English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi koreyslar
08:43 / 2026-02-25

Samarqandning qadimiy Afrosiyob saroyi devorlarida sirli va nodir bir manzara aks etgan. VII asrga oid bu muhtasham topilmada So‘g‘d hukmdori Varxuman xorijiy elchilarni qabul qilmoqda. Ular orasida Koguryo vakillari ham turibdi. Bu tasvir ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar nihoyatda qadimiyligini tasdiqlaydi. Olimlarning tadqiqotlari koreys millatining ildizlari bevosita Turon va Oltoy hududlariga borib taqalishini ko‘rsatadi. Bu o‘xshashliklar nafaqat tashqi ko‘rinishda, balki til qonuniyatlarida ham namoyon bo‘ladi. Olis tariximizda millatlarni birlashtiruvchi mushtarak ildizlar yashiringan.

VIII asrning suronli yillarida Choch, ya’ni bugungi Toshkent murakkab harbiy yurishlarga guvoh bo‘ldi. Xitoy qo‘shinlariga asli koreys bo‘lgan sarkarda Gao Syan-Chji boshchilik qilgan edi. Uning harbiy rejalari mintaqa tarixida chuqur iz qoldirdi. Biroq 751 yilgi mashhur Talas jangidagi mag‘lubiyatdan so‘ng vaziyat keskin o‘zgardi. Qadimiy Chao sulolasining avlodlaridan biri Turon shaharlarini kezib chiqdi. U, xususan, ko‘hna va navqiron Samarqand diyorida bo‘ldi. Shundan so‘ng asrlar davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar haqida manbalar uchramaydi. Faqatgina XIX asrning oxirlariga kelib, koreyslarning yurtimiz hududida qayta o‘rnashishi kuzatiladi.

1924-yilda Toshkentda koreyslarning dastlabki jamoat uyushmasi tuzildi. Bu tashkilot butun mintaqadagi millatdoshlarni o‘z atrofida mustahkam jipslashtirdi. 1933-yilga kelib, Toshkent viloyatining o‘zida yigirma ikkita koreys xo‘jaligi bor edi. Yoshlarning ta’lim olishiga, ilm-fanni egallashiga e’tibor yanada kuchaydi. 1926-yilda ularning soni bor-yo‘g‘i o‘ttiz kishini tashkil qilgan edi. Biroq tez orada mintaqamizdagi bu holat mutlaqo o‘zgarib ketdi. Yurtimiz ko‘plab insonlar uchun ikkinchi Vatanga aylandi.

1937-yilgi qatag‘onning achchiq sinovlari minglab insonlar taqdirini o‘zgartirib yubordi. Uzoq Sharqdan majburiy ko‘chirilgan koreyslar karvoni O‘zbekiston sari yo‘l oldi. Ular asosan Toshkent, Samarqand viloyatlari, Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘istonning chekka qishloqlariga joylashtirildi. O‘sha og‘ir damlarda o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va cheksiz insonparvarligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Boshpanasiz qolgan odamlarga issiq non berildi, uy to‘ridan joy ajratildi. Natijada koreys aholisi tez orada moslashib, o‘z qaddini tikladi. Millatimizning ulug‘vorligi va mehr-oqibati mana shunday murakkab damlarda bo‘y ko‘rsatdi.

Koreyslar azaldan mohir dehqon va mirishkor bog‘bon sifatida elga tanilgan. Ular dastlab Bekobod tumanida bir qancha yangi xo‘jaliklarga asos solishdi. Keyinchalik “Shimoliy yulduz” va “Do‘stlik” kabi yirik dehqonchilik maskanlari tashkil etildi. Oltmishinchi yillarda Amudaryo va Orolbo‘yining to‘qayzor qirg‘oqlarini o‘zlashtirishda ularning zahmatli mehnati beqiyos bo‘ldi. Ular tomonidan yaratilgan va parvarishlangan “Kenjo” sholi navi butun mintaqada dovrug‘ taratdi. Ayniqsa, tog‘ yonbag‘irlarida ekin sug‘orish uchun temir tirgaklar va tol qoplamasidan yasalgan nodir kashfiyot ko‘plab lalmi yerlarga hayot baxsh etdi. Bu yangilik mintaqada hosildorlikka yo‘l ochdi.

Koreys madaniyatini asrab-avaylash yo‘lida yurtimizda ulkan ishlar amalga oshirildi. 1937-yilda Xorazm viloyatida tumanlararo koreys teatri faoliyat boshladi. 1969-yildan esa “Kayagim” milliy ansambli o‘z san’atini namoyish eta boshladi. O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan koreys ziyolilari va mehnatkashlari talaygina. Ikki marta Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan Kim Pen Xva nomi hurmat bilan tilga olinadi. Olimlar Vyacheslav Em, Sergey Xan, musavvirlar Nikolay Shin, Nikolay Pak kabi ijodkorlar mamlakat ilm-fanini yuqori bosqichga olib chiqdi. Vladimir Shin va Olga Kim esa sportda zafar quchdi.

Tarixning murakkab yo‘llari ikki xalq taqdirini yagona makonda va mushtarak maqsad yo‘lida tutashtirdi. Bugungi kunda koreyslar O‘zbekistonning to‘laqonli va ajralmas bir qismiga aylangan. Ularning mehnatsevarligi, sadoqati va ilmga intiluvchanligi o‘zbek xalqining mislsiz bag‘rikengligi bilan uyg‘unlashib ketdi. 1989-yilda ularning soni bir yuz sakson uch mingdan oshgan edi. 2000-yilda esa bu ko‘rsatkich ikki yuz mingdan ortdi. Bu jarayon faqatgina o‘tmishning achchiq sabog‘i emas. Bu muazzam hodisa insoniy mehr-oqibatning yuksak namunasidir. Ushbu mushtarak hayot yo‘li kelajak avlodlar uchun tinchlik va hamjihatlikning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA