Tarix sahifalarida ba’zan bir qarashda o‘zaro bog‘liqligi yo‘qdek tuyulgan xalqlar va makonlarning taqdiri g‘aroyib tarzda tutashadi. Shimoliy Yevropaning sovuq o‘lkalaridan bo‘lgan, o‘zini “suomalayset” deb atovchi finlar va quyoshli O‘zbekiston zamini o‘rtasidagi rishtalar ham ana shunday kutilmagan tarixiy burilishlar asosiga qurilgan.
Bu munosabatlar shunchaki insonlarning ko‘chib o‘tishi yoki savdo aloqalari bilan cheklanib qolmagan. Ushbu jarayon zamirida buyuk ajdodlarimizning qadimgi davlatchiligi va yozuv madaniyatini dunyoga tanitishga xizmat qilgan ilmiy kashfiyotlar ham yotibdi. Tarixiy manbalarga nazar tashlasak, XIX asr oxirlarida Turkiston o‘lkasida fin millatiga mansub vakillar barmoq bilan sanarli darajada kam bo‘lgan. O‘sha davrdagi Rossiya imperiyasi hududida finlar asosan g‘arbiy chegaralarda istiqomat qilgan bo‘lsa-da, taqdir taqozosi bilan ularning ayrim vakillari Osiyoning qoq markaziga kelib qolgan edi.
Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 1871 yilda Toshkent shahrida harbiy xizmatchilardan tashqari, atigi to‘qqiz nafar fin millatiga mansub fuqaro yashagan. Ular asosan kichik tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan tinch aholi vakillari edi. XX asr boshlariga kelib esa Toshkentga Viborgdan maxsus taklif bilan nonvoylarning chaqirilgani diqqatga sazovordir. Ular tayyorlagan mashhur kalava non (kalach)lar o‘sha davr shahar bozorlarida o‘z xaridorlarini topgan. Ammo finlarning O‘zbekiston tarixidagi eng muhim o‘rni ularning soni yoki kasb-kori bilan emas, balki amalga oshirgan ilmiy xizmatlari bilan o‘lchanadi. Gap shundaki, aynan fin tadqiqotchilarining sa’y-harakatlari tufayli turkiy xalqlarning qadimgi yozma yodgorlik namunalari fan olamiga ma’lum bo‘ldi.
Ushbu tarixiy voqea 1896–1897 yillarda sodir bo‘ldi. Turkiston arxeologiya havaskorlari to‘garagining faol a’zosi, asli fin millatiga mansub Vasiliy Kallaur mahalliy aholi yordamida Talas vodiysidan g‘aroyib toshlarni topishga muvaffaq bo‘ladi. Bu toshlardagi sirli belgilar o‘sha paytda ko‘pchilikni hayratga solgan edi. Topilma haqidagi xabar tez orada Yevropa ilmiy jamoatchiligiga yetib bordi va katta qiziqish uyg‘otdi. Fin-ugor jamiyati olimlari dastlab bu yozuvlarni o‘z ajdodlariga tegishli bo‘lsa kerak, degan taxminga borgan edilar. Shu maqsadda, 1898 yilning bahorida Talasga maxsus ilmiy guruh safarbar etildi. Uning tarkibida falsafa magistri G.I.Geykel, baron Muik va taniqli professor O.Donner kabi yetuk mutaxassislar bor edi.
Skandinaviyalik olimlarning izlanishlari zoye ketmadi va ular yana ikkita runiy bitikli toshni aniqlashga erishdilar. Ulardan biri 1899 yilda chuqur o‘rganish uchun Gelsingfors (hozirgi Xelsinki) shahriga olib ketildi. Tadqiqotlar natijasi kutilmagan va olamshumul yangilik bo‘ldi. Olimlar toshdagi bitiklarni o‘qishga muvaffaq bo‘lgach, ular finlarga emas, balki qadimgi turklarga tegishli ekanini bildirdilar. Bu kashfiyot tarixiy haqiqatni tiklashda muhim ahamiyatga ega edi. Chunki ushbu topilmalar qadimgi turkiy xalqlar yozuv madaniyati tarixida yangi sahifa ochdi. Taniqli sharqshunos S.G.Klyashtornыy keyinchalik bu yodgorliklarni chuqur tahlil qilib, ularning VIII asr o‘rtalariga oid ekanini va paleografik jihatdan mukammal bir tizimga egaligini ta’kidladi.
Tarix charxi aylanib, XX asrning 30-yillariga kelganda, finlarning O‘zbekistonga kelishi boshqacha, ancha ayanchli tus oldi. “O‘zbekistonning etnik atlasi” kitobida yozilishicha, 1935 yilning aprel oyida sobiq SSSRning shimoliy chegaralaridan “xavfsizlikka tahdid” degan soxta ayblov bilan 700 ga yaqin fin oilasi, jami uch mingga yaqin inson majburiy ravishda deportatsiya qilindi. Ularning aksariyati Toshkent viloyati hududiga joylashtirildi. Vatan judoligi va surgun azobini boshidan kechirgan bu insonlar uchun O‘zbekiston ikkinchi uyga aylandi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda surgun qilinganlarga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarning olib tashlanishi vaziyatni biroz yumshatdi. Ko‘plab fin yoshlari Toshkent va boshqa shaharlardagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ular mahalliy aholi bilan do‘stona munosabatda yashab, jamiyat hayotiga faol aralashib ketdilar. Yillar o‘tib, 1990-yillardagi o‘zgarishlar davrida ularning katta qismi tarixiy vatani bo‘lmish Finlyandiyaga qaytdi. Toshkent va Buxoro viloyatlarida istiqomat qilayotgan oz sonli fin vakillari o‘sha tarixiy jarayonlarning jonli guvohlaridir.
Xulosa o‘rnida aytganda, fin sayyohlari va olimlarining o‘zbek zaminiga qilgan safarlari shunchaki tasodif emas edi. Ularning eng katta xizmati – tuproq ostida yotgan tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarishga hissa qo‘shganlaridir. Ajdodlarimiz qoldirgan toshbitiklarning shimollik olimlar tomonidan topilishi va o‘qilishi, bizga o‘z o‘tmishimiz naqadar boy va qadimiy ekanini yana bir bor eslatadi. Bu voqealar silsilasi ilm-fan va ma’rifat chegara bilmasligini, millat tanlamasligini ko‘rsatuvchi saboqdir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA