Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqiqlangan mavsumda noqonuniy ov holati aniqlandi
16:17 / 2026-03-04

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ovchilikni rivojlantirish departamenti tasarrufidagi “Qozoqdaryo” davlat o‘rmon-ov xo‘jaligi inspektorlari tomonidan navbatdagi nazorat-reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida Qoraqalpog‘istondagi o‘rmon-ov xo‘jaligida Nukus tumanida yashovchi fuqaro A. S. tegishli ruxsatnomasiz, ov mavsumi yopilgan vaqtda o‘ziga qarashli ov quroli bilan bir bosh yovvoyi cho‘chqani noqonuniy ovlaganligi aniqlandi. Natijada hayvonot dunyosiga 6 million 180 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, har yili 1-martdan 15-avgustga qadar respublika hududida ov mavsumi yopiladi. Ushbu cheklov biologik resurslarni asrash, yovvoyi fauna vakillarining ko‘payishi davrida ularni muhofaza qilish hamda tabiiy muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu davrda ov qilish amaldagi qonunchilikka muvofiq qat’iy javobgarlikka sabab bo‘ladi. 

Holat yuzasidan ashyoviy dalil sifatida bir dona ov quroli va 14 dona o‘qlangan patron belgilangan tartibda Chimboy tumani Ichki ishlar bo‘limiga topshirildi. Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.