Bosh prokuraturada terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshqargan majlisda komissiya va ishchi guruh a’zolari, ya’ni Oliy sud, Ichki ishlar, Tashqi ishlar vazirliklari, Yoshlar ishlar agentligi, Mahallalar uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi, DXX va Bosh prokuraturaning tegishli boshqarma boshliqlari hamda mas’ul xodimlari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 sentyabrdagi “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarni jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida taqdim etilgan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Xususan, o‘nta murojaat o‘rganib chiqilib, komissiyaning muhokamasiga taqdim etilgani qayd etildi. Komissiya tomonidan har bir murojaat batafsil ko‘rib chiqilib, natijasi bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinishi ta’minlandi.

N.Abduraimova, O‘zA