Surxondaryoning qaynoq qumi ostidan topilgan qadimiy ibodatxona qoldiqlari ko‘pchilikni hayratga soldi. Eski Termiz xarobalarida VII– VIII asrlarga oid nasroniylik inshooti qad ko‘tarib turardi. Ushbu yodgorlik mahalliy me’morchilik an’analaridan butunlay farq qilardi. Bino kavkazlik ustalarning cherkov qurish qoidalari asosida tiklangan edi. Bu topilma oddiy toshlar yig‘indisi emasdi. U buyuk o‘zbek zamining asrlar davomida turli xalqlar uchun tinchlik va omonlik beshigi bo‘lganini tasdiqlovchi yana bir tarixiy dalildir. Qadimdan Turon o‘lkasi madaniyatlar va taqdirlar tutashgan ulug‘vor zamin vazifasini o‘tagan.
Ushbu xalq vakillarining mintaqaga kirib kelishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Eramizning III va IV asrlarida Rim imperiyasi hududida quvg‘inga uchragan nasroniylar Sharqdan panoh izladi. Ilk bor o‘z e’tiqodini rasmiy din sifatida qabul qilgan armanlar ham Eron va Turon sari yo‘l oldi. Ushbu holatga Buyuk Ipak yo‘lidagi qizg‘in savdo aloqalari ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘plab kavkazlik savdogarlar shu bahonada bu zaminga kirib keldi. Ayrimlar karvonlar ortidan kelib, shu yerda butunlay qolib ketdi. Hatto 599 yilda Eron shohi arman sarkardasi Smbat Bagratunini qo‘shinga bosh qilib, Turonga jo‘natadi. U bir qancha g‘alabalarga erishib, Turkistonning bir qismida noiblik qilgani tarixdan ma’lum.
Buyuk Sohibqiron Amir Temur davrida davlatning yuksalishi mintaqada yangi uyg‘onish davrini boshlab berdi. Qudratli hukmdor o‘z poytaxti Samarqandni dunyoning eng go‘zal shahriga aylantirishni niyat qilgan edi. Shu maqsadda u ko‘plab mohir binokorlar, zargarlar, qurolsozlar va toshtaroshlarni yurtga jalb etdi. Kavkazning janubi-g‘arbiy qismidan ko‘chirib keltirilgan minglab oilalar Turonning bunyodkorlik ishlariga o‘z hissasini qo‘shdi. Ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo o‘z kundaliklarida Samarqanddagi arman hunarmandlarining mahoratini alohida qayd etgan. Ular bilan birga ruhoniy Karapet Jugayetsi ham kelib, mahalliy nasroniylarga rahnamolik qildi. Mirzo Ulug‘bek davrida esa ularning bir qismi islom dinini qabul qildi.
“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, XIX asrning o‘rtalariga kelib, tarixiy vaziyat o‘zgardi. Rossiya imperiyasining Turkistonni bosib olishi natijasida o‘lkaga yangi ko‘chib keluvchilar oqimi oshdi. Zangezur, Qorabog‘ va G‘arbiy Armanistondan kelgan erkaklar asosan temir yo‘l qurilishida qatnashdi. Krasnovodsk va Samarqand oralig‘idagi bekatlar, ko‘priklar va binolarni tiklashda kavkazlik ustalarning mehnati asqotdi. Ayni paytda, rus zobitlari mahalliy aholi tilini tushunmagani sababli tarjimonlarga muhtoj edi. Fors va turk tillarini yaxshi bilgan armanlar tezda bu vazifani egallab, avvalgi vositachilarni siqib chiqardi.
Dastlabki paytlarda mustamlakachi ma’muriyat bu ko‘chib kelish jarayonini ochiq qo‘llab-quvvatladi. Rus matbuoti yangi ko‘chib kelganlarning iqtisodiy va madaniy hayotdagi muhim o‘rnini maqtab yozardi. Biroq, tez orada manzara o‘zgardi. Toshkent, Farg‘ona va Zarafshon vodiysi shaharlarida chaqqon savdogarlarning ko‘payishi ruslarni xavotirga sola boshladi. Boshqaruvchilar ushbu uddaburon savdogarlar mahalliy iqtisodiyotdan rus unsurini surib chiqarishidan qo‘rqib, cheklovlar o‘rnatdi. Shunga qaramay, ularning soni muttasil oshib bordi. Birgina Farg‘ona viloyatining o‘zida ham ularning soni muttasil oshdi. 1913-yilga kelib, ushbu hududda yashovchi armanlar safi uch ming kishidan oshib ketdi.
XX asr boshlariga kelib, mazkur millat vakillarining ijtimoiy hayoti yanada jonlandi. Sobiq sovetlar hukmronligi yillarida bu yerda yashovchi armanlar soni ellik mingdan oshib ketdi. Ular o‘zbek diyorining madaniy va ma’rifiy yuksalishiga hissa qo‘shdi. Mashhur raqqosa Tamaraxonim, mohir mussavvirlar Oganes Tatevosyan va Nikolay Karaxan nomlari yurtimiz solnomasiga muhrlandi. Musiqashunos Ashot Petrosyans esa o‘zbek xalq cholg‘ularini qayta ishlab, maxsus jo‘rnavozlar guruhini tuzdi. Ilm-fan sohasida ham olimlar yetishib chiqdi.
XX asr oxirlarida turli sabablarga ko‘ra ularning bir qismi o‘z tarixiy vataniga yoki boshqa davlatlarga ko‘chib ketdi. Biroq, asrlar davomida kechgan bu hayotiy manzara bizga muhim bir haqiqatni so‘zlaydi. O‘zbek davlatchiligi hech qachon yopiq yoki ayirmachi bo‘lmagan. Ajdodlarimiz o‘z bag‘riga kelgan har bir insonga mehr bergan. Ularning iste’dodini ulug‘vor maqsadlar yo‘lida birlashtira olgan. Turli elatlarning bu muqaddas zamindagi faoliyati xalqimizning naqadar bag‘rikeng va buyuk o‘tmishga ega ekanini isbotlaydi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA