Bugungi kunda barcha sohalarda aholiga qulaylik yaratish, qolaversa, raqamlashtirish tizimini yana-da takomillashtirishga urg‘u berilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda vaqtning behuda sarflanishining oldini olishdan iborat.
Jumladan, jamoat transportlaridan foydalanish bo‘yicha ham yangi tartib-qoidalar ishlab chiqildi. Xususan, yo‘l haqi to‘lovlarini karta orqali amalga oshirish joriy qilinib, bunda aholiga bir qator yengillik va qulayliklar taqdim etildi.
Biroq har doim ham islohotlar yetarlicha tushunilmaydi. Uning chegaralarini ko‘r-ko‘rona buzib o‘tuvchilar topiladi. Bundaylar shubhasiz taraqqiyot dushmanlaridir.
Gap shundaki, bugungi kunda avtobuslardan foydalanib, to‘lovni amalga oshirmayotgan yo‘lovchilar ham ko‘p uchramoqda. Vaholanki, buning oqibatlari muntazam ogohlantiriladi.
—Men jamoat transportlaridan, xususan, avtobusdan muntazam foydalanaman, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti uchinchi bosqich talabasi Shaxriyor Boymirzayev. — Ba’zida avtobusdan tushayotganda yo‘l haqini to‘lamay ketayotgaan yo‘lovchilarga ko‘zim tushadi. Bu meni ham ajablantiradi, shu bilan birga g‘azablantiradi. Negaki, kishi 1700 so‘m tejab, hech qachon boy bo‘lib qolmaydi. Bundaylar qonunlarni hurmat qilmasliklari vijdonsizlikdan deb bilaman. Chunki vijdoniga bo‘ysungan kishiga hech bir qoida o‘lchov bo‘lolmaydi.
Darhaqiqat, taraqqiyotning yuksalishi kichik omillardan boshlanadi. Bunga faqatgina hukumat emas, balki butun boshli millat mas’uldir. Shunday ekan, har birimiz o‘z mas’uliyatimizga befarq bo‘lmasligimiz shart. Shundagina birinchi navbatda insoniyligimizga, qolaversa, shu aziz yurtimizga munosib bo‘lmog‘imiz mumkin. Zero, vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchilar safida turish sharafidan mahrum bo‘lmaylik. Hech bo‘lmaganda, bunga to‘sqinlik qilmaslik ham foydadan xoli emas.
Sherbek Islomov, O‘zA