari va ijtimoiy xizmatlar orqali o‘z aksini topmoqda.
Prezident Murojaatnomada mahallaga oid masalalarni ilk bor kompleks yondashuv asosida belgilab berdi. Endi mahalladagi muammolar alohida-alohida emas, balki ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish bilan uyg‘un holda hal etiladi. Bu maqsadlarga ko‘plab mablag‘larning ajratilishi mahalla islohotlarining shunchaki shior emas, balki aniq amaliy dastur ekanini ko‘rsatadi.
Murojaatnomada belgilangan eng muhim vazifalardan biri — aholini doimiy daromadli qilish. Bu borada mahalla asosiy maydonga aylanadi. “Mahallalarda sanoat va xizmat” loyihalari orqali har bir hududda ishlab chiqarish va servis korxonalarini tashkil etish, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu yondashuv mahallani ijtimoiy yordam oluvchi emas, balki iqtisodiy faol hududga aylantiradi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha erishilgan natijalar mahalla tizimi samarali ishlayotganini ko‘rsatadi. Minglab mahallalarning “kambag‘allikdan xoli” hududga aylanishi, ehtiyojmand oilalar bilan manzilli ishlash, bolalarni ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish orqali jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillari mustahkamlanmoqda. Bu — mahalla orqali inson taqdiriga kirib borish siyosatining samarasidir.
Prezident ta’lim, ilm-fan va innovatsiya masalalarini ham mahalla bilan uzviy bog‘lab ko‘rsatdi. “Dual ta’lim”, texnikumlar va ish beruvchilar hamkorligi, startap va raqamli texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali mahallada voyaga yetayotgan yoshlar zamonaviy kasb va bilimlarga ega bo‘ladi. Bu esa mahallaning kelajakdagi salohiyatini belgilaydi.
Murojaatnomada jamiyatda qonun ustuvorligi, adolat, korrupsiyaga qarshi kurash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalalariga ham qat’iy munosabat bildirildi. Bu vazifalarning samarali ijrosi ham eng avvalo mahallada, odamlar orasida sezilishi lozim. Chunki adolat va ishonch mahallada qaror topsagina, davlatga ishonch mustahkamlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonni mahalladan boshlab qurish g‘oyasiga asoslangan. Bu hujjat — davlat, jamiyat va fuqaroning mushtarak mas’uliyatini belgilab bergan tarixiy murojaatdir. Endi bu vazifalarni hayotga tatbiq etishda har bir rahbar, har bir mutasaddi va har bir fuqaro mahalla taqdiri uchun shaxsan mas’ul ekanini anglashi zarur.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentning Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab bergan tarixiy hujjatdir. Bu Murojaatnoma raqamlar va rejalar yig‘indisi emas, balki inson taqdiri, mahalla hayoti va jamiyat kelajagi bilan chambarchas bog‘liq ulkan islohotlar dasturidir.
Mahalla — davlat va xalq o‘rtasidagi eng ishonchli ko‘prik sifatida belgilandi. Endi har bir islohot, har bir loyiha va har bir qaror avvalo mahallada o‘z ifodasini topishi, inson hayotida sezilishi lozim. Chunki mahalla farovon bo‘lsa, jamiyat barqaror, davlat esa qudratli bo‘ladi.
Bugun oldimizga qo‘yilgan vazifalar har bir rahbardan tashabbuskorlik, mas’uliyat va xalq dardiga yaqinlikni talab etadi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida berilgan ishonchni oqlash, Prezident belgilab bergan ustuvor yo‘nalishlarni amalda ta’minlash har birimiz uchun fuqarolik burchi hisoblanadi.
Zero, Yangi O‘zbekiston katta minbarlarda emas, avvalo har bir mahallada, har bir xonadonda, har bir inson mehnati va sadoqati bilan barpo etiladi.
Rustambek Tursunmurodov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashining raisi