English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi litvalar
10:12 / 2026-02-11

Minglab chaqirim masofa, turli iqlim va o‘zgacha madaniyat. Bir qarashda Boltiq dengizining salqin qirg‘oqlari va Markaziy Osiyoning quyoshli vodiylari o‘rtasida hech qanday umumiylik yo‘qdek tuyuladi. Ammo tarix sahifalarini sinchiklab varaqlasak, bu ikki o‘lka o‘rtasidagi insoniy rishtalar qanchalik mustahkam ekaniga guvoh bo‘lamiz.

O‘zbek zamini asrlar davomida turli taqdir egalarini o‘z bag‘riga olgan, ularga ikkinchi Vatan bo‘lgan maskandir. Litvalarning yurtimizdagi tarixi ham ana shunday murakkab, sinovli va ayni paytda ibratli voqealarga boy. Bu tarix XVII asirdagi ilk tasodifiy uchrashuvlardan boshlanib, bugungi kungacha davom etib kelmoqda.

XVII asrga oid manbalarda Turkiston savdogarlarining Rus davlati hududida “litvalik asirlar” bilan duch kelgani haqida ayrim ishoralar mavjud. Bu dastlabki aloqalar parokanda xarakterga ega edi. Litvalarning O‘zbekiston hududida muqim jamoa sifatida shakllanishi esa XIX asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Rossiya imperiyasi armiyasi tarkibida va keyinchalik turli fuqarolik xizmatlari yuzasidan yurtimizga kelgan litvalar dastlab Toshkent, Samarqand va Farg‘ona vodiysi shaharlarida qo‘nim topdilar. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da yoziligicha, XX asr boshlariga kelib, Turkiston o‘lkasida mingga yaqin litva istiqomat qilardi. Ular orasida harbiylar, hunarmandlar va ziyolilar salmoqli o‘rin egallagan.

Adodlarimiz azaldan diniy bag‘rikenglikni muhim qadriyat deb bilishgan. O‘zga din vakillariga ham bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishgan. Tarixchi Lyudmila Jukovaning ma’lumot yerishicha, 1902 yilda Turkistondagi litvalar hayotida o‘zgarish bo‘ldi. Shu yili Markaziy Osiyo katoliklarining diniy rahbari etib ksyondz Yustin Pranaytis tayinlandi. Uning rahbarligidalitvalar hayotida jonlanish yuz berdi. Toshkent, Samarqand va Skobelev (hozirgi Farg‘ona)da ibodatxonalar qurildi. Ular uzoq yurtdan kelgan insonlar uchun ruhiy tayanch, o‘zlikni saqlash maskani vazifasini o‘tadi. 

Tarix charxi aylanib, Birinchi jahon urushi boshlanganda, o‘lkaga qochoqlar va harbiy asirlar oqimi kirib keldi. 1915 yilda urushdan qochgan litvaliklar uchun maxsus boshpana tashkil etildi. “Polyak kostyoli” qoshidagi yotoqxonada oltmishdan ortiq kishiga joy berildi va ular ish bilan ta’minlandi. Og‘ir kunlarda ko‘rsatilgan bu g‘amxo‘rlik ko‘plab oilalarning jonini saqlab qoldi. 1917 yilning may oyida Toshkentda “Viltis” (Umid) jamiyatining tuzilishi jamoaning ijtimoiy hayotdagi faolligini yangi bosqichga ko‘tardi. Bu jamiyat litvalik millatdoshlarni birlashtirish, ularga ma’naviy va moddiy ko‘mak berishda muhim o‘rin tutdi.

Ikkinchi jahon urushi yillari o‘zbek va litva xalqlarining taqdiri yana bir bor tutashdi. Evakuatsiya qilingan minglab insonlar qatorida litvalar ham O‘zbekistondan panoh topdilar. Umumiy dushman – fashizmga qarshi kurashda o‘zbekistonlik litvalar ham mardlik namunasini ko‘rsatdilar. Vilenas Volfas, Viktor Poznyak va Grigoriy Mats kabining ko‘rsatgan jasorati Qahramon unvoni bilan taqdirlandi. Urushdan keyingi yillarda, xususan, 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng shaharni qayta tiklashda litvalik quruvchilarning hissasi beqiyos bo‘ldi. Ular qisqa muddatda poytaxtimiz aholisi uchun 300 xonadondan iborat to‘rtta ko‘p qavatli uyni qurib bitkazdilar. Bu uylar do‘stlik va hamjihatlikning ramzi bo‘lib qoldi.

O‘zbekistondagi litvalar jamoasi son jihatdan ko‘p bo‘lmasa-da, mamlakat ilm-fani va madaniyati rivojiga ham munosib hissa qo‘shdi. Yadro fizikasi sohasi bilimdoni B.Vitoltas, tibbiyot fanlari doktori G.Mankus kabi olimlarning izlanishlari yuqori bahoga loyiq. Me’morlar A.Jmuyda va G.Jmuyda, haykaltarosh Ya.Kuchis, rassom A.Chitkauskas va vitraj ustasi I.Lipene kabi ijodkorlarning asarlari bugun ham yurtimiz madaniy qiyofasiga o‘zgacha fayz bag‘ishlab turibdi. Ular o‘z iqtidori va mehnati bilan o‘zbek san’ati xazinasini boyitdilar. Toshkent va Samarqandda istiqomat qilayotgan litvalar o‘z milliy urf-odatlarini asrab-avaylab kelmoqdalar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekistondagi litvalar tarixi  insonparvarlik, bag‘rikenglik va do‘stlik haqidagi jonli hikoyadir. Asrlar davomida turli millat vakillarining bu zaminda tinch-totuv yashashi, o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan sharoit o‘zbek xalqining azaliy qadriyatlaridan dalolat beradi. Taqdirlar chorrahasida kesishgan yo‘llar bizni nafaqat o‘tmish xotirasi, balki kelajakka bo‘lgan ishonch bilan ham bog‘lab turadi. Zero, tarix sinovlaridan o‘tgan do‘stlik har qanday boylikdan ustundir.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA