Yevroosiyo qit’asining markaziy qismida asrlar davomida shakllangan etnomadaniy munosabatlar tarixi o‘zining ko‘p qirraliligi bilan ajralib turadi. Turkiy xalqlar oilasining o‘ziga xos vakili bo‘lgan chuvashlarning O‘zbekiston hududidagi ijtimoiy va madaniy jarayonlardagi ishtiroki ham ana shunday tarixiy bog‘liqliklarning yaqqol namunasidir.
Chuvashlar XV asrda qadimgi bulg‘orlar va O‘rta Volga bo‘yida istiqomat qilgan fin-ugor qabilalarining aralashuvi natijasida shakllangan etnos hisoblanadi. Ushbu xalq vakillari XV asrda tatar xonliklari ta’siri ostida bo‘lgan, XVI asr o‘rtalariga kelib esa Qozon xonligi hukmronligi davrini boshidan kechirgan. 1581-yilda Rossiya tarkibiga qo‘shilgan chuvash xalqi, garchi diniy e’tiqodiga ko‘ra nasroniylikning pravoslav oqimiga mansub bo‘lsa-da, til jihatidan turkiy tillar oilasining bulg‘or guruhiga kiradi. Bu omil ularning O‘rta Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbeklar bilan til va madaniyat borasida yaqinlashuvida muhim ahamiyat kasb etgan.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida dastlabki chuvash oilalari paydo bo‘la boshladi. O‘sha davrdagi tarixiy manbalarga ko‘ra, bu hududga ko‘chib kelgan chuvashlar asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi mehnatkashlar edi. 1897-yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari tahlil qilinganda, Samarqand viloyatida atigi 71 nafar chuvash millatiga mansub fuqaro istiqomat qilgani ma’lum bo‘ladi. O‘sha davrda chuvash xalqi orasida savodxonlik darajasi past bo‘lgan. Biroq keyingi tarixiy bosqichlarda O‘zbekiston hududi ushbu etnos vakillari uchun nafaqat yashash manzili, balki ma’rifiy yuksalish makoniga aylandi.
O‘zbekistonda chuvash diasporasining asosiy shakllanish davri o‘tgan asrning 20-yillari oxiri va Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarga to‘g‘ri keladi. Turkiston harbiy okrugida xizmat qilgan ko‘plab chuvash harbiylari xizmat muddati yakunlangach, doimiy yashash uchun shu zaminda qolishga qaror qilganlar. Bu qarorning qabul qilinishida bir nechta muhim omillar mavjud edi. Birinchidan, o‘zbek va chuvash xalqlari o‘rtasidagi til yaqinligi muloqotni osonlashtirgan. Ikkinchidan, milliy liboslardagi o‘xshashliklar va pazandachilik an’analaridagi uyg‘unlik mahalliy aholi bilan tez aralashib ketish imkonini bergan. Uchinchidan, o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari o‘zga yurtdan kelgan insonlarning bu yerda o‘zlarini begona his qilmasliklari uchun zamin yaratgan.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan yirik iqtisodiy loyihalarda chuvash millatiga mansub mutaxassislarning ishtiroki salmoqli bo‘lgan. Tabiatan dehqonchilikka mohir bo‘lgan bu xalq vakillari 1950–1960-yillarda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishda faol qatnashganlar. Shuningdek, Mirzacho‘l hududlarini obodonlashtirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ularning mehnati alohida qayd etilgan. O‘zbekiston energetika tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblangan Chorvoq GES qurilishida ham chuvash quruvchilari va muhandislari fidokorona mehnat qilganlar. 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng poytaxtni qayta tiklash ishlarida ham ularning hissasi katta bo‘lgan.
O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi chuvash diasporasining ijtimoiy tarkibi yillar davomida tubdan o‘zgardi. Agar asr boshida savodxonlik darajasi past bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston muhitida voyaga yetgan ikkinchi va uchinchi avlod vakillari oliy ma’lumotga ega bo‘lib, ilm-fanning turli sohalarida yutuqlarga erishdilar. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da qayd etilishicha, sharqshunos olim, tarix fanlari doktori M.G.Pikulin va filologiya fanlari nomzodi L.V.Danilova kabi ziyolilarning yetishib chiqishi buning yaqqol isbotidir. 1959-yilda O‘zbekistonda 4 ming nafar, 1970-yilda 7 ming nafar, 1979-yilda 9389 nafar va 1989-yilda 10074 nafar chuvash millati vakillari istiqomat qilgani haqidagi statistik ma’lumotlar diasporaning o‘sish sur’atlarini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda turli millat va elat vakillarining ahil-inoq yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tarixiy manbalar va dalillar shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek zamini har doim o‘z bag‘rida yashagan xalqlar uchun tinchlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelgan. Chuvash xalqining O‘zbekistondagi tarixi va hayot yo‘li ham xalqimizning tolerantlik va insonparvarlik tamoyillariga sodiqligining yana bir amaliy ifodasidir.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA