Sharq xalqlari tarixida o‘zaro etno-madaniy aloqalar shunchaki geografik qo‘shnichilik bilan emas, balki qon-qarindoshlik, til birligi va mushtarak qadriyatlar bilan o‘lchanadi. O‘zbekiston hududida turk (usmonli) qatlamining shakllanishi va rivojlanishi ana shunday chuqur tarixiy asosga ega. Bu jarayon asrlar davomida siyosiy ittifoq, madaniy almashinuv va insoniy taqdirlar misolida sayqallanib bordi. Bugungi kunda tarixiy manbalar ushbu ikki xalq o‘rtasidagi rishtalarning naqadar mustahkam ekanidan dalolat beradi.
Ikki xalq o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tig‘iz aloqalarning yangi davri Amir Temur saltanati davriga to‘g‘ri keladi. 1402 yilgi Anqara jangi tarix sahifalarida faqat harbiy to‘qnashuv sifatida emas, balki madaniyatlar integratsiyasining boshlanish nuqtasi sifatida muhrlangan. Sohibqiron Amir Temurning uzoqni ko‘zlagan siyosati natijasida Samarqandga Turkiyadan o‘z kasbining mohir ustalari olib kelingan. Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning yozishicha, ular orasida nodir iste’dod egalari bo‘lgan toshtaroshlar, zargarlar va kamonchilar ko‘pchilikni tashkil etgan. Bu ustalar temuriylar davri me’morchiligining yuksalishiga, Samarqandning “Sayqali ro‘yi zamin”ga aylanishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shganlar. Shuningdek, manbalarda Shohrux Mirzo saroyidagi tantanalarda turk sozandalarining ishtiroki haqida ma’lumotlar ham saqlanib qolgan.
XVI asrga kelib, bu aloqalar harbiy-siyosiy hamkorlik tusini oldi. Shayboniylar davrida Movarounnahr qo‘shinlari tarkibida “rumiylar” (usmonlilar) deb nomlangan maxsus harbiy bo‘linmalar faoliyat yuritgan. Xususan, Baroq Sulton va uning o‘g‘li Bobo Sulton qo‘shinlari safida xizmat qilgan usmonli jangchilari 1553–1554 yillarda Qarshi va Shahrisabz shaharlari uchun bo‘lgan yurishlarda ishtirok etganlar. Ularning o‘tochar qurollardan foydalanish borasidagi mahorati mahalliy hukmdorlar tomonidan e’tirof etilgan. Bu holat o‘sha davrdagi harbiy san’at va tajriba almashinuvining yorqin namunasidir.
Iqtisodiy va maishiy hayotdagi yaqinlik ham e’tiborga molik. Asrlar davomida Buxoroning mirza va xattotlari Turkiyadan keltirilgan, “qog‘ozi istambuli” deb e’zozlangan sifatli qog‘ozdan foydalanishni ma’qul ko‘rganlar. XIX asr oxirlarida esa savdo aloqalari qishloq xo‘jaligi sohasiga ham ko‘chdi. 1890 yilda o‘zbek bozorlariga Turkiyadan ipak qurti tuxumi kirib kelgan bo‘lib, mutaxassislar uning sifati o‘sha davrda jahonda mashhur bo‘lgan fransuz navidan ham ustun ekanini qayd etganlar. Bu kabi savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki xalqning turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
XX asr boshlari O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida ma’rifiy uyg‘onish davri sifatida gavdalanadi. Turkiston o‘lkasiga Istanbuldan kelgan harbiy zobitlar va ziyolilar “Yosh turklar” harakati g‘oyalarini targ‘ib qilgan holda, mahalliy jadidlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdilar. Ular ta’lim tizimini isloh qilish, milliy o‘zlikni anglash masalalarida faol ishtirok etishdi. Birinchi jahon urushi davrida Rossiya imperiyasi tomonidan turklarga nisbatan cheklovlar qo‘yilganiga qaramay, Mustafo Subhi (1883–1921) kabi fidoyi insonlar “Yosh buxoroliklar” harakati bilan hamnafas bo‘lib, xalq orasida ma’rifat urug‘ini sochishda davom etdilar.
Bu davrdagi insoniy munosabatlarning eng ta’sirli jihati oilaviy rishtalarda namoyon bo‘ladi. Turkiyada tahsil olgan ko‘plab o‘zbek ziyolilari vatanga qaytganda, o‘zlari bilan turk qizlarini turmush o‘rtoq sifatida olib kelishgan. Mashhur bastakor Mutal Burhonovning yaqinlari Mazhar va Muammirlarning oilalari bunga misol bo‘la oladi. O‘zbek xonadonlariga kirib kelgan turk kelinlari o‘zlarining yuksak odob-axloqi, musiqiy didi va madaniyati bilan el orasida hurmat qozonganlar.
Tarixning eng og‘ir sinovlarida ham o‘zbek xalqi o‘zining bag‘rikengligini namoyish etdi. 1930-yillarning oxiri va Ikkinchi jahon urushi davrida stalincha qatag‘on siyosati tufayli minglab mesxeti turklari Kavkaz hududlaridan O‘zbekistonga majburan ko‘chirildi. Taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan bu xalq vakillari Toshkent va Sirdaryo viloyatlarining cho‘l hududlarini o‘zlashtirishda fidokorona mehnat qildilar. Yangi yerlarda barpo etilgan “Turk mahalla”lari qisqa vaqt ichida obod go‘shalarga aylandi.
Agar 1926 yilda o‘lkada bor-yo‘g‘i 374 nafar turk istiqomat qilgan bo‘lsa, 1989 yilga kelib ularning soni 100 mingdan oshdi. Garchi keyinchalik siyosiy cheklovlar olib tashlangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston ular uchun qadrdon vatanga aylanib ulgurgan edi. Bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turk diasporasi vakillari xalqimiz bilan bir tanu bir jon bo‘lib, Yangi O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida xizmat qilmoqdalar. Toshkentdagi Turk milliy madaniy markazi esa asrlar davomida sayqallangan do‘stlik va qardoshlik rishtalarining ramzi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA