Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi chexlar
07:32 / 2026-02-06

O‘zbekiston tarixini o‘rganish jarayonida shunday o‘ziga xos hodisalarga duch kelamizki, ular xalqimizning azaliy bag‘rikengligi va jahon madaniyati bilan uzviy aloqalarini yaqqol namoyon etadi. Ana shunday e’tiborga molik tarixiy faktlardan biri – XIX asr oxiri va XX asr boshlarida o‘lkamiz ijtimoiy-madaniy hayotida chex millatiga mansub mutaxassislarning ishtirokidir.

Son jihatdan unchalik katta bo‘lmagan bu diaspora vakillari O‘zbekiston musiqa san’ati, shaharsozligi va fan rivojiga o‘zlarining sezilarli hissasini qo‘shganlar. 

Dastlabki madaniy aloqalarning tamal toshini qo‘ygan shaxslardan biri musiqachi V.V.Leysek hisoblanadi. XIX asrning 80-yillarida Turkiston o‘lkasiga kelgan bu mutaxassis mahalliy xalq ohanglarini chuqur o‘rganib, ularni ilk bor Yevropa nota tizimiga soldi. Uning 1890 yilda nashr etilgan “Osiyo popurrisi” to‘plami o‘zbek, qirg‘iz va tatar kuylarini G‘arb dunyosiga tanishtirishda muhim vosita bo‘ldi. Leysek nafaqat kuzatuvchi, balki targ‘ibotchi sifatida ham faoliyat yuritib, Toshkentda xor san’atining shakllanishiga asos soldi va keyinchalik Yevropada o‘zbek musiqasi yangragan ilk konsertlarni tashkil etdi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, XX asr boshlarida Turkistonda istiqomat qiluvchi chexlar soni ellik nafarga yaqin bo‘lib, ularning aksariyatini ziyolilar tashkil etgan. Birinchi jahon urushi yillarida esa o‘lkaga harbiy asirlar va qochoqlar sifatida kelgan chexlar hisobiga bu ko‘rsatkich ortdi. E’tiborli jihati shundaki, harbiy asir maqomida bo‘lishiga qaramay, chex ofitserlari va san’atkorlariga o‘z iqtidorini namoyon etish uchun imkoniyat yaratilgan. Xususan, 1915 yilda Toshkentda tashkil etilgan simfonik orkestr tarkibining asosiy qismini dirijyor F.Sedlyachek boshchiligidagi chex musiqachilari tashkil etgani, o‘sha davrdagi madaniy muhitning rang-barang bo‘lganidan dalolat beradi.

O‘lkadagi siyosiy o‘zgarishlar davrida ham chex diasporasi vakillari chetda turmadilar. 1918 yilda Qo‘qon shahrida qirqdan ortiq chex va slovak millatiga mansub shaxslar yangi ijtimoiy jarayonlarda faol qatnashdilar. E.F.Kujelo va temiryo‘lchi Sobchek kabi faollar shular jumlasidandir. 1920-yillarda asirlarni vataniga qaytarish jarayoni boshlanganda, ko‘pchilik o‘z yurtiga qaytishni ixtiyor etdi. Biroq, o‘zbek zaminidagi samimiy muhit va insoniylik munosabatlari ayrim mutaxassislarni shu yerda qolishga undadi. Buxoro va Amirobodda mehnat qilgan Vyacheslav Elsnerning Vataniga qaytib ketgach ham O‘zbekistonni qo‘msab yozgan maktublari bu fikrning yorqin isbotidir.

Poytaxtimiz Toshkentning me’moriy qiyofasini shakllantirishda chex me’morlarining xizmati alohida. Hukumat taklifi bilan Toshkentga qaytgan va shu yerda muqim qolgan me’mor Yaroslav Gaazenkopf hamda uning izdoshi bo‘lgan qizi O.Ya.Gaazenkopfning mehnatlari tahsinga sazovor. Bugungi kunda aholi gavjum bo‘lgan Chilonzor tumanidagi ilk ko‘p qavatli uy-joy majmualarining loyihalashtirilishida aynan O.Ya.Gaazenkopfning mualliflik ishtiroki borligi, ushbu sulolaning shaharsozlik tariximizdagi o‘rnini belgilab beradi. Shuningdek, muzey ishi va numizmatika sohasida mutaxassis Avgust, tibbiyot sohasida harbiy shifokor Dubinchik kabi ziyolilar ham o‘z kasbiy mahorati bilan xalqimizga xizmat qilganlar.

Xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik fazilatlari mashhur bakteriolog olim A.D.Grekov xotiralarida ham o‘z aksini topgan. Urush yillarida harbiy gospitalda asirlarni davolagan bu shifokor, Anton Anjlovar ismli chex asirining hayotini saqlab qolgan. Minnatdorlik ramzi sifatida hadya qilingan buyumlar va keyinchalik Grekovning: “Ularning ko‘pi Toshkentda qolib, biz bilan do‘st bo‘lib yashadi”, deya yozgan iliq xotiralari millatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari siyosiy ziddiyatlardan ustun ekanini ko‘rsatadi.

“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi ilmiy-adabiy aloqalar rivojida XX asrning 30-yillarida yurtimizda yashab ijod qilgan yozuvchi Yulius Fuchik hamda taniqli geograf olim Vladimir Ratsekning xizmatlari beqiyos. Yu.Fuchikning o‘lkamiz haqidagi ocherklari va V.Ratsekning tog‘ tizimlarini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlari bugun ham o‘z qiymatini yo‘qotmagan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, 1989 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistondagi chexlar soni yuz nafarga yetmagan bo‘lsa-da, bu kichik etnik guruhning madaniy merosimizga qo‘shgan hissasi salmoqlidir. Musiqadan tortib me’morchilikgacha, tibbiyotdan tortib fundamental fanlargacha bo‘lgan sohalarda qoldirilgan izlar O‘zbekiston zamini azaldan turli xalqlar va madaniyatlar uchun tinchlik hamda ijodiy hamkorlik makoni bo‘lib kelganini yana bir bor tasdiqlaydi. 

Alisher Egamberdiyev, O‘zA