Insoniyat tarixida shunday burilish nuqtalari bo‘ladiki, ular ming chaqirim olisdagi xalqlar taqdirini kutilmagan tarzda birlashtiradi. XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasining g‘arbiy chekkalarida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar ana shunday tarixiy jarayonlarga turtki berdi. 1863-yilda Kastus Kalinovskiy rahbarligida ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘oloni bostirilgach, uning ishtirokchilari surgun qilina boshlandi. Ayni shu davrda ilk belorus oilalarining qadami Turkiston o‘lkasiga yetdi. Bu shunchaki majburiy ko‘chish emas, balki o‘z vatanidan ayrilgan insonlarning begona yurtda yangi hayot boshlash, mahalliy aholi bilan til topishish yo‘lidagi mashaqqatli sinovi edi. O‘zbek xalqi esa o‘zining azaliy bag‘rikenglik an’analariga sodiq qolgan holda, ushbu musofirlarga boshpana berdi va ularning yangi vatanga moslashishi uchun zamin yaratdi.
“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, beloruslarning o‘lkamizga kirib kelishi bir necha tarixiy bosqichlarni qamrab oladi. Dastlabki davrda, ya’ni XIX asrning 60-yillarida bu jarayon asosan siyosiy surgun va harbiy xizmat bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, 90-yillarga kelib vaziyat o‘zgardi. Rossiyaning janubi-g‘arbiy guberniyalarida yer taqchilligi muammosi keskinlashgani bois, dehqon xo‘jaliklarining katta oqimi sharqqa yuz burdi. Uzoq va azobli yo‘l bosib kelgan bu odamlar Samarqand viloyati, Mirzacho‘l dashtlari va Farg‘ona vodiysi kabi unumdor yerlarga o‘rnashdilar. Ular mahalliy aholi bilan yonma-yon yashab, dehqonchilik madaniyatidagi tajribalarini o‘rtoqlashdilar. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, o‘lkaga kelganlar orasida nafaqat oddiy dehqonlar, balki malakali mutaxassislar – yer o‘lchovchilar, topograflar va harbiy ma’muriyat vakillari ham bor edi.
XX asr boshlariga kelib, beloruslarning jamiyatdagi o‘rni yanada mustahkamlandi. Bunga yaqqol misol sifatida Konstantin Pisarchik faoliyatini keltirish mumkin. Belorus dehqoni oilasida tug‘ilgan bu inson kasbi bo‘yicha yer o‘lchovchi bo‘lib, Qo‘qon shahridagi yer bo‘limida xizmat qilgan. Uning faoliyatidagi eng e’tiborga molik jihat shundaki, Konstantin Pisarchik mahalliy aholiga bo‘lgan chuqur hurmati tufayli o‘zbek tilini mukammal o‘rgangan. Bu ham yetmaganidek, 20-yillar boshida mahalliy yoshlardan yer tuzuvchi mutaxassislar tayyorlash kurslarini tashkil etgan. Bunday insonlarning hayot yo‘li ikki xalq o‘rtasidagi madaniy va ma’rifiy aloqalar naqadar chuqur ildizga ega ekanini ko‘rsatadi. 1920-yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand, Jizzax, Kattaqo‘rg‘on hududlarida belorus oilalari muqim yashab, xo‘jalik yuritishgan.
Ikkinchi jahon urushi yillari o‘zbek va belorus xalqlari do‘stligini sinovdan o‘tkazgan eng og‘ir davr bo‘ldi. Urush olovi ichida qolgan G‘arbiy hududlardan yuzlab zavod va fabrikalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. Ular bilan birga minglab belorus ishchilari va ziyolilari Toshkent hamda boshqa shaharlardan panoh topdilar. O‘sha mash’um yillarda taniqli belorus yozuvchisi Yakub Kolas ham Toshkentda yashab ijod qilgani adabiy aloqalarimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Ayni paytda, O‘zbekistondan frontga safarbar etilgan jangchilar orasida etnik beloruslar ham ko‘pchilikni tashkil etdi. Ulardan G.M.Stankevich, Ye.K.Stempkovskaya, A.N.Tyulga, Ye.S.Belyavin kabi yetti nafar urush qatnashchisi “Qahramon” unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu jasorat o‘zbek zaminida voyaga yetgan farzandlarning g‘alabaga qo‘shgan hissasidir.
Urushdan keyingi tiklanish davrida ham hamjihatlik an’analari davom etdi. 1966-yilda Toshkentda yuz bergan kuchli zilzila butun mamlakatni larzaga soldi. Vayron bo‘lgan shaharni qayta tiklash uchun Belorussiyadan ikki mingdan ortiq quruvchi bilan yetib keldi. Tarixchi Lyudmila Jukovaning yozishicha, ular qisqa muddat ichida 26,6 ming kvadrat metr turar-joy binolari va 980 o‘rinli maktab barpo etib, poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdilar. Qurilish ishlari yakunlangach, ko‘plab belorus mutaxassislari shu yerda qolib, o‘z taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘ladilar. 1970-yillarda Toshkent traktor zavodining ishga tushirilishi munosabati bilan texnik ziyolilarning yangi to‘lqini kirib keldi. Bu jarayon natijasida 1979-yilga kelib birgina Toshkent shahrining o‘zida 6 mingdan ortiq belorus istiqomat qilar edi.
Mustaqillik yillarida milliy o‘zlikni anglash va tarixiy xotirani tiklash borasidagi islohotlar natijasida turli millat vakillarining qadriyatlariga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan beloruslar jamiyatimizning faol a’zolari sanaladi. Garchi o‘tgan asrning 90-yillarida tarixiy vatanga qaytish jarayoni kuzatilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi qo‘p qirrali savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik aloqalari diaspora vakillari uchun muhim tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA