Ta’qiqlangan kitoblar ushlab qolindi
Respublikamiz hududiga olib kirilishi ta’qiqlangan diniy mazmundagi adabiyotlarni bojxona chegarasi orqali olib kirishga uringan shaxs Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi.
Unda “Istanbul – Buxoro” yo‘nalishida uchib kelib, bojxona nazorati hududining “yashil” yo‘lagi orqali harakatlangan fuqaro Q.S ning qo‘l yuklari hamda kuzatib borilayotgan yukining rentgen tasviri bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi. Natijada, ushbu fuqaroga tegishli yuklar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, 20 dona diniy mazmundagi kitoblar borligi aniqlandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli xulosasiga asosan 20 dona diniy mazmundagi kitoblardan 3 donasi O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilishi ta’qiqlanganligi sababli vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA