Skandinaviyaning sovuq qoyalari va O‘rta Osiyoning jazirama cho‘llari orasidagi masofa minglab chaqirimni tashkil etadi. Bir qarashda, qadimgi vikinglar avlodi bo‘lgan daniyaliklar va Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida yashovchi o‘zbek xalqi o‘rtasida hech qanday umumiylik yo‘qdek. Ammo tarixning o‘ziga xos, ba’zan hayratlanarli mantig‘i bor. XIX asr oxirlarida global geosiyosiy o‘zgarishlar shamoli Yevropaning shimoliy qutbidan bir guruh taqdirlarni aynan bizning zaminimizga olib keldi. Xo‘sh, o‘zga madaniyat va o‘zga iqlim sharoitiga ega Turkiston o‘lkasiga kelgan bu insonlar kim edi?
Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilgach, o‘lkaga turli kasb egalari kela boshladi. 1871 yilgi tarixiy qaydlarga nazar tashlansa, yangi qiyofaga kirayotgan Toshkent aholisi orasida daniyaliklar ham bo‘lgan. Ular dastlab asosan ma’muriy boshqaruv tizimidagi amaldorlar sifatida ko‘zga tashlangan bo‘lsa-da, keyinchalik jamiyat hayotining muhim bo‘g‘inlariga kirib bordi. Shunday shaxslardan biri – 1883 yilda oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelgan Teodor Nilsendir. U shunchaki oddiy xizmatchi emas, balki Turkistonda pochta va telegraf aloqasini yo‘lga qo‘yishdek mashaqqatli ishning boshida turgan aloqachi edi. Aynan uning sa’y-harakatlari bilan o‘lkamiz axborot uzatish tarmog‘ining ilk rishtalariga bog‘landi. Uning nabirasi Vladimir Nilsen keyinchalik arxitektura fanlari doktori darajasiga yetib, yurtimiz me’morchiligi tarixini o‘rganish va rivojlantirishga hissa qo‘shdi.
Daniyaliklarning o‘zbek zaminidagi faoliyati faqat texnika sohasi bilan cheklanib qolmagan. O‘rta Osiyoning boy tabiati va qishloq xo‘jaligi salohiyati shimollik olimlarni ohanrabodek o‘ziga jalb etgan. Rixard Shreder nomi bugun nafaqat mutaxassislar, balki keng jamoatchilikka ham yaxshi tanish. Asli daniyalik bo‘lgan, taqdirini o‘zbek tuprog‘i bilan bog‘lagan bu zabardast agronom 1902 yil oxiridan boshlab Toshkent yaqinidagi qishloq xo‘jaligi stansiyasini boshqargan. U hayotining mazmunini “Shreder” nomi bilan mashhur g‘o‘za navini yaratishga va agrotexnikani takomillashtirishga bag‘ishladi. Uning ilmiy jasorati shunda ediki, u yot yurtda emas, o‘z Vatanida yurgandek mehnat qildi, o‘zbek dehqonining og‘irini yengil qilishga intildi.
O‘lka tarixi va madaniyatini dunyoga tanitishda ham daniyalik tadqiqotchilarning xizmatlari bor. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, 1896–1899 yillar oralig‘ida Daniya armiyasi leytenanti Ol Olyufsen boshchiligidagi ekspeditsiya a’zolarining Buxoro amirligiga safari g‘oyat sermahsul bo‘lgan. Ushbu safar davomida to‘plangan noyob ma’lumotlar G‘arb dunyosi uchun sirli Turon eshiklarini qayta ochdi. Olyufsen Kopengagendagi Milliy muzeyga 700 dan ortiq etnografik eksponatni topshirish bilan birga, yuzdan ortiq nodir fotosuratlarni meros qilib qoldirdi. Bu suratlarda XIX asr oxiridagi Buxoro aholisining turmush tarzi, milliy qiyofasi va me’moriy obidalari aks etgan. Olyufsenning 1911 yilda Londonda chop etilgan “Buxoro amiri va uning mamlakati” nomli asarida Ismoil Somoniy maqbarasining ilk ilmiy tavsifi berilganligi, o‘zbek me’morchiligi durdonalarining xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga xizmat qildi.
XX asr boshlariga kelib, mintaqamizda yashovchi daniyaliklar soni unchalik ko‘p emasdi. Ular siyosiy o‘yinlardan yiroq bo‘lib, asosan ilm-fan va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritdilar. Biroq 1917 yilgi inqilobiy bo‘hronlar davrida vaziyat keskin o‘zgardi. Shu yilning dekabrida Daniyaning Petrograddagi elchixonasi vakili kapitan A.Brun Toshkentga kelib, harbiy asirlar va qochqinlar holidan xabar oldi. O‘sha davrdagi beqarorlik va notinchliklar ko‘plab chet elliklarni o‘z vatanlariga qaytib ketishga majbur qilgan bo‘lsa-da, Nilsenlar va Shrederlar oilasi bundan mustasno bo‘ldi. Ular o‘zlari mehr qo‘ygan Toshkentda qolishni afzal ko‘rdilar. Bu qaror zamirida ularning o‘zbek xalqiga bo‘lgan cheksiz hurmati va bu zaminni o‘zlari uchun ikkinchi Vatan deb bilganliklari yotibdi.
Bugungi kunda tarixga nazar tashlar ekanmiz, o‘zbek zamini azaldan turli xalqlar va madaniyatlar tinch-totuv yashagan, ilm-ma’rifat qadrlangan makon bo‘lganiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Rixard Shreder kabi olimlarning fidokorona mehnati, Vladimir Nilsen loyihalashtirgan binolar, Ol Olyufsenning tarixiy fotosuratlari – bularning barchasi tariximizning bir bo‘lagidir. Bu tarixiy dalillar ajdodlarimizning bag‘rikengligi va ilmga bo‘lgan intilishidan saboq berishi shubhasiz.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA