French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi ozarbayjonlar
08:08 / 2026-02-02

Arxeologiya fani ba’zan shunday dalillarni taqdim etadiki, ular biz bilgan tarix sahifalarini qayta mushohada qilishga undaydi. Farg‘ona vodiysining So‘x tumanidan topilgan, miloddan avvalgi II ming yillikka mansub noyob tosh tumor – aynan shunday sirli topilmalardan biridir. Farg‘onalik qadimgi ustalar tomonidan yasalgan, bir-biriga chirmashgan ikki ilon tasviri tushirilgan ushbu yodgorlikning minglab chaqirim olisdagi – Eron Ozarbayjoni hududidan topilgan tosh buyum shaklini hayratlanarli aniqlikda takrorlashi shunchaki tasodifmi? Ushbu “tilsiz guvoh” shundan dalolat beradiki, o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi madaniy-iqtisodiy mushtaraklik ming yillar avval mavjud bo‘lgan.

Asrlar silsilasida bu aloqalar Buyuk Ipak yo‘lining “qon tomirlari” orqali muntazam oziqlanib bordi. VIII–XII asrlardayoq Buxoro, Samarqand va Shosh shaharlari Kavkazning savdo va madaniyat o‘choqlari bilan uzviy bog‘langan edi. Bu hamkorlikning yuksak cho‘qqisi Amir Temur va temuriylar davriga to‘g‘ri keladi. Manbalarning guvohlik berishicha, Sohibqironning g‘olibona yurishlaridan so‘ng Movarounnahrga olib kelingan ozarbayjonlik mohir me’morlar va toshyo‘narlar yurtimizning me’moriy qiyofasini shakllantirishda muhim o‘rin tutganlar. Xususan, Samarqanddagi Amir Temur jome masjidi va Shahrisabzdagi tengsiz Oqsaroy majmuasining badiiy bezaklarida ularning nozik didi o‘z aksini topgan. Usta Muhammad Yusuf Tabriziy kabi o‘z ishining fidoyilari nomi naqshlar qatiga bitilib, abadiyatga muhrlandi. Aynan Hindiston va Ozarbayjon san’ati ta’sirida, o‘sha davr Movarounnahr me’morchiligida g‘isht bilan bir qatorda toshdan foydalanish, bino poydevorini mustahkamlashning yangi usullari keng joriy etildi.

Ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlik nafaqat saroylar ziynatida, balki oddiy xalq turmush tarzida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Bokuning eski shahar qismida buxorolik savdogarlar uchun maxsus qurilgan “Buxoro” karvonsaroyining saqlanib qolgani o‘rta asrlardagi iqtisodiy aloqalar ko‘lamidan darak beradi. Shuningdek, ozarbayjon xonadonlarida urf bo‘lgan “Buxor” nomli bezak kaminlarining o‘zbek uylaridagi tokcha va mehroblarni eslatishi – maishiy hayotdagi mushtaraklikning isbotidir. XV asrda yashagan ozarbayjonlik olim Abdurrashid Bokuviy o‘z asarlarida Samarqand va Buxoro tavsifiga keng o‘rin ajratgan bo‘lsa, XVI asrda Buxoroda yashab ijod qilgan faylasuf Mirzajon Sheroziy va keyinchalik Samarqand ilmiy muhitida tanilgan Yusuf Qorabog‘iy kabi mutafakkirlar ma’naviy dunyomizni boyitishga munosib hissa qo‘shdilar.

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlariga kelib, tarixiy rishtalar sanoat va ma’rifatparvarlik yo‘nalishida yangi bosqichga ko‘tarildi. Turkiston o‘lkasida sanoatlashtirish jarayoni boshlanganda, ayniqsa, 1904 yilda Chimyonda ilk neft favvorasi otilganda, Boku neftchilarining ko‘p yillik tajribasi havodek zarur edi. Shu davrdan boshlab, Farg‘ona vodiysidagi “qora oltin” konlarida mehnat qiluvchi ozarbayjonlik mutaxassislarning katta guruhi shakllandi. Ma’rifiy jabhada esa jadidchilik harakatining faollari sahnaga chiqdi. 1906 yilda Samarqandda yangi usuldagi maktab ochgan Saidrizo Alizoda hamda – “Buxoroi sharif” gazetasiga muharrirlik qilgan Mirzo Jalol Yusufzodaning faoliyati millat ziyosi yo‘lidagi fidoyilik namunasidir. Ular nafaqat maktab ochdilar, balki mahalliy aholining dunyoqarashini o‘zgartirish, ilm-ma’rifat tarqatish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdilar.

“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, murakkab siyosiy jarayonlar, xususan, 1944 yilgi ko‘chirish siyosati va 1966 yilgi Toshkent zilzilasi ko‘plab ozarbayjon oilalarining taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘ladi. Taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan bu insonlar o‘zbek zaminini o‘zlari uchun ikkinchi Vatan deb bildilar. Til va din birligi, urf-odatlarning yaqinligi ularning jamiyatimizga tez qo‘shilib ketishiga zamin yaratdi. Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi cho‘llarni o‘zlashtirishda, Gazli shahridagi gaz sanoatining rivojida ularning mehnati beqiyos. 1970 yillarga kelib birgina Toshkent viloyatining o‘zida o‘n mingdan ziyod ozarbayjon millatiga mansub aholi istiqomat qilgani ham bu jarayonning ko‘lamidan dalolat beradi. 

O‘zbekiston zaminida yashab ijod qilgan, asli Bokuda tug‘ilgan, lekin o‘zbek adabiyotining faxriga aylangan Maqsud Shayxzodaning nomi ikki xalq do‘stligining yorqin timsoli sifatida qadrlanadi. Uning “Jaloliddin Manguberdi” va “Mirzo Ulug‘bek” kabi o‘lmas asarlari o‘zbek xalqining shonli tarixini ulug‘lashga xizmat qilmoqda. Yurtimizdagi ozarbayjon diasporasi vakillari o‘zlarining milliy bayramlari, xususan, Navro‘z ayyomini o‘zbek birodarlari bilan birgalikda, paxlava va shakarbura kabi shirinliklar tortiq qilib nishonlashi azaliy an’anaga aylangan. Qadimgi davrlardan boshlangan bu tarixiy yo‘l bugungi kunda ham davom etib, ikki qondosh xalqning abadiy do‘stligiga guvoh bo‘lib kelmoqda.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA