Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqiqlangan hududlarda nazorat va profilaktik tadbirlar kuchaytirildi
11:35 / 2025-06-12

Yoz faslining kirishi bilan Sirdaryo viloyatidagi daryo, kanal va boshqa suv inshootlarida cho‘milish bilan bog‘liq faoliyat faollashadi. Ammo har yili suvda cho‘kish bilan bog‘liq noxush holatlar kuzatilishi mazkur masalaga jiddiy yondashuvni talab etmoqda. Xususan, belgilanmagan, texnik va sanitar talablarga javob bermaydigan hududlarda cho‘milish ko‘pincha og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda.

Shu kabi holatlarning oldini olish, aholi va yoshlarning hayoti hamda xavfsizligini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Asror G‘ozixo‘jayev rahbarligida Guliston shahridagi cho‘milish taqiqlangan hududlarda navbatdagi profilaktik nazorat-reyd tadbirlari tashkil etildi.

Reydlar davomida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida “Do‘stlik” kanali bo‘ylarida dam olayotgan fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularga cho‘milish mumkin bo‘lmagan hududlardagi xavflar, xususan, suv tubining notekisligi, quyi oqimlar va yuqumli kasalliklar xavfi haqida keng tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ular belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish yuzasidan qat’iy ogohlantirildi.

Tadbir doirasida baydarka va kanoeda eshkak eshish bilan shug‘ullanayotgan sportchilar, ularning murabbiylari hamda kichik hajmli suv transporti (motorli qayiq, kater va boshqalar) egalariga xavfsizlikni ta’minlashga oid amaliy tavsiyalar berildi. Ularga himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish va faqat ruxsat etilgan hududlarda faoliyat yuritish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Guliston tumani hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi bo‘ylarida ham profilaktik faoliyat olib borilib, avval o‘rnatilgan “Cho‘milish taqiqlanadi” belgilarining holati ko‘rib chiqildi. Yaroqsiz bo‘lganlari yangilanib, zarur hududlarga qo‘shimcha belgilar o‘rnatildi.

Reydlar jarayonida cho‘milish taqiqlangan joylarda bo‘lgan yoshlar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Ota-onalarga farzandlarining xavfsizligini ta’minlashdagi shaxsiy mas’uliyatlari eslatildi.

— Har bir fuqaro, ayniqsa bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan ota-onalar, o‘z farzandlarining xavfsizligi uchun javobgar ekanini unutmasliklari kerak. Viloyatimizda har yili aniqlangan holatlardan kelib chiqib ayta olamizki, suvdagi halokatlarning katta qismi aynan belgilanmagan, texnik jihatdan talabga javob bermaydigan hududlarda ro‘y bermoqda. Biz ushbu holatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlarni muntazam va manzilli ravishda amalga oshiryapmiz. Bu nafaqat jazo chorasi, balki birinchi navbatda, inson hayotini asrashga qaratilgan keng qamrovli targ‘ibotdir, — deydi Sirdaryo viloyati FVB boshlig‘i o‘rinbosari Asror G‘ozixo‘jayev.  

Tadbir yakunida mutaxassislar tomonidan kichik hajmli suv transporti vositalarining texnik holati, maxsus himoya vositalari bilan jihozlanganlik darajasi o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli mutasaddilarga yozma ko‘rsatmalar va amaliy tavsiyalar berildi.

Bunday tadbirlar yoz mavsumi davomida barcha tuman va shaharlarda muntazam davom ettiriladi. Asosiy maqsad,  aholining suvdagi xavfsizligini ta’minlash va baxtsiz hodisalarning oldini olishdir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri