Tarixning charxpalagi aylanib, insoniyat boshiga turli sinovlarni soladi. Urush olovlari, siyosiy bo‘hronlar va taqdir taqozosi bilan turli xalq vakillari o‘z yurtidan yiroqlarga bosh olib ketishga majbur bo‘ladilar. Sharq gavhari sanalmish O‘zbekiston azaldan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik maskani sifatida dunyoga tanilgan.
O‘z nomini qadimgi lotin tilidagi “romanus” – “rimlik” so‘zidan olgan rumin xalqi vakillarining serquyosh o‘lkamizga kelib qolishi ham ana shunday tarixiy jarayonlarning natijasidir. Bu voqealar shunchaki quruq qaydlar yig‘indisi emas, balki insoniylik, oqibat va o‘zbek xalqining madaniyatidan so‘zlovchi yorqin sahifalardir.
O‘tgan asrning boshlarida Turkiston o‘lkasida sanoqli ruminlar istiqomat qilgan bo‘lib, ular asosan hunarmandchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Biroq Birinchi jahon urushining boshlanishi vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi. Jang maydonlaridagi shiddatli to‘qnashuvlar natijasida minglab askarlar asirga olinib, turli hududlarga, jumladan, Turkistonga yuborildi. Mingdan ortiq rumin asirlarining taqdiri shu tariqa o‘zbek zamini bilan bog‘landi. Dastlabki yillarda ular uchun hayot sinovli kechgan bo‘lsa-da, mahalliy aholining xayrixohligi ularga kuch va madad berdi. 1917 yilning bahoriga kelib, siyosiy vaziyat yumshashi bilan asirlarning hayot tarzida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Elzas-lotaringlar va italyanlar qatorida ruminlar uchun ham maxsus homiylik kengashlarining tuzilishi ularning og‘ir qismatini biroz bo‘lsa-da yengillashtirdi.
O‘sha davrda mahalliy hokimiyat tomonidan milliy harbiy tuzilmalarni shakllantirish harakatlari boshlanganda, ruminlar orasida bunga qiziqish bildirganlar ko‘pchilikni tashkil etmadi. Bor-yo‘g‘i yuz nafar transilvaniyalik askar va yigirma to‘rt nafar ofitser yangi tuzilmalarga a’zo bo‘lishdi. Aksariyat asirlarning ko‘z o‘ngida faqat bir orzu – ona Vatanga qaytish istagi turardi. 1918 yilda tuzilgan Chet el fuqarolari ittifoqi ro‘yxatida 395 nafar rumin millatiga mansub kishi qayd etilgan. Keyinchalik sobiq asirlarga o‘z yurtlariga qaytishga ruxsat berilganda, ularning bir qismi bu imkoniyatdan foydalandi. Ammo taqdirini shu zamin bilan bog‘lashga qaror qilgan, o‘zbek xalqining mehriga ko‘ngil qo‘ygan bir guruh vakillari Turkistonda qoldilar.
Ikkinchi jahon urushi yillari o‘zbek xalqining insonparvarligi yana bir bor sinovdan o‘tdi va dunyoga namuna bo‘ldi. Urush olovi ichida qolgan hududlardan minglab insonlar O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, ular orasida rumin millatiga mansub insonlar ham bor edi. Taqdir taqozosi bilan Samarqand viloyatiga kelib qolgan o‘smir – bo‘lajak taniqli rumin yozuvchisi va publitsisti Xaralamb Zinkening hayoti bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ota-onasidan ayrilgan, urush dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bu bolani oddiy o‘zbek oilasi o‘z bag‘riga oldi. Abdurasul Jo‘rayev xonadoni Xaralamb uchun ikkinchi uyga, uning a’zolari esa qondosh jigarlarga aylandi. O‘zbek otaning mehri, tandirda yopilgan issiq non va samimiy munosabat uni o‘lim changalidan qutqarib qoldi.
Xaralamb Zinke keyinchalik jang maydonlarida mardlarcha kurashdi, g‘alabadan so‘ng o‘z vatani Ruminiyaga qaytdi. Ammo u umrining oxirigacha O‘zbekistonni, o‘ziga non va boshpana bergan Abdurasul otani unutmadi. Uning ijodida va xotiralarida o‘zbek xalqiga bo‘lgan cheksiz minnatdorlik tuyg‘usi hamisha ufurib turdi. Bu birgina inson taqdiri misolida minglab shunday voqealarning mohiyati namoyon bo‘ladi. Urushdan keyingi yillarda ham rumin millati vakillari yurtimiz rivojiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Xususan, o‘tgan asrning 60-yillarida Alisher Navoiy nomidagi Katta teatrda faoliyat yuritgan balet artisti Todor Papesku san’at ixlosmandlarining olqishiga sazovor bo‘ldi. Mamlakatimizda taniqli jarroh Yevgeniy Kipel, skripkachi Marineskolar oilasi kabi rumin diasporasi vakillari istiqomat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lib keldilar.
Statistik ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yurtimizda istiqomat qiluvchi ruminlar soni unchalik ko‘p emasligini ko‘ramiz: 1926 yilda 116 nafar, 1979 yilda 131 nafar va 1989 yilda 158 nafar. Biroq masalaning mohiyati raqamlarning katta-kichikligida emas. Gap turli millat vakillarining o‘zbek zaminida tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelayotganida, xalqimizning ularga nisbatan ko‘rsatgan yuksak insoniy munosabatidadir. Tarix sahifalariga muhrlangan bu voqealar o‘zbek xalqining naqadar bag‘rikeng, mehr-oqibatli va olijanob ekanligidan dalolat beradi. Bugungi tinch va osuda kunlarimizda ham bu tarixiy do‘stlik rishtalari, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari jamiyatimiz hayotida muhim o‘rin tutib kelmoqda.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA