French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi inglizlar
07:58 / 2026-01-11

Buyuk Britaniya va O‘zbekiston jo‘g‘rofiy jihatdan bir-biridan minglab chaqirim uzoqlikda joylashgan. Biroq tarix charxpalagi bu ikki mintaqa vakillarini turli davrlarda o‘zaro to‘qnash kelishiga sababchi bo‘lgan.

O‘zbek zaminidagi inglizlar tarixi shunchaki sayyohlik yoki savdo aloqalaridan iborat emas. Bu o‘rinda siyosat, diplomatik munosabatlar va ilmiy izlanishlar yotibdi. Statistik ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yurtimizda doimiy yashagan inglizlar soni ko‘p bo‘lmagan. Masalan, 1926 yilda O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 20 nafar ingliz istiqomat qilgan. 1979 yilga kelib bu ko‘rsatkich 5 nafarni, 1989 yilda esa 9 nafarni tashkil etgan. Ammo bu raqamlar tarixiy jarayonlarning asl mohiyatini to‘liq ochib bera olmaydi. Chunki inglizlarning mintaqamizdagi izi son bilan emas, balki siyosiy va madaniy salmoq bilan o‘lchanadi.

Tarix sahifalarini varaqlaganda, eng avvalo, Amir Temur davridagi yuksak diplomatik aloqalar ko‘zga tashlanadi. Sohibqiron bobomiz nafaqat Sharq, balki G‘arb dunyosi bilan ham teng huquqli muloqot o‘rnatgan edi. Manbalarda Amir Temur va uning o‘g‘li Mironshohning G‘arbiy Yevropa hukmdorlari bilan yozishmalari haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud. Xususan, Angliya qiroli Genrix IV bilan olib borilgan diplomatik muloqotlar diqqatga sazovordir. Qirolning Amir Temur va Mironshohga yo‘llagan maktublari lotin tilida bitilgan. Amir Temurning javob xatlari esa fors tilida yozilgan. Bu muhim vazifani bajarishda Vatikan vakili arxiyepiskop Ioann va dominikanlik rohib Fransisk vositachilik qilgan. Bu dalillar o‘sha davrdayoq Samarqandning jahon siyosati markazlaridan biri bo‘lganini isbotlaydi. 

Keyingi asrlarda ham Tumanli Albion vakillarining Markaziy Osiyoga qiziqishi so‘nmagan. XVI asrda, aniqrog‘i 1558–1560 yillarda diplomat Antoniy Jenkinson bu hududlarga tashrif buyuradi. U Samarqand, Buxoro va Xorazm shaharlarida bo‘lib, qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Jenkinsonning kundaligi tarixchilarimiz uchun muhim manba hisoblanadi. Ushbu yozuvlar o‘sha davr muhiti, bozorlardagi narx-navo va ijtimoiy hayot haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, 1740 yilning fevral oyida rus kompaniyasi vakillari Jorj Tompson va Regnald Xogg Xiva va Buxoro tomon yo‘lga chiqadi. Ularning maqsadi savdo aloqalarini kengaytirish edi. Safar davomida ikkala vakil ham Xivaga yetib boradi. Biroq taqdir taqozosi bilan Buxoroga faqat Jorj Tompson qadam qo‘ya olgan.

XIX asr o‘rtalariga kelib, vaziyat o‘zgardi. Bu davrda “Katta o‘yin” deb nomlangan geosiyosiy raqobat kuchaygan edi. 1831–1833 yillarda Aleksandr Byorns Buxoroga safar qiladi va bu hudud haqida batafsil tavsifnoma yozadi. Asrning ikkinchi yarmida esa Turkiston o‘lkasida doimiy yoki vaqtincha yashovchi inglizlar paydo bo‘la boshladi. Ular orasida ingliz tili o‘qituvchilari, savdo firmalari vakillari, mehmonxona xizmatchilari va hatto guvernantkalar bor edi. Lekin ularning mahalliy aholi bilan munosabatlari silliq kechmagan. Bunga asosiy sabab diniy va madaniy tafovutlar edi. Shuningdek, Rossiya imperiyasi hukumati ham inglizlarning bu yerdagi faoliyatiga shubha bilan qaragan. Ularni doimiy nazorat ostida ushlashga harakat qilingan. Inglizlar ko‘proq rus harbiy amaldorlari va savdogarlari davrasida bo‘lishga majbur edi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘zbek zaminining betakror madaniyati sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan. 1884 yilda Samarqandga kelgan Genri Lensdell me’moriy obidalarimizga maftun bo‘lib qoladi. U Samarqand koshinlaridan namunalar olib ketishga muvaffaq bo‘lgan va buning uchun alohida minnatdorlik bildirgan. Zamondoshlarining xotiralarida bu voqea o‘z aksini topgan. 1899 yilda esa Gyunter va Ganberi xonimlar sayyoh sifatida o‘lkamizga tashrif buyuradi. Ular ham o‘z taassurotlarini qog‘ozga tushirgan. O‘lka general-gubernatori Vrevskiyning oilasida xizmat qilgan miss Gorn kabi shaxslar ham tarixda iz qoldirgan. Birinchi jahon urushi va fuqarolar urushi yillarida Turkistondagi ingliz missiyasi raisi Frederik Beylining faoliyati alohida tadqiqot mavzusidir.

“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, sovet hokimiyati yillarida O‘zbekistondagi inglizlar soni keskin kamaydi. Ularning asosiy qismi qatag‘onga uchradi yoki mamlakatni tark etdi. Ammo ayrim olimlar va madaniyat xodimlarining shajarasida ingliz qoni mavjud edi. Markaziy Osiyo arxeologiyasining darg‘asi, akademik Mixail Yevgenevich Masson bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Uning ota tomondan ajdodlari shotlandiyalik Meyssen, ona tomondan esa angliyalik S. Uayt xonim bo‘lgan. Masson butun umrini o‘zbek xalqining qadimiy tarixini o‘rganishga bag‘ishladi. U Samarqand, Termiz va Toshkentdagi qadimiy yodgorliklarni tadqiq etishda beqiyos xizmat ko‘rsatdi. Uning ilmiy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, o‘zbek zaminidagi inglizlar tarixi qiziqarli voqealarga boy. Bu munosabatlar diplomatik maktublardan tortib, ilmiy kashfiyotlargacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi kunda ham iqtisodiy va madaniy aloqalar yangi bosqichda davom etmoqda. Yurtimizga ingliz tili o‘qituvchilari, sayyohlar va ishbilarmonlar tashrif buyurmoqda. 

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA