Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorraxasida: Turkistonga olib kelingan avstriyalik asirlar
09:51 / 2026-01-26

XX asr boshidagi global siyosiy ziddiyatlar dunyo xaritasini o‘zgartirish bilan birga, minglab insonlar hayotini butunlay boshqa o‘zanga burib yubordi. Birinchi jahon urushi davrida Turkiston o‘lkasi minglab avstriyalik harbiy asirlar uchun vaqtinchalik, ko‘plari uchun esa doimiy boshpanaga aylandi. Manbalarni o‘rganish asnosida ma’lum bo‘ladiki, bu davr faqat harbiy nazorat va cheklovlardan iborat bo‘lmagan. Aksincha, mahalliy aholi va xorijliklar o‘rtasidagi insoniy munosabatlar, kasbiy hamkorlik va madaniy almashinuv jarayonlari ham ustunlik qilgan.

Urushga qadar Turkiston general-gubernatorligi hududida avstriyaliklar deyarli yashamas edi. 1886 yilgi ma’lumotlarda Toshkentda istiqomat qilgan Luiza Tamata ismi, 1905 yilda esa Farg‘ona temir yo‘li loyihasiga qiziqish bildirgan tadbirkor R.F.Shubert nomi uchraydi. Biroq 1914 yildan boshlab vaziyat o‘zgardi. Jang maydonlaridan keltirilgan Avstro-Vengriya armiyasining 150 mingga yaqin askar va ofitserlari Turkiston harbiy okrugiga joylashtirildi. Ular dastlab kazarma va maxsus lagerlarda saqlangan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan shahar va qishloqlar hayotiga singib bordilar.

1916 yilning o‘rtalariga kelib, asirlarga nisbatan tartib sezilarli darajada yumshatildi. Ko‘pchilikka lagerdan tashqarida yashash va mehnat qilish huquqi berildi. Ayni shu davrda mahalliy aholining bag‘rikengligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Rasmiy qaydlarga ko‘ra, 1914 yil oxiridan 1917 yilning bahoriga qadar 1457 nafar askar va 72 ofitser qochishga muvaffaq bo‘lgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, qochoqlarning asosiy qismi avstriyaliklar edi. Ular uzoqqa qochmasdan, mahalliy aholi xonadonlarida jon saqladilar. O‘zbek dehqonlari va hunarmandlari ularga ish berib, og‘ir sharoitda omon qolishlariga ko‘maklashdilar.

Asirlar orasida turli soha mutaxassislari – muhandislar, agronomlar, me’morlar va san’at ustalari ko‘pchilikni tashkil etardi. Ularning salohiyati o‘lkadagi qurilish va madaniyat sohalarida qo‘l keldi. Xususan, 1915–1916 yillarda Buxoro temir yo‘li qurilishida avstriyalik muhandislar faol ishtirok etdilar. Murakkab temir-beton inshootlarni loyihalash va qurishda ularning texnik bilimlari muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, avstriyalik shifokorlar ham mahalliy aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib, sog‘liqni saqlash tizimidagi yetishmovchiliklarni to‘ldirishga hissa qo‘shdilar.

Madaniy hayotda ham jonlanish kuzatildi. Toshkent simfonik orkestri tarixida avstriyalik musiqachilarning o‘rni bo‘lakcha. Dirijyor F.Sedlyachek rahbarligidagi jamoa ijrolari mahalliy ziyolilarni Yevropa musiqasi bilan tanishtirdi. Samarqand shahrida esa monumental san’at sohasida o‘ziga xos hamkorlik yuzaga keldi. 1919 yilda haykaltarosh E.Rush tomonidan yaratilgan “Ozodlik” haykali qurilishida mahalliy ustalar bilan bir safda avstriyalik, chex va nemis quruvchilari mehnat qildi. Bu obida urush ayirgan xalqlar vakillarining mehnat maydonida birlashganini ifodalovchi ramzga aylandi.

Ilm-fan va tarixni o‘rganish yo‘nalishida ham e’tiborga molik faktlar mavjud. 1920 yilda Samarqanddagi qadimiy yodgorliklarni muhofaza qilish qo‘mitasida ishlagan sobiq asir Brukman taniqli arxeolog M.Ye.Masson bilan hamkorlik qildi. U Mirzo Ulug‘bek madrasasida olib borilgan arxeologik qazishmalarda qatnashib, tarixiy merosni o‘rganishga o‘z hissasini qo‘shdi. Masson o‘z xotiralarida Brukmanni ishiga puxta va samimiy inson sifatida ta’riflaydi. Bu xorijlik mutaxassislarning o‘lkamiz tarixiga hurmat bilan qaraganidan dalolat beradi.

Xalqaro tashkilotlar vakillarining tashriflari ham asirlar hayotiga ta’sir o‘tkazdi. Shvetsiya va Daniya Qizil Xoch jamiyatlari delegatlari (Xoken fon Shulman, kapitan A.Brun) kelgach, ularning sharoiti yaxshilandi. 1917 yilgi siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng asirlarga erkinlik berildi. Bu jarayonlar ularning jamiyatga integratsiyalashuvini tezlashtirdi.

1918 yilda Maks Grosser rahbarligida Xorijiy fuqarolar qo‘mitasi tuzilib, vatanga qaytish ishlari boshlandi. Brest tinchlik shartnomasidan keyin ko‘pchilik o‘z yurtiga qaytgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonda qolishni ma’qul ko‘rganlar ham bo‘ldi. Ular shifokor, quruvchi yoki muhandis sifatida faoliyatini davom ettirdilar. Avstriyada chop etilgan esdaliklarda sobiq asirlar Turkistonni qiyin kunlarda panoh bergan, odamlari mehr-oqibatli yurt sifatida iliq xotirlaydilar. Bugungi kunda tarixga aylangan ushbu voqealar xalqimizning bag‘rikengligi va insonparvarlik an’analarining yorqin namunasi bo‘lib qolmoqda.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA