Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’qib etish – (stalking)ga nisbatan javobgarlik bormi?
14:18 / 2022-08-25

Huquqiy munosabat

Stalking – bu shaxsni ta’qib etish va shu orqali qo‘rqitish hisoblanadi. Ta’qib etuvchi jabrlanuvchini doimiy ravishda uning ixtiyoriga zid tarzda bezovta qila boshlaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar, stalkingga ko‘proq xotin-qizlar uchrab kelgan. 

Xo‘sh, “ta’qib etish” (stalking)ning mohiyati, ijtimoiy xavfli xususiyatlari qanday? Qonunchiligimizda “ta’qib etish” (stalking) tushunchasi kiritilganmi? Bu holatga uchragan xotin-qizlarga himoya orderi beriladimi? Shu kabi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muxriddin Shamsiddinov javob berdi. 

Stalking – ta’qib qilish jabrlanuvchiga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilish, jabrlanuvchini, uning oila a’zolarini yoki uning do‘stlarini kuzatish, Internet tarmog‘i axborot resurslari orqali jabrlanuvchiga xabar qoldirish, jabrlanuvchiga uning xohishiga zid ravishda sovg‘alar yuborish usulida amalga oshirilishi mumkin. 

Stalkingdan jabrlanuvchi ushbu ta’qib tufayli o‘z hayotiga nisbatan tahdidni his qiladi. Ushbu tahdid jabrlanuvchida qo‘rquv va vahimani yuzaga keltiradi. Ta’qibning doimiy ravishda amalga oshirilishi natijasida jabrlanuvchida ilojsizlik, tushkunlik va depressiya paydo bo‘ladi. Ta’qib qiluvchi aynan jabrlanuvchida paydo bo‘lgan qo‘rquv orqali uning hayotini boshqarishga, uni nazorat qilishga urinadi. 

Psixologlarning ta’kidlashicha, “stalker” – bu shaxsning o‘zi va boshqa odamlar bilan bo‘lgan munosabatlarini to‘liq nazorat qilishni xohlaydigan shaxsdir. Shu sababli, stalker odamlarning tinchini buzishga urinadi va shu orqali odamlar ustidan hukmronlik qilishga harakat qiladi. 

Ammo, stalker odamlarning xatti-harakatlarini nazorat qilish imkoniga ega emasligini qabul qila olmaydi hamda boshqalarga ruhiy zarar yetkazish bilan birgalikda o‘z insoniyligini ham yo‘qotib boradi.  

Shu sababli, stalking sodir etilishini bartaraf etish, jabrlanuvchining xavfsizligini ta’minlash hamda stalkerning xatti-harakatlariga huquqiy chora ko‘rish lozim. Chunki, ta’qibning davom etishi ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan jinoyatlarning sodir etilishiga zamin hozirlaydi. 

Shuni ta’kidlash lozimki, stalkingga qarshi kurashish faqat uni sodir etishga nisbatan alohida javobgarlik belgilash bilan chegaralanib qolmasligi kerak. Ushbu toifadagi huquqbuzarliklarga nisbatan jamiyat va davlatning harakatsiz munosabatda bo‘lishi uning “bulling” singari latent ko‘rinish kasb etishiga olib kelishi mumkin. 

Stalkingni cheklash to‘g‘risidagi qonun birinchi marta 1990 yilda AQSHda qabul qilingan. bugungi kunda stalking uchun AQSHdan tashqari Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Avstriya, Germaniya, Norvegiya, Daniya, Polsha, Italiya, Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya qonunchiligida alohida jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. 

Amaldagi qonunchilikda esa stalking uchun alohida javobgarlik nazarda tutilmagan. Ta’qib qiluvchining xatti-harakatlarida mavjud bo‘lgan jinoyat yoki huquqbuzarlik belgilariga qarab unga chora ko‘riladi. 

Shunga ko‘ra, stalking “shaxsiy hayot daxlsizligini buzish” (MJTK 461-modda), “haqorat qilish” (MJTK 41-modda), “mayda bezorilik” (183-modda), “o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish” (JK 112-moddasi), “o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish” (JK 129-modda), “bezorilik” (JK 277-modda) sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin. 

Ammo, noqonuniy ta’qib xatti-harakatida yuqoridagi huquqbuzarlik yoki jinoyat tarkiblarining mavjud emasligi huquqiy chora ko‘rishni istisno etadi. Ya’ni, huquq-tartibot va xavfsizlikni ta’minlovchi organlar ta’qib qiluvchilarga nisbatan chora ko‘rish va stalkingni to‘xtatish uchun huquqiy asosga ega bo‘lmaydi. 

Shu sababli, huquq-tartibot va xavfsizlikni ta’minlovchi organlar ta’qib qiluvchilarga nisbatan o‘z vaqtida chora ko‘ra olmaydi. 

Stalkingning qonunchilikda taqiqlanishi esa noqonuniy ta’qibdan jabrlanganlarga himoya orderi berish orqali davlat tomonidan ularning xavfsizligi ta’minlanishiga, huquq-tartibotni ta’minlovchi organlarning stalkingga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lmasligiga, ta’qib qiluvchining xatti-harakatlari nazoratga olinishiga imkon beradi. 
 

Gulnoza Boboyeva, 
O‘zA