Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdirlar chorrahasi: O‘zbek zaminidagi ispanlar
11:13 / 2026-01-04

O‘rta asrlarda Yevropa va Osiyoni bog‘lab turgan karvon yo‘llari shunchaki savdo tarmog‘i emas, balki madaniyatlar muloqotining jonli ko‘prigi vazifasini o‘tagan.

Andalusiya bozorlarida jaranglagan xorazmlik savdogarlarning ovozi yoki Amir Temur saltanatiga tashrif buyurgan kastiliyalik elchilarning hayrati tarix qatlarida chuqur iz qoldirgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi ispanlar soni barmoq bilan sanarli bo‘lsa-da, ularning o‘zbek zamini bilan bog‘liq tarixi raqamlardan ko‘ra ancha teran va dramatik voqealarga boydir.

Tarix zarvaraqlariga nazar tashlasak, ikki xalq o‘rtasidagi ilk rishtalar Buyuk Ipak yo‘lining gullab-yashnagan davrlariga borib taqaladi. Xorazmlik savdogarlar o‘z tovarlari bilan Pireney yarimoroligacha yetib borganliklari haqida ma’lumotlar mavjud. Biroq diplomatik aloqalarning eng yorqin sahifasi 1403–1405 yillarda ochildi. Kastiliya va Leon qiroli Don Enrike III ning elchisi Rui Gonzales de Klavixoning Amir Temur saltanati poytaxti Samarqandga tashrifi va uning O‘rta Osiyo shaharlari haqida qoldirgan mukammal yozma xotiralari bugungi kungacha tarixchilar uchun qimmatli manba hisoblanadi. Afsuski, keyingi asrlarda bu aloqalar uzilib qoldi va faqat XX asr boshlariga kelibgina Turkiston o‘lkasida sanoqli ispanlar istiqomat qilgani ma’lum.

O‘zbek va ispan xalqlari taqdirining qayta tutashuvi XX asrning eng fojiali sahifalaridan biri – urush va siyosiy to‘qnashuvlar bilan bog‘liq. 1930-yillarda Ispaniyada fuqarolar urushi avj olishi minglab bolalarning taqdirini o‘zgartirib yubordi. Ispan respublikachilarining farzandlari xavfsizlik maqsadida SSSR hududlariga, jumladan, O‘zbekistonga ham evakuatsiya qilindi. Taniqli san’atshunos Lyubov Avdeyevaning xotiralariga ko‘ra, urushdan oldingi yillarda Toshkentda maxsus “Ispan bolalari uyi” faoliyat yuritgan. Bu maskan nafaqat boshpana, balki kichik ispanlar uchun ikkinchi Vatanga aylangan edi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganda esa bu jarayon yangi bosqichga ko‘tarildi. Tarixchi olimlar Lyudmila Jukova va Yuriy Buryakovlarning ma’lumotlariga ko‘ra, 1940 yilda Samarqanddagi so‘lim “Og‘aliq” sanatoriysida ispan bolalari Xose Adirigi boshchiligida dam olgan bo‘lsalar, urushning eng og‘ir pallalarida Leningraddagi (hozirgi Sankt-Peterburg) ispan bolalar uyi to‘liq tarkibda Samarqandga ko‘chirildi. Ushbu bolalar ulg‘aygach, ko‘pchiligi O‘zbekistonni tark etmadi. Ular Toshkent qishloq xo‘jaligi mashinalari zavodi (“Tashselmash”) kabi yirik zavodlarda, yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalarida hamda qishloq xo‘jaligida mehnat qilib, mamlakat rivojiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Ularning taqdiri o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va mehmondo‘stligining yorqin dalilidir.

“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, bu madaniy integratsiya san’at olamida ham o‘z aksini topdi. Mashhur san’atkor Tamaraxonim urush yillarida frontda ilk bor ispan qo‘shiqlarini ijro etganini ko‘pchilik biladi, ammo bu qo‘shiqlarni unga Toshkentdagi qo‘shnisi va dugonasi Ameliya Kamayro o‘rgatganidan xabardorlar oz. Shuningdek, 1976 yilda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida sahnalashtirilgan “Ispan miniatyuralari” balet-spektaklining postanovkachisi, Belorussiyada xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi Viapa Gomeye de Fonssa Xerarro aynan Toshkentdagi ispan bolalar uyining tarbiyalanuvchisi edi. Bu faktlar shunchaki tarixiy ma’lumot emas, balki qalblarning uyg‘unlashuvidan dalolat beradi.

Ispanlarning O‘zbekiston ilm-fani, xususan, arxeologiya rivojiga qo‘shgan hissasi haqida gap ketganda, arxeolog Duke Xuan Ibarrechening nomini alohida e’tirof etish lozim. 1929 yilda Bilbaoda tug‘ilib, 1937 yilda SSSRga olib kelingan Xuanning hayot yo‘li haqiqiy matonat maktabidir. Moskva davlat universitetini tamomlagach, 1955 yilda taqdir uni O‘zbekistonga yetakladi. U dastlab Buxoro tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyida, so‘ngra O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Tarix va arxeologiya institutida, keyinchalik Samarqanddagi Arxeologiya institutida samarali faoliyat yuritdi.

Hamkasblari uni biroz kamgap, ammo ekspeditsiya jarayonida o‘ta mehnatkash va dala sharoitidagi qiyinchiliklarga chidamli inson sifatida xotirlaydilar. U qadimiy tarixning ko‘z ilg‘amas izlarini ham sinchkovlik bilan o‘rganar edi. Umrining so‘nggi yillarida u Ispaniyaga, o‘z qarindoshlarini ko‘rishga borib turar, lekin uning e’tiroficha, jonajon O‘zbekistonni, ekspeditsiyalardagi qaynoq hayotni qattiq sog‘inib, tezda ortga qaytardi. Arxeolog dala tadqiqotlaridan qaytib, dam olishga chiqqan paytida olamdan o‘tdi, biroq o‘zidan boy ilmiy meros qoldirdi.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi ispan diasporasi son jihatidan kichik bo‘lsa-da, ularning tarixi xalqlarimiz o‘rtasidagi insoniylik rishtalarining naqadar mustahkamligini ko‘rsatadi. Uzoq Andalusiyadan Samarqand va Buxoro tuproqlarigacha cho‘zilgan bu yo‘l – faqat jug‘rofiy masofa emas, balki mehr, oqibat va umuminsoniy qadriyatlarning zamon va makon tanlamasligiga isbotdir. Xuan Ibarreche kabi olimlar yoki urush bolalarining taqdiri O‘zbekiston tarixining ajralmas, o‘ziga xos va ta’sirli qismi bo‘lib qolaveradi.

A.Egamberdiyev, O‘zA