Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi polyaklar
09:03 / 2026-02-28

Yevropaning shimoliy kengliklarida kechgan keskin siyosiy bo‘ronlar minglab chaqirim olisdagi Markaziy Osiyo tarixiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Bu murakkab tarixiy jarayonlar O‘zbekiston zaminini turli millatlar uchun najot qal’asiga aylantirdi. Ushbu xalqlar orasida slavyan oilasiga mansub polyaklar alohida o‘rin tutadi. Ularning yurtimizdagi kechmishi faqatgina quruq raqamlar yoki ko‘chishlardan iborat emas. Bu kechmish xalqimizning yuksak insonparvarligi va ikki uzoq o‘lka o‘rtasidagi madaniy ko‘prikning yorqin ko‘rinishidir.

O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, o‘tgan asrda Turkiston zamini polyak ziyolilari uchun o‘ziga xos tadqiqotlar maydoniga aylandi. Nikolay Korjenevskiydek tabiatshunos olim o‘nlab yillar davomida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da geografiya kafedrasini boshqardi. U O‘rta Osiyo muzliklarining ro‘yxatini tuzib chiqqan edi. Olim Pomir va Tyan-Shandagi yetmishdan ortiq muzliklarni teran tahlil qilib, ilm-fanga hissa qo‘shdi. Tibbiyot sohasida esa asabshunos shifokor Mstislav Fedorovichning xizmatlari beqiyosdir. U 1918-yilda Toshkentda tabiiy usullar bilan davolash klinikasini ochdi.

Polyaklarning Turon hududida paydo bo‘lishi aslida uzoq o‘tmishga borib taqaladi. XIII asrda vatikanlik elchi sifatida yo‘lga chiqqan vrotslaflik rohib Polyak Sirdaryo havzasi bo‘ylab harakatlangan. U Orol dengizidan Balxash ko‘ligacha bo‘lgan masofani bosib o‘tadi. Bu sayyoh mintaqa xalqlari haqida nodir ma’lumotlar qoldirgan. Biroq, polyak muhojirlarining Turkistondagi to‘laqonli shakllanishi XIX asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Rossiya imperiyasining o‘lkani bosib olish yurishlari o‘z tarkibidagi Polsha yerlaridan ko‘plab harbiylarni bu yerga boshlab keldi.

Dastlabki yillarda bu yerdagi muhojirlar soni juda kam edi. Birgina Toshkent shahrida 1871-yilda o‘n sakkiz nafar polyak ro‘yxatga olingan. Asr oxiriga kelib esa ayni voqelik butunlay o‘zgardi. Kaspiyorti viloyatida aholining bir foizini polyaklar tashkil etdi. Sirdaryo viloyatida ham bu ko‘rsatkich qariyb bir foizga yetgan edi. Eng yirik jamoa Toshkent uyezdida shakllanib, ularning soni ikki ming ikki yuz o‘n to‘rt kishini tashkil qildi. Ular orasida erkaklar sonining ko‘pligi harbiy xizmat va temir yo‘l qurilishidagi mehnat bilan izohlanadi.

XX asrning boshlari polyaklar hayotida o‘ta og‘ir sinovlar davri bo‘ldi. Birinchi jahon urushi davrida Turkistonga german va avstro-venger armiyalarining harbiy asirlari keltirildi. 1915-yildan boshlab Polsha hududidan sakkiz mingdan ortiq qochoqlar ko‘chirildi. Mahalliy aholi va xayriya jamiyatlari boshpanasiz qolgan bu insonlarga beminnat yordam ko‘rsatdi. Toshkent, Qo‘qon va Samarqand shaharlarida yordam ko‘rsatish jamiyatlarining bo‘limlari faol ish olib bordi. Bu o‘zbek xalqining azaliy mehr-muruvvat fazilatlarini yana bir bor namoyon etdi.

Urush oqibatida mintaqadagi polyaklar soni keskin ortdi va ma’lum bir tizim doirasida joylashtirildi. 1920-yilgi aholi ro‘yxatiga ko‘ra, Samarqand viloyatining shaharlarida yetti yuz yigirma nafar polyak yashagan. Sirdaryo viloyatida esa ularning soni uch ming bir yuz o‘n uch kishiga yetgan edi. Faqatgina Toshkent shahrining o‘zida ikki mingdan ziyod polyak qayd etilgan. Ko‘plab qochoqlar keyinchalik mahalliy fuqarolikni qabul qilib, shu yerda qolib ketdi. San’at sohasida rassom va faylasuf Yuzef Chapskiy, etnograf Pisarchik kabi insonlar o‘z ijodini ushbu zaminda davom ettirdilar.

Ikkinchi jahon urushi arafasidagi zo‘ravonliklar yangi muhojirlar to‘lqinini paydo qildi. 1939-yilda G‘arbiy Ukraina va Belorussiyaning qo‘shib olinishi ortidan ko‘plab insonlar badarg‘a qilindi. Keyinroq Sileziya konchilari va Krayova armiyasi askarlari ham majburan ko‘chirib keltirildi. Bu davrdagi eng muhim tarixiy voqealardan biri general Vladislav Anders armiyasining aynan O‘zbekiston hududida shakllantirilganidir. 1941-yilning kuzida bu qo‘shin safida qirq ikki ming nafar askar bor edi. Siyosiy kelishmovchiliklar sababli 1943-yilda qo‘shin mamlakatni tark etdi.

Anders qo‘shini bilan birga yetmish besh ming harbiy va o‘ttiz yetti ming oila a’zolari chiqib ketdi. Qolgan polyaklar esa majburan sovet fuqarolari deb e’lon qilindi va turli ta’qiblarga uchradi. 1944 va 1945-yillarda polyak aholisini ommaviy olib chiqish ishlari amalga oshirildi. Oqibatda bu yerda yigirma yetti mingga yaqin polyak aholisi qoldi. Ularning faqat o‘ndan bir qismi sof etnik polyaklar edi. Keyingi o‘n yilliklarda ularning soni muttasil kamayib bordi. 1989-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda uch mingga yaqin polyak qolgan edi.

Sobiq sovetlar hukmronligi barham topgach, muhojirlarning ko‘pchiligi o‘z tarixiy vataniga qaytdi. Biroq ularning yurtimizdagi faoliyati tarix zarvaraqlarida iz qoldirdi. O‘zbek zamini asrlar davomida turli xalqlar uchun mehr-oqibat va najot beshigi vazifasini bajarib keldi. Polyak diasporasining yurtimizdagi tarixi buning yorqin va hayotiy isbotidir. 

Alisher Egamberdiyev, O‘zA