French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi boshqirdlar
09:27 / 2026-02-27

To‘qqizinchi asr boshlarida arab sayyohi va elchisi Ahmad ibn Fadlan Orol va Kaspiy dengizlari oralig‘idagi turkiy qavmlarni chuqur o‘rganadi. U o‘z bitiklarida ushbu hududda yashovchi boshqirdlar haqida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Bu oddiy tarixiy qaydlar emas. Ushbu dalil ko‘hna Turon zamini ming yillar davomida turli xalqlarning shakllanish o‘chog‘i bo‘lganini yaqqol tasdiqlaydi. Qadimgi boshqird elatining ildizlari bevosita Markaziy Osiyo, Sayan-Oltoy tog‘lari va Janubiy Sibir hududlari bilan chambarchas bog‘liq. Ular uzoq vaqt davomida keng dashtlarda hayot kechirgan. Keyinchalik bu qavmlar Ural tog‘lari bag‘riga borib o‘rnashgan.

Tarixchi va elshunoslar boshqird xalqining kelib chiqishi qoraqalpoqlarga juda yaqin ekanini qayd etishadi. Ko‘plab boshqird urug‘larining qadimiy rivoyatlarida ularning ajdodlari Sirdaryoning quyi oqimi, Xorazm va Buxorodan ko‘chib borgani aytiladi. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da qayd etilishicha, ushbu qondoshlik ularning og‘zaki ijodida ham yorqin namoyon bo‘ladi. Mashhur “Alpomish”, “Uralbotir”, “Oqbo‘zot” kabi qahramonlik dostonlari ikki xalqning mushtarak ruhiyatidan darak beradi. Ular turkiy tillarning ohangdor qipchoq shevasida so‘zlashadi. Shuningdek, o‘n ikki yillik muchal taqvimi va islom dinining sunniylik oqimi xalqlarimizni ruhan birlashtirib turadi. Islom dinining kirib kelishi bilan Turonda ta’lim olgan din vakillari ularning e’tiqodini mustahkamlashga xizmat qilgan.

XIX asrga kelib bu qadimiy munosabatlar siyosiy diplomatiya darajasiga ko‘tarildi. Rossiya imperiyasi hukumati Xiva xonligi bilan murakkab muzokaralar olib borishda aynan boshqird vakillaridan foydalangan. Ular til va madaniyatdagi yaqinlik tufayli Markaziy Osiyo xalqlari bilan tez til topisha olgan. 1819-yilgi rasmiy elchiliklarga boshqird oqsoqoli S.Abubakirov rahbar etib tayinlanishi bejiz emas edi. Asrning ikkinchi yarmida esa Turkiston o‘lkasiga minglab boshqirdlar ko‘chib kela boshladi. Ular asosan serqatnov bozorlarda tarjimon, temir yo‘l qurilishida ishchi sifatida mehnat qildi. XX asr boshlariga kelib o‘n sakkiz minglik diaspora shakllandi.

O‘tgan asr boshlarida boshqird o‘lkasi iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha orqada qolgan edi. 1921-yilgi matbuot sahifalarida ularning chorvador ham, dehqon ham emasligi yozilgan. Turkiston o‘lkasida esa ular uchun go‘yoki yangi najot eshigi ochildi. O‘zbek zaminida ularning huquqlarini himoya qiluvchi maxsus milliy byuro tashkil etildi. Joylarda ona tilidagi maktablar, madaniyat o‘choqlari va ishchi klublari faoliyat boshladi. Hatto sud ishlari ham ularning o‘z tilida olib borildi. 

Ikkinchi jahon urushining qonli janggohlarida boshqird yigitlari o‘zbeklar bilan yonma-yon turib mardonavor jang qildilar. Yangiyo‘llik paxtakor M.Ahmedov va samarqandlik ishchi G.Murzagalimovlar ko‘rsatgan jasorati uchun Qahramon unvoniga sazovor bo‘ldilar. Tinchlik davrida O‘zbekistondagi boshqirdlar soni muttasil oshib bordi. 1926-yilda ularning soni yetti yuz oltmish besh nafar edi. 1989-yilga kelib bu ko‘rsatkich o‘ttiz to‘rt mingdan oshdi. 

O‘zbek zamini ko‘plab boshqird olimlari va jamoat arboblariga o‘z bag‘rini ochdi. Mashhur tarixchi va siyosatchi Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on aynan shu muqaddas zaminda teran ilmiy izlanishlar olib borgan. Geologiya fanlari doktori O.Islomov va yetuk filolog olim A.Ishayevlar ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shdi. O‘qituvchi Kamita Bilalovaning taqdiri esa iroda va matonatning yorqin timsolidir. Turmush o‘rtog‘idan ayrilgan bu ayol 1944-yilda murg‘ak farzandlari bilan Sirdaryodagi Boyovut xo‘jaligiga keladi. U qiyinchiliklarga qaramay uzoq vaqt maktab direktori bo‘lib ishlaydi. Uning o‘g‘li Anvar Bilalov esa keyinchalik mashhur arxeolog olim bo‘lib yetishdi.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan boshlab boshqirdlarning o‘z tarixiy vataniga qaytish jarayoni boshlandi. Ammo ular tariximiz sahifalarida o‘zlarining yorqin va o‘chmas izlarini qoldirdilar. Zero, bu tabarruk zamin shunchaki yashash manzili emas, balki butun boshli millatlarni o‘z bag‘riga olgan muqaddas ma’rifat o‘chog‘idir. Boshqird diasporasining tarixi xalqimizning naqadar olijanob ekanini yana bir bor isbotlaydi. 

Alisher Egamberdiyev, O‘zA